Turkmaniston janubida ommaviy hibslar

522
0

“CA-NEWS” nashri xabar qilishicha, Turkmanistonning Tejon shahrida diniy ekstremizmda gumonlanib bir qancha insonlar qo’lga olingan.

Muxolifatning “Xroniki Turkmenistana” sayti xabar berishicha, hibsga olishlar fevral oyidan buyon davom etmoqda.

Qo’lga olinganlarning ba’zilari mahalliy hibsxonada qoldirilgan, boshqalari poytaxt Ashxabotga olib ketilgan.

Fevral oyining o’rtalarida Ashxabotdan 200 km masofadagi, Eron va Afg’oniston bilan chegarada joylashgan Tejon shahrida mamlakat Milliy Xavfsizlik va harbiy kontrrazvedka vazirligi xodimlari o’ndan ortiq shaxsni ushlagani xabar qilingan. Ular Afg’on toliblari bilan aloqadorlikda va Turkmaniston hududida qator portlashlarni rejalashtirganlikda ayblanishgan.

Ma’lumotlarda aytilishicha, mazkur amaliyot oxirgi yillarda Turkmanistonda ekstremizmga qarshi olib borilayotgan amaliyotlar ichidagi eng yirigi hisoblanadi.

Qo’lga olinganlarning hammasi Tejon fuqarolari bo’lib, tejonliklar orasida an’anaviy Islomga rioya qilish azaldan kuchli bo’lib kelgan.

2000 yillarda turkmanistonlik diniy ulamo Xojaahmad O’rozqlichev tejonliklar bilan uchrashuvda, ommaviy axborot vositalarida Saparmurod Niyozov payg’ambar deb atalayotganligi musulmon e’tiqodlariga zid ekanligini aytadi. Turkmaniston hukumati o’shanda O’rozqlichev tarjimasidagi turkman tilida chop etilgan 40 ming nusxa Qur’onni yoqishga buyruq beradi.

O’rozqlichev Niyozovning o’ziga xos ko’rsatmalarini keskin tanqid qilib kelgani bois unga qarshi tovlamachilik, xizmat vazifasini suiste’mol qilish, pora olish kabi qator ayblovlar bilan jinoiy ish ochiladi.

O’rozqlichevning oilasi uyi yo’qligi bois Tejondagi qabriston masjidida yashab kelgan. Masjid oila tomonidan sovet davrida qurilgan. Biroq Turkmaniston hukumati masjidni buzib tashlattirgan. Tenjonda dindorlarga nisbatan shu kabi bosimlar islomiy kayfiyatni, vahhobiylik oqimiga ergashganlar sonining ortishiga sabab bo’lgani aytiladi.

Huquq faollariga ko’ra, ayni paytda Turkmaniston qamoqxonalarida diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlar soni ko’p. Qattiq rejimli “Ovadon Tepa” turmasida 300 ga yaqin dindor mahkumlar bor. Ularga yaqinlari bilan uchrashish, tashqaridan biror narsa olib kiritish ta’qiqlanadi.

2014 yil fevralida Afg’oniston bilan chegarada Turkmaniston zobitlariga islomiy jangarilar hamla qilgan. 26 fevralda Bag’dis viloyati chegarasini noqonuniy kesib o’tgan jangarilar chegarada uch kishini o’ldirgani, ikkitasini yarador qilgani haqida xabar tarqalgan.

Sentyabr oyida ham toliblar Turkmaniston chegara postlariga bir nechta hujum qilishgan. Turkmaniston chegaradagi xavfsizlik choralarini kuchaytirib, 6 metrlik xandaqlar qazdirgan, sim tikanlar bilan o’rab olgan.

Shuningdek, fevral oyida zahiradagi harbiylarni jalb qilishga qaror berilgan. Afg’oniston shimolida ko’plab turkman mujohidlari yashab keladilar, ular 1920-1930 yillarda Sho’rolar tuzumidan qochib ketgan dindorlarning avlodlari hisoblanishadi.

Oxirgi paytlarda Afg’onistondagi turkman qabilalarining “vatan”ga qaytishlari mumkinligi haqida gap-so’zlar ham chiqqan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Tejonda Turkmaniston xavfsizlik xizmati xodimlari ekstremizmda gumonlab hibsga olgan kishilar soni 80 ga etgan.

Muxolifatning manbalariga ko’ra, dastlabki hibsga olishlar Tolibon va Islomiy davlatga aloqadorlik bilan bog’liq bo’lsa, oxirgi ushlanganlar orasida hozirgi hukumatdan norozilar ham ko’pchilikni tashkil qiladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.