Hukumat qariyalar nafaqasiga qarab qoldi

991
0

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillik yillarida har yilga nom qo’yish urfga aylantirilgan edi. O’zining bu an’anasiga sodiq qolgan Karimov O’zbekiston konstitutsiyasining 22 yilligiga bag’ishlangan yig’ilishda 2015 yilni “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilindi edi.

Uning bu qarori ortidan odamlar ichida 2015 yilda keksalarni qanday “sovg’alar” kutib turgan bo’lishi mumkin degan xavotirlar paydo bo’lgan edi. Chunki O’zbekistonda qaysi yilga qanday nom berilsa, o’sha yili aynan nom berilgan soha vakillari yoki namoyondalari qattiq siquv va ta’qibga duch kelishlari ko’pchilik uchun sir bo’lmay qolgan. Xususan, Karimov tomonidan 1999 yil “Ayollar yili” deb e’lon qilinganidan so’ng 1999 yili Islmo va musulmonlarga qarshi kurash asnosida O’zbekiston qamoqxonalari ayollar bilan to’lib toshdi. “Homiylar va shifokorlar yili” deb nomlangan 2006 yilda esa homiylar ixtiyoriy-majburiy homiylikdan qayoqqa qochishlarini bilmay qolgan edilar. “Barkamol avlod yili” bo’lgan 2010 yilga kelib avlodlar sog’ligi haqida “jon koyitgan” prezidentning yozilmagan buyrig’iga binoan tug’ish yoshidagi o’n minglab ayollar majburiy ravishda sterilizatsiya qilindi… “Sog’lom bola yili” nomi ostida o’tgan 2014 yilda esa yosh go’daklar tug’riqxonalarda sovuqdan muzlab dunyoga kelgan bo’lsa, ayrimlari hayotdan ko’z yumishdi.

“Keksalarni e’zozlash yili”da esa avvaldan kutilganidek qariyalar birdan bir daromad manbai bo’lgan nafaqa pullaridan mahrum bo’lmoqdalar.

“Farg’ona” xalqaro axborot agentligining xabar qilishicha, O’zbekistonda ko’plab qariyalarning pensiyalari bir necha barobariga kamaytirildi va ular oldin go’yo noqonuniy tarzda olgan bir necha millard so’m pullarni davlatga qaytarib berishlari kerak bo’ladi, deya ma’lum qiladi O’zbekiston Mustaqil huquq himoyachilar tashabbus guruhi (O’MHHTG). O’MHHTG toshkenlik pensionerlarning murojaatlaridan kelib chiqib shunday xulosaga keldi.

Xususan, huquq himoyachilarga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi beshta bolaning onasi, 56 yoshli Mastura Hakimova murojaat qildi. 2010 yilda uning 25 yilu 1 oylik mehnat staji e’tiborga olingan holda 175 ming so’m (o’sha kundagi rasmiy kurs bo’yicha $115) pensiya tayinlangan. Har yilgi indeksatsiya hisobga olingan holda 2014 yil yanvarga kelib Hakimovaning pensiyasi 487 ming so’mga etdi ($221). Biroq o’sha yilning dekabrida u bor-yo’g’i 283.700 so’m ($118) pensiya oldi, xolos. Hayron qolgan Hakimovaning pul nega kamaydi degan savoliga Olmazor tumani pensiya jamg’armasidagilar oldin pensiya noto’g’ri tayinlangani, buni O’zbekiston Moliya vazirligining Nazorat-reviziya boshqarmasi aniqlaganini ma’lum qildilar.

Tez orada №69 pochta aloqasi bo’limiga bog’lab qo’yilgan pensiya fondining inspektori Xurshid Siddiqov Mastura Hakimovaga uning davlatga 16 million so’m ($6653) qarzdor bo’lib qolganini aytdi. Lol qotib qolgan pensioner ayolni “yupatib”, Olmazor tumanining o’zida bunaqa qarzdor pensionerlardan 500 nafari borligini ma’lum qildi.

2015 yil yanvarida Hakimovaning pensiyasini yana qisqartirdilar va 27 yanvar kuni u qo’liga bor-yo’g’i 141,8 ming so’m oldi, xolos ($58,5).

Garchi Karimov baland minbarlarda turib iqtisodiy o’sish, farovonlik haqida lof urishdan zerikmayotgan bo’lsada, bo’shab qolgan va talon-toroj qilingan davlat byudjetining sarf xarajatlarini qisqartirish uchun qariyalar nafaqasi va bolalar pulini qirqib tashlamoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.