Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorlikda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazadi

645
0

Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorlikda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazadi

Oʻzbekiston va Tojikiston harbiylari sentyabrning 2-oʻn kunligida Namangan viloyatidagi “Gʻurumsaroy” poligonida birgalikda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazadilar.

“Xovar” axborot agentligiga Tojikiston mudofaa vaziri matbuot xizmati boshligʻi Orif Nozimiyonning xabar berishicha, mashgʻulotlar “Markaz-2019” strategik qoʻmondonlik-shtab mashgʻulotlari doirasida boʻlib oʻtadi. Ikki davlat harbiylari mintaqada xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha vazifalarini bajarishadi.   

Mashgʻulotlar davomida qoʻshinlarning xalqaro terrorchilikka qarshi kurashdagi oʻzaro harakatlanishi hamda razvedka-qidiruv va mudofaa harakatlarini olib borish malakalari mashq qilinadi.

Avgustda ikki davlat harbiylari togʻli hudud sharoitida aksilterrrorchilik mashgʻulotlari oʻtkazishgandi. Mashgʻulotlar Tojikiston va Fargʻona vodiysi hududlarida boʻlib oʻtgan.

 Izoh: Maʼlumki, soʻnggi vaqtlarda Rossiya rahbariyati, xususan, harbiy amaldorlar va harbiy ekspertlar tomonidan Afgʻoniston vahimasini boʻrttirib koʻrsatish harakatlari olib borilmoqda. Ular goh Turkmaniston chegarasida bir necha ming kishilik jangarilar toʻplangani haqida maʼlum qilishsa, goh Tojikiston chegarasi atrofida vaziyat notinch ekanligiga urgʻu berishyapti.

 Shu kabi bahonalar bilan joriy yil boshida Rossiya mudofaa vazirligi Tojikiston va Qirgʻizistondagi harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligini oshirishini maʼlum qilgandi.

 2019-yilning aprel oyida Bishkekda boʻlib oʻtgan ShHTga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari yigʻilishida ishtirok etgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu, “Bu maqsadlarda Tojikiston va Qirgʻizistondagi Rossiya harbiy bazalarining jangovar tayyorgarligini oshiramiz, ularning krizis holatlariga shaylik salohiyatini mustahkamlaymiz”,- dedi.

 Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi jangovar xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan “Markaz-2019” oʻquv mashqlari oʻtkazilishi rejalashtirilganini, mashqlarga ShHT davlatlarining barcha harbiy kontingentlari taklif etilishini maʼlum qilgan edi.

 Rossiyaning sobiq mustamlakalariga siyosiy va iqtisodiy taʼsir koʻrsatishlari zaiflashib ketgan. Saqofiy taʼsiri ham tobora zaiflashib bormoqda. Shuning uchun ham rus rahbariyati Afgʻoniston vahimasini boʻrttirib koʻrsatish orqali, bu mintaqani goʻyoki “Tolibon” va “IShID”dan himoya qilmoqchi boʻlib, Markaziy Osiyoda harbiy taʼsiri va ishtirokni kuchaytirishga eʼtibor qaratmoqda. Uning harbiy quvvatiga suyanishdan boshqa taʼsir oʻtkazish yoʻli deyarli yoʻqolib boryapti.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.