Sportchilar uchun fe’l-atvor rejasini joriy etish dindan xavfsirashni yashirishga urinishdir

54
0

Sportchilar uchun fe’l-atvor rejasini joriy etish dindan xavfsirashni yashirishga urinishdir

2025 yil 27 iyun kuni Qozog‘iston Turizm va sport vaziri Yerbol Mirzabosinov “Sport etikasini mustahkamlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat sportchilar, murabbiylar va hakamlar uchun fe’l-atvor qoidalarini belgilaydi. Unga ko‘ra, behayo so‘zlarni ishlatish, mashg‘ulot haqida ma’lumot tarqatish, mamlakatni obro‘sizlantiradigan xatti-harakatlar, shuningdek, diniy e’tiqodni ochiq ko‘rsatish va missionerlik faoliyatini yuritish taqiqlanadi. Ushbu farmon, e’tiqod erkinligi va xususan, shaxsning har qanday dinga e’tiqod qilish huquqi masalasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Sirtdan qaraganda bu tashabbus intizomni mustahkamlash va qozog‘istonlik sportchilarning xalqaro obro‘sini oshirishga qaratilgandek ko‘rinadi. Biroq, farmondagi ko‘plab normalar amaldagi qonun hujjatlarida mavjuddir. Behayo so‘zlarni qo‘llash, jamiyatga qarshi xatti-harakatlarga qo‘l urish, dinga majburlash va aqidaga targ‘ib qilish, bularning barchasi ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladigan holatlardir. Bu qoida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Mehnat kodeksi va “Diniy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunlarda mavjud. Demak, yuqorida qayd etilgan cheklovlar umumiy fuqarolik darajasida allaqachon mavjud ekan, endi muayyan tor doiradagi guruh uchun qo‘shimcha me’yoriy hujjat qabul qilish qanchalik zarur? Albatta, bu tashabbus shubha tug‘dirmay qolmaydi.

Bu yerda tashvishga solayotgan narsa shuki, diniy ko‘z qarashlarni va ulardan kelib chiqqan qadriyatlarni ifoda etishni taqiqlash insonning o‘z e’tiqodini ochiq ifoda etishini cheklashdir. Masalan, diniy ramzlarni taqish, g‘alabadan keyin barmoq ko‘tarish, Yaratganga shukronalik bildirish kabi oddiy harakatlar qonun buzarlik sifatida baholanishi mumkin. Bu esa Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan har bir fuqaroning e’tiqod erkinligini bevosita buzish hisoblanadi. Bunday xatti-harakatlarni muayyan toifaga cheklash qonundagi barcha fuqarolarning tengligi tamoyiliga zid keladi va kamsitish hisoblanadi.

Bundan tashqari, bunday cheklovlarni muayyan guruhlarga xoslab qo‘llash masalasi ham bor. Agar farmon “sportchilar jamiyatga tanilgan nufuzli insonlar” degan asosga tayanilgan bo‘lsa, unda nima uchun jamiyatda nufuzli bo‘lgan san’atkorlar, teleboshlovchilar, blogerlar, o‘qituvchilar va boshqa kasb egalariga ham xuddi shunday me’yorlar qo‘llanilmaydi? Ularning gaplari va qilayotgan ishlari ko‘pincha yoshlar va jamoatchilik fikriga yanada kuchliroq ta’sir qiladi. Cheklovlarni ba’zi toifalarga xoslab qo‘llash ba’zi fuqarolarni qat’iy qoidalarga bo‘ysundirib, ba’zilariga esa erkinlik berilishiga olib keladi. Bu esa xavfli pretsedentdir. Shuningdek, farmondagi tushunchalar umumiy va noaniqdir. “Qozog‘istonning obro‘siga putur yetkazish”, “jamiyatga qarshi xatti-harakatlar”, “OAVning hurmatini joyiga qo‘yish” kabi atamalarni juda keng va turlicha talqin qilish mumkin. Bu esa o‘z fikrini ochiq bildiruvchi sportchilarga bosim o‘tkazish imkoniyatini beradi. Bunday qoidalar huquqiy jihatdan zaif va ochiq, mas’uliyatli doiraning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Agar maqsad haqiqatan ham jamiyatdagi taniqli shaxslarning axloqini va fe’l-atvorini boshqarish bo‘lsa, bu rasmiy va xolis tarzda amalga oshirilishi kerak. Buning o‘rniga, barcha fuqarolar uchun barobar bo‘lgan universal axloq kodeksini qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday hujjat avval qabul qilingan qonunlarga asoslanishi, inson huquqlarini hurmat qilishi, senzura va zulmga olib kelmasligi kerak. Ortiqcha, biryoqlama qonunlar chiqarishdan ko‘ra, amaldagi qonunlar ijrosini takomillashtirish, huquqiy savodxonlikni oshirish va ichki madaniyatni yuksaltirishga e’tibor qaratilishi afzaldir. Mana shunda etika masalasida oldinga siljish bo‘ladi, shu bilan birga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, bu qonun musulmon sportchilarning yoshlarga ta’sir qilishidan xavotirlanish sababli kelib chiqmoqda. Qolaversa, ayni damda qozoq yoshlarining dinga qiziqishi kundan kunga ortib bormoqda. Sportchilarning o‘z muhitida diniy e’tiqodga ochiq amal qilishlari islomiy fe’l-atvor bo‘lib, ularning Yaratganga iltijo qilishlari taqvo va Yaratganga shukronalik belgisidir. Shunga ko‘ra yuqorida imzolangan farmonni jamiyatga ta’sir etuvchi insonlar tomonidan diniy qadriyatlarning yoyilishini cheklashga urinish sifatida baholashimiz mumkin. Umumiy fe’l-atvor, nutq madaniyati va umumiy tartib qoidalariga bog‘liq chora-tadbirlar esa diniy ta’sirni nazorat qilish va cheklash maqsadini yashirib turuvchi niqobdir.

Latif Rasix

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.