Niqobli muslimalar davlat muassasalariga kiritilmaydi
Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar bo‘yicha milliy agentlik 18 aprel kuni Bishkek shahrida yig‘ilish o‘tkazdi. Mahalliy hokimiyat vakillari, huquq-tartibot idoralari xodimlari, din arboblari ishtirok etgan mazkur tadbirda yuzini niqob bilan to‘sib yurgan shaxslarga aloqador masalalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda, bundan buyon yuzini yopib yuradigan muslimalar “E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonunga ko‘ra hukumat binolari va muassasalariga kiritilmasligi hamda ushbu talabga itoat qilmaganlar jarimaga tortilishi ma’lum qilindi.
Islomga zid bo‘lgan ushbu “E’tiqod erkinligi” haqidagi qonunni hayotga tatbiq etish jadal suratda olib borilmoqda. Bu qonun doirasida uyma-uy yurib da’vat qilishni taqiqlash, masjid va madrasalar sonini cheklash, Islomiy ta’limga cheklovlar kiritish joriy etilmoqda. Niqob kiyishni taqiqlash harakatlari ham shular qatoriga qo‘shildi. Endilikda niqob kiygan muslimalar davlat muassasalariga kiritilmasligi aytilmoqda.
Rasmiylar niqob masalasiga dalil sifatida muftiyning qarorini keltirmoqda. Ayni paytda, muftiylik niqobni taqiqlash “xavfsizlikni saqlash uchun zarur va bu biz uchun yot ko‘rinishdir”, deyishmoqda. Ammo shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘sha “ulamolar” niqobni “mustahab amal”, ya’ni maqtovga sazovor ish, deyishadi. Qizig‘i shundaki, jamiyatimizda kiyim-kechak masalasida harom ko‘rinishlar juda ko‘p bo‘lsa-da, muftiyotdagilarning o‘zlari “mustahab” sanagan amalni ta’qiqlanishiga, xuddi haromni ta’qiqlayotgandek, yo‘l ochib berishmoqda.
Dalil sifatida ko‘rsatilgan “xavfsizlik” va “yot ko‘rinish” degan narsalar shunchaki bahonadan boshqa narsa emas. Bugungi kundagi xavfsizlik choralari, ayniqsa, videonazorat va boshqa tizimlar shaxsni aniqlashda hech qanday to‘siqqa uchramaydi. Hatto niqob kiygan holda jinoyat sodir etgan jinoyatchilar ertasi kuniyoq hibsga olingani haqidagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida ko‘p uchraydi. Shuning uchun aytish mumkinki, niqob kiyish hech qanday muammo tug‘dirmaydi.
Endi hukumat manfaatini ko‘zlab fatvo bergan “ulamolar”ga savol tug‘iladi. Yurtimizda boshqa millatdagi musulmon birodarlarimiz istiqomat qilishadi. Ularning ahvoli nima bo‘ladi? Chunki, ularning ba’zilari uchun niqob farz bo‘lsa, ba’zilari uchun azaldan qolgan odat, or-nomus sanaladi. Hech bo‘lmaganda ularning huquqlari inobatga olindimi?!
Bundan tashqari, niqob masalasi mujtahidlar o‘rtasida ixtilofli masala bo‘lib, ba’zilari buni vojib desa, ba’zilari joiz, ba’zilari esa mustahab degan rayni bildirishgan. Vojib degan mujtahidga ergashgan musulmonlar nima qiladi? Yoki hukumatning aqlidan kelib chiqqan xavfsizlik bahonasi uchun farz amallarni tark etishadimi?
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, niqobga qo‘yilgan cheklovlar bu dinga qarshi qonunning faqat bir qismidir. Ushbu qonunda dinga yana ko‘plagan cheklovlar kiritish ko‘rib chiqilgan. Eng achinarlisi shundaki, bu qonunning qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishiga olim nomiga ega kishilar “oq fotiha” berishmoqda. Shunday ekan, musulmonlar bu kabi cheklovlarga or-nomus masalasi sifatida qattiq qarshilik ko‘rsatishlari lozim!
Horun Abdulhak