“Tolibon” Afgʻoniston hukumati bilan yarashuvni uzaytirishdan bosh tortdi

1080
0

“Tolibon” Afgʻoniston hukumati bilan yarashuvni uzaytirishdan bosh tortdi

“Tolibon” harakati Afgʻoniston hukumati bilan tuzilgan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini uzaytirishdan bosh tortdi. “Biz yarashuvni uzaytirishni rejalashtirmayapmiz. U bugun tugaydi”, deb maʼlum qilgan 17 iyunda “Tolibon” vakili Sabihulla Mujohid.

 16 iyunda Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani Ramazon oyi tugashi va Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan joriy qilingan yarashuv uzaytirilishini maʼlum qilgandi. Afgʻoniston hukumati yarashuvni 11 iyundan 19 iyungacha amal qilishini belgilagandi. Oʻz navbatida “Tolibon” hayitning dastlabki 3 kuni – 15 iyundan 17 iyungacha oʻz jangarilarini yarashuvga amal qilishga chaqirgan. Bu vaqt ichida butun mamlakat boʻylab afgʻon askarlari, toliblar va tinch aholining uchrashuvlari boʻlib oʻtgan.

 Biroq, xabarda aytilishicha, Ramazon hayiti koʻngilxirasizlik oʻtmadi. 16 iyunda Nangarhor viloyatidagi Jalolobod shahrida avtomobilning portlatilishi oqibatida 36 kishi halok boʻlgan, 65 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida afgʻon harbiylari va tinch aholi qatorida toliblar ham boʻlgan. Portlatilgan mashina yonida afgʻon harbiylari va toliblar uchrashuvi oʻtayotgan boʻlgan.

 Shuningdek, 17 iyunda shaharda yana bir terakt amalga oshirildi. Uning oqibatida 32 kishi halok boʻlgan, 53 kishi jarohat olgan. Xudkush hujumchi viloyat gubernatori idorasi yaqinida hayit bayramini nishonlayotgan olomon orasida oʻzini portlatgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.