O’tgan shanba kuni Turkiyaning Rayhonli shahrida 40 dan ziyod odamning hayotiga zomin bo’lgan portlashda Anqara Suriya hukumatini aybdor sanab, bunga qanday javob choralari ko’rish masalasini muhokamaga qo’ygan edi. Ammo Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’on AQSh prezidenti Obamadan so’roqsiz biror bir ishga qo’l urishi favqulodda holat hisoblanadi. Shuning uchun bu borada bir qarorga kelish maqsadida Erdo’g’on 16 may payshanba kuni AQShga yo’l oldi.
Turkiya Bosh vaziri Voshingtonga yo’l olishidan avval Obama bilan gaplashadigan asosiy mavzu Suriya masalasi bo’lishini ochiq aytdi. U Suriya bo’hronidan boshqa davlatlarga qaraganda Turkiya ko’proq zarar ko’rayotganiga ishora qildi.
Tahlilchilarning fikricha Erdo’g’on Obamadan Suriya prezidenti Bashar Asad rejimini ag’darish uchun Damashqqa qarshi keskinroq chora ko’rishni so’rashi kutilmoqda.
Istanbuldagi “Yedam” tahlil instituti rahbari Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiya bosh vaziri Obamani Suriya masalasida faolroq bo’lishga, masalan, Suriya harbiy samolyotlari parvozini taqiqlashga chaqirishi mumkin.
“Shundagina kuchlar muvozanati yuzaga keladi, isyonchilar kuchayadi. Erdo’g’on Turkiya ham bu mojaroga tortilishi mumkinligidan xavotirda”, – deydi tahlilchi.