Germaniyaning Myunxen shahrida xavfsizlik masalalariga bag’ishlangan yillik xalqaro anjuman bo’lib o’tmoqda. Hafta boshida Suriya muxolifati etakchisi Muoz al-Xatib prezident Bashar Asad bilan muzokara qilishga tayyor ekanini aytgan edi. Bu yig’inda AQSh vitse-prezident Jo Bayden, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va BMT-Arab Ligasi maxsus vakili Laxdar Brahimiy ham ishtirok etmoqda. Bayden va Lavrov yuzma-yuz muloqot olib borgan. Global masalalar yuzasidan ikki davlat birga ishlashga majbur ekani qayd etilgan. Lekin Bayden inson huquqlari va demokratik qadriyatlar bobida Rossiya bilan kelishish qiyin ekanini tan olgan.
Brahimiy nazarida Suriya fuqaro urushi domida. Muxolif kuchlar va hukumat kurashdan to’xtamas ekan, bu davlat daqiqa sayin jar yoqasiga yaqinlashmoqda, deydi Myunxenda yig’ilgan arboblar. BMT ta’biricha ikki tomon ham murosa qilishga majbur, agar maqsad Suriyani davlat va xalq sifatida saqlab qolish bo’lsa.
Turkiya esa BMTni Suriya bo’yicha rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdi. 3 fevral kuni anjumanda so’zlagan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovut o’g’li BMT Suriya hukumatidan Aleppo, Homs, Hama va boshqa shaharlar aholisiga insonparvarlik yordamlari olib borishga ruxsat berishini talab qiladigan rezolyutsiya qabul qilishi kerakligini aytdi. Dovut o’g’li BMT rezolyutsiyasi Suriya hukumatidan shaharlarni bombardimon qilishni darhol to’xtatishi kerakligini ham talab qilishi lozim ekanini qo’shimcha qildi.
Ayni paytda minglagan namoyishchilar qor-yomg’ir va havoning qattiq sovuqligiga qaramay, Myunxen ko’chalarini to’ldirib yuborishdi. Ular olamdagi NATO urushi va G’arbning harbiy aralashuvini tanqid qilishib, Myunxendagi xavfsizlik masalalariga bag’ishlangan yillik xalqaro anjumanni rad qilib chiqishdi. Namoyishchilar NATOni tarqatib yuborish talab qilingan va Germaniya harbiylarini xorijiy amaliyotlarda ishtirok etishini hamda Frantsiyani Maliga qilgan hujumini qattiq tanqid qiladigan lozunglarni ko’tarib olishgan edi.