بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Siyosiy bayonotlar va siyosiy tahlil
Ustoz Ahmad Xutvoniy
Siyosiy bayonotlar – bu siyosatchilarning siyosiy tahlilidagi asosiy materiali bo‘lib, tahlil uchun zarur bo‘lgan xabarlarning muhim bir qismini tashkil etadi. Umuman olganda, xabarlar siyosiy fikrlash jarayonining asosi hisoblanadi. Darhaqiqat, ular siyosatchilar uchun kundalik «non» kabidir. Ularsiz siyosatni tushunib bo‘lmaydi, siyosiy tahlil mavjud bo‘lmaydi, voqealarni farqlab bo‘lmaydi va ulardan ko‘zlangan maqsadlarni anglash mumkin emas.
Islom Ummati siyosiy bayonotlardagi chalg‘ituvlar sababli ko‘p azob chekdi, hatto bunday bayonotlarni noto‘g‘ri tushunish oqibatida katta hududlarni yo‘qotdi. Masalan, Usmoniy Xalifalik Bolqon hududini harbiy jihatdan zaif bo‘lgani uchun emas, balki g‘arazli va chalg‘ituvchi bayonotlar tufayli boy berdi. Britaniya va uning ittifoqchilari bo‘lgan Yevropa davlatlari faqat bayonotlar orqali Bolqon muammosini yo‘qdan bor qilishdi. Ular Usmoniy Xalifalikka Bolqon davlatlarida mustaqillikni va undan bo‘linib chiqishni talab qilayotgan xalq harakatlari mavjud degan tasavvurni berishdi. Holbuki, voqelikda bunday bayonotlarning hech qanday asosi yo‘q edi. U yerda mustaqillika harakat qilayotgan harakatlar ham, hatto bo‘linib chiqishni shunchaki talab qilish ham mavjud emas edi. Lekin bunday bayonotlarning ko‘p takrorlanishi natijasida Usmoniy Xalifalikda Bolqonda bo‘linib chiqishni talab qilayotgan kuchli harakatlar bor degan tasavvur shakllanib qoldi. Natijada, davlat bu yolg‘on ma’lumotlar asosida harakat qila boshladi. Bu esa uni holdan toydirdi va zaiflashtirdi. Keyinchalik haqiqiy millatchilik harakatlari paydo bo‘lib, butun mintaqaga tarqaldi va oxir-oqibat, bu harakatlar davlatning markaziga qadar yetib bordi. Shunday qilib, Bolqon mintaqasi butunlay bo‘linib chiqdi va bu holat oxir-oqibatda Usmoniy Xalifalikning qulashiga olib keldi.
Avvalo, siyosiy bayonotlarning siyosiy tahlildagi ahamiyatini anglab yetishimiz uchun siyosiy tahlilning besh asosiy unsurlarini bilishimiz zarur. Ular:
Siyosiy tahlilchi butun dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatishi va ular haqida ma’lumot to‘plashi, shuningdek, ularning ahamiyatli yoki ahamiyatsizligiga, tasodifiy yoki ataylab keltirib chiqarilganiga qarab ajratib chiqishi kerak. Takroriy kuzatuv, tajriba orttirish va vaqt o‘tishi bilan bu kuzatuv siyosiy tahlilchi uchun mutaxassislikka aylanadi. Shunday qilib, u eng muhim, mo‘ljallangan va zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ajratib olishni o‘rganadi.
Tahlilchiga voqea-hodisalar, joylar, shaxslar va bayonotlarning mohiyati haqida dastlabki ma’lumotlar kerak bo‘ladi. Bular geografik, tarixiy, siyosiy va fikriy ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumotlar orqali u voqea-hodisalar va xabarlarni aniq va chuqur tushunib baholay oladi.
Tahlilchi siyosiy xulosalar chiqarar ekan, bir-biridan ajralmaydigan ikki ishga rioya qilishi lozim. Ular:
Voqea-hodisalarni ularning sharoiti, muhiti va bog‘liq omillaridan ajratmaslik. Chunki voqealarni ular bilan bog‘liq holatlardan ajratish ularning qiymatini yo‘qotadi va ularni haqiqiy voqelikdan uzib qo‘yadi.
Umumlashtirish va keng miqyosda qiyoslashdan tiyilish. Chunki bunday umumlashtirish va qiyoslash siyosatda o‘rinli emas, balki bu siyosatchilarning xatolaridan bo‘lib, siyosiy tahlildagi muvaffaqiyatsizlikning eng asosiy belgilaridan biridir.
Xabar va hodisalarni sinchiklab o‘rganish va quyidagi bosqichlarga asoslanib farqlash:
Birinchi: ishonchli manbalarni aniqlash.
Ikkinchi: ularning sodir bo‘lgan vaqtini aniqlash.
Uchinchi: ularni ro‘y bergan vaziyat doirasida ko‘rib chiqish.
To‘rtinchi: Aynan o‘sha vaqtda yuz berishidan ko‘zlangan maqsadni aniqlash.
Beshinchi: Voqea yuzasidan barcha faol tomonlarning bevosita munosabatlarini kuzatish.
Voqea yoki xabarni ular haqidagi sobiq ma’lumotlar bilan bog‘lash, so‘ngra uni o‘ziga o‘xshash va boshqa xabarlarga taalluqli bo‘lgan maxsus bog‘lov qoidalari bilan bog‘lash va nihoyat, haqiqatga yaqin va voqelikka mos deb taxmin qilingan xulosani chiqarish.
Agar siyosiy tahlilda ushbu asosiy mezonlarga rioya qilinmasa, hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan bayonotlar va xabarlar oqimiga noto‘g‘ri yondashilsa, shuningdek, bularga bayonot va xabarlarni yo‘naltirishdagi g‘arazli usullar hamrohlik qilsa, bu holat muqarrar ravishda xavfli siyosiy axborot chalkashligiga olib keladi. Bu esa zehnlarni chalg‘itadi, aqllarni adashtiradi va fikrni aniq xulosaga kelishdan burib yuboradi. Bu holatning mantiqiy natijasi halokatli siyosiy xatolarga olib keladi. Tahlilchilar to‘g‘ri natijalarga erisha olmay, xalqaro razvedka doiralari tuzog‘iga tushib qolishadi. Bu esa Ummatga va uni uyg‘otish uchun harakat qilayotganlarga halokatli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun yuqorida tilga olingan asosiy mezonlarga amal qilish zarur bo‘ladi. Ularning eng muhimlaridan biri – voqealarga taalluqli axborot oqimini sinchiklab kuzatish, yirik va ta’sir kuchiga ega davlatlar siyosatchilari tomonidan berilayotgan siyosiy bayonotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishdir. Bunday bayonotlarni tahlil qilishga kirishishdan va ularni bizga ma’lum siyosiy bog‘lash qoidalari bilan bog‘lashdan oldin, ularni berishdan ko‘zlangan maqsadni anglashga harakat qilish zarur.
Masalan, Amerika siyosatchilari tomonidan Eron bilan urush yaqinlashayotgani haqidagi bayonotlar berildi. Bu bayonotlar bilan birga Yaqin Sharqqa Amerika uchoq tashuvchilari, turli maqsadlarga mo‘ljallangan raketa va qurollar jo‘natilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayni paytda Hind okeanidagi AQSH va Britaniyaga tegishli Diyego-Garsiya bazasiga e’tibor qaratilib, bu bazaning Eron raketalari yetib bora olmaydigan masofada joylashgani va kelgusi urushda uning asosiy rolni o‘ynashi ta’kidlandi. Bu kabi xabar va voqealar bizga urush muhitini va uning sodir bo‘lishi yaqinlashayotganini his qildirdi. Ammo kutilmaganda bunga zid bo‘lgan xabarlar tarqaldi. AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha vakillari bilan Eron rasmiylari o‘rtasida Ummon sultonligida muzokaralar bo‘lib o‘tgani va birinchi bosqich ijobiy taassurotlar bilan yakunlangani e’lon qilindi. Bu bilan urushga oid xabarlar go‘yoki ikki davlat o‘rtasida uzoq davom etadigan muzokaralarning tabiiy kirish qismidek bo‘lib qoldi.
Shuningdek, G‘azo sektoriga qarshi yahudiylarning urushi davom etayotgani, uning aholisi uchun surgun yoki o‘limdan boshqa tanlov yo‘qligi, qarshilik kuchlarining qurolni topshirishi va yetakchilarining hududdan chiqib ketishi haqida uzluksiz xabarlar tarqalmoqda. Ammo keyingi xabarlarda AQSH homiyligida olib borilayotgan muzokaralarning muvaffaqiyatga yaqinlashayotgani bildirildi. G‘azoni yirik ko‘chmas mulk loyihalariga aylantirishni talab qilayotgan AQSHning o‘zi, Hamas harakatiga yahudiy vujudi muzokaralarning ikkinchi bosqichiga o‘tishga sodiq qolishini kafolatlaydigan tomon sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu bosqich urushni tugatish va G‘azodan chiqib ketishni o‘z ichiga oladi.
Agar siyosiy tahlilchilar siyosatchilarning dastlabki bayonotlarini darhol asos qilib olib, tahlillarini shu bayonotlarga tayangan holda olib borsalar, u holda ularning tahlillari voqelikdan butunlay yiroq bo‘ladi. Ular o‘zgaruvchan va bir-biriga zid bayonotlar to‘lqinini to‘g‘ri anglay olmasdan, chalg‘ituvchi xabarlar qurboniga aylanadilar.
Shuning uchun tahlilni boshlashdan oldin bayonotlarni qabul qilishda sabr-toqatli bo‘lish va kutish zarur. Shundan keyin bayonotlarni sinchiklab tahlil qilish. Ularni bir-biriga bog‘lash, voqealarni kontekstdan ajratmaslik va umumlashtirishdan saqlanish kerak bo‘ladi.
Roya gazetasining 2025 yil 4 iyun, chorshanba kungi 550-sonidan