Frantsiyada Islomofobiyaga qarshi faoliyat olib boradigan uyushma musulmonlarga qarshi hujumlar o’tgan yilga qaraganda qariyib 50 foizga ortganligini ma’lum qildi.
Uyushmaning Parijdagi markazida tashkil qilingan matbuot anjumanida “Islomofobiya 2014” nomli hisobot taqdim qilindi. Hisobotda aytilishicha, Frantsiyada Musulmonlarni nishonga olgan hujumlar kundan kunga ortib bormoqda. Xususan bu hujumlarning eng ko’p qurboni hijob kiygan ayollardir.
Islomofobiyaga qarshi faoliyat yuritadigan uyushmaga telefon yoki elektron pochta orqali qilingan murojaatlarga qaraganda, 2013 yilda 691 hujum sodir etilganligi qayd etilgan bo’lsa, bu raqam 2014 yilda 47,3 foizga ortgan.
2013 yil aprel oyidan 2014 yil aprel oyigacha sodir etilgan islomofobik hujumlarga oid o’tkazilgan boshqa bir so’rovda esa birinchi nishon hijobli yosh ayollar ekanligi qayd etiladi. So’rovda ishtirok etganlarning 68 foizi kamida bir marta hujumga duchor bo’lgan. So’rov natijasida keltirilishicha, hujumlar ta’lim tarbiya maskanlari, jamoiy xizmat joylari, magazinlar kabi ommaviy joylarda va ko’pchilikning ko’z o’ngida sodir etilgan.
Shuningdek, so’rov natijasida aytilishicha, qurbonlarning faqatgina 22 foizi hujum yuzasidan shikoyat qiladi. Qolgan 78 foizi esa shikoyatdan foyda yo’q deb biladi.