Arab Davlatlari Ligasiga a’zo davlatlarning harbiy bosh qo’mondonlari Qohirada yig’ilish o’tkazdi. Yig’ilishda Ligaga a’zo davlatlar o’rtasida “Birlashgan Arab kuchlari”ni tashkil qilish masalasi asosiy mavzu sifatida muhokamaga qo’yildi.
Arab davlatlari Ligasining rahbari Nabil Arabiy Liga doirasi ichida mushtarak bir kuch tashkil qilish istagi borligini bildirdi. Bo’lib o’tgan uchrashuvda mintaqaviy inqirozlar va terrorizmga (Islomga) qarshi kurash borasida hamkorlikda faoliyat olib borish mavzulari ham ko’rib chiqildi.
Al-Arabiy yig’ilishda bu tashkilot uzoq vaqtdan buyon o’z ta’sirini yo’qotganligini va buni qayta tiklash uchun Arab davlatlari o’rtasida mushtarak qurolli kuch tashkil qilish lozimligini ta’kidladi. Liga bosh kotibi 65 yildan buyon shunday bir kuch tashkil qilish haqida aytib kelinayotganligini tilga olar ekan, bundan buyon amalga o’tish lozimligini qayd etdi.
O’tgan oyda Misr poytaxti Qohirada tashkil qilingan yig’ilishda Arab davlatlari Ligasiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etgan edi. Mazkur yig’ilishda mintaqa xavfsizligiga tahdid tug’dirayotgan kurolli (jihodiy) guruhlarga qarshi kurasha oladigan “Birlashgan arab kuchlari”ni tashkil qilish qarori tasdiqlangan edi. Bu galgi yig’ilishda ham aynan shu masala asosiy mavzu sifatida muhokama qilindi va so’zdan amalga o’tishga chaqiriqlar bo’ldi.