Islomda o‘lgan odamning a’zolarini olish joizmi?

11
0

Islomda o‘lgan odamning a’zolarini olish joizmi?

Qirg‘izistonda sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev Jogorku Kenesh yig‘ilishida o‘lgan insonning a’zolarini olishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu masala mullalar bilan ham muhokama qilingan va ular bu borada Shar’iy ta’qiq yo‘qligini tasdiqlagan. Shu bois musulmon jamiyatida a’zolarni ko‘chirish hukmi yuzasidan bahslar davom etmoqda.

Biz Hizbning ikkinchi amiri, mujtahid olim Shayx Abdulqadim Zallumning “Klonlashtirish, a’zolarni ko‘chirish, probirka (sun’iy urchitish), abort va o‘lim haqida shar’iy hukmlar” nomli asari asosida a’zolarni ko‘chirish hukmiga oydinlik kiritamiz.

Kishi o‘lganidan keyin uning a’zolarini boshqa shaxsga ko‘chirish borasidagi hukm uning tiriklik paytida o‘z a’zolarini hadya qilishi hukmidan farq qiladi.

Shariatda o‘lgan odamga ozor berish ham, uni kesib, musla qilish ham mumkin emas. Bu haqda sahih hadislar mavjud. Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anha rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mayyitning suyagini sindirish uni tiriklik paytida suyagini sindirish bilan bir xildir». Imom Ahmad, Abu Dovud va Ibn Mojja rivoyati.

Shuningdek, boshqa odamga ko‘chirish uchun o‘lgan odamning qornini yorib, yuragi, yoki buyragi, yoki o‘pkasi yoki jigarini olish va ko‘zini o‘yib olish, hatto o‘sha odam muxtoj bo‘lsa ham, bu ish o‘lgan odamni musla qilish hisoblanadi. Islom dini musla qilishdan qaytargan. Safvon ibn Assoldan rivoyat qilgan hadisda U kishi aytadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bizni bir sariya ichida yuborayotib shunday dedilar: «Allohning ismi bilan va Allohning yo‘lida boring. Allohga kofir bo‘lganlar bilan jang qiling, lekin musla qilmang, haddingizdan oshmang va bolalarni o‘ldirmang». (Ahmad, Ibn Mojja va Nasoiy rivoyati).

Yuqorida keltirilgan dalillar ochiq-oydin ta’kidlaganidek, o‘lgan odamning tanasini kesib, boshqa odamga qo‘yish shar’an haromdir.

Bundan tashqari, kishi o‘lganidan so‘ng hech qaysi inson unga egalik qilishga haqqi yo‘q. Shuningdek kishi o‘lishi bilan u egalik qilib turgan moli, jasadi va ayoli kabi barcha narsalar uning hukmronligi va egaligi ostidan chiqib ketadi. Shuning uchun, o‘lgan kishi biror a’zosini hadya qilishi yoki shunga vasiyat qilishi mumkin emas.

Shariat insonga merosxo‘rlarining ruxsatisiz o‘z molining uchdan birini vasiyat qilishiga izn berishi, bu faqat molga xos bo‘lib undan boshqasiga aloqasi yo‘q. Shuning uchun kishi o‘lganidan keyin biror a’zosini hadya qilishga vasiyat qilishi joiz emas. Ammo merosxo‘rlarga kelsak, Alloh Taolo ularga meros qoldiruvchining jasadini emas, balki molini qoldirdi. Shuning uchun ular o‘lgan odamning jasadiga va unda tasarruf qilish huquqiga ega emas.

Majburiy holat.

A’zolarni ko‘chirish holatiga nisbatan aytadigan bo‘lsak, ular ikki xil bo‘ladi. Birinchisi: Yurak, jigar, ikki buyrak va ikki o‘pka kabi hayotni saqlab qolishga aloqador a’zolar. Ikkinchisi ko‘z, ikkinchisi sog‘lom bo‘lgan buyrak, qo‘l va oyoq kabi hayotni saqlab qolishga aloqador bo‘lmagan a’zolar. Bu ikkinchi turdagi organlarga majburiylik hukmi tushmaydi. Chunki bunda hayotni saqlab qolish illati mavjud emas. Shariat o‘lgan odamning ikkinchi holatidagi a’zolarini almashtirishni ham taqiqlaydi.

Ammo insonning hayotini saqlab qolishga aloqasi bor a’zolar haqida aytadigan bo‘lsak, ularda ikki jihat mavjud:

Birinchisi: Bu a’zolarda mavjud illat ya’ni inson hayotini saqlab qolish majburlik holatidagi kabi aniq ro‘y berish ishonchi yo‘q. Chunki majbur holatidagi inson Alloh Taolo harom qilgan narsani iste’mol qilsa, aniq hayoti saqlanib qoladi. Lekin yurak, yoki jigar, yoki ikki o‘pka, yoki ikki buyrakni ko‘chirib o‘tqazish shu o‘tqazilgan shaxsning hayotini aniq saqlab qolmaydi. Chunki bunday holatda shaxsning hayoti goh saqlanib qoladi va gohida saqlanib qolmaydi. Shuning uchun bu yerdagi illat mukammal bo‘lmagan illat hisoblanadi.

Ikkinchisi: Qiyoslanayotgan narsa illat hukmiga qarshi bo‘lmasligi zarur. A’zolarni ko‘chirish masalasida o‘lgan odam haqqiga tajovuz qilishni va uni musla qilish ziddini talab qiladigan kuchli nususlar kelgan. Shuning uchun o‘lgan odamning organlarini muhtoj kishiga ko‘chirish joiz emas. Bu yerda o‘likning musulmon, zimmiy, muohid (islomiy davlatda shartnoma asosida yashovchi), yoki musta’min (himoya so‘rovchi) bo‘lishining farqi yo‘q.

Ammo tirik bir shaxs o‘z ixtiyori bilan qo‘li, oyog‘i, ko‘zi kabi o‘limga olib kelmaydigan a’zosini shu a’zolarga muhtoj boshqa bir shaxsga hadya qilishi shar’an joiz. Buning voqesi shunday, agar bir shaxs boshqa bir shaxs tomonidan qo‘li kesib yuborilsa, yoki ko‘zi o‘yib olinsa, u o‘sha shaxsdan xun olishi va uning qo‘lini kesmasligi va ko‘zini o‘ymasligi ya’ni uni kechirib yuborishi mumkin. Kesish va o‘yib olishni kechirish uning o‘rniga xunga egalik qilish degani, xunga egalik qilish esa hadya qilib yuborgan a’zoga egalik deganidir. A’zoga egalik qilish uni tasarruf qilish huquqiga ega deganidir. Alloh Taolo qasos va xunni kechib yuborish joizligi haqida shunday deydi: «Kimga o‘z birodaridan bir narsa avf qilinsa, bas yaxshilik ila so‘ralsin va ado etish ham yaxshilikcha bo‘lsin. Bu Robbingizdan yengillik va rahmatdir».

Biroq, kishi hayotlik paytida a’zolarini hadya etishi uchun hadya etilayotgan a’zo hadya etuvchining hayotini to‘xtatib qo‘ymasligi lozim. Ya’ni bu a’zo yurak kabi a’zolardan bo‘lmasligi kerak. Chunki bu kabi a’zolarni hadya etish shaxsning o‘limiga olib boradi. Bu esa o‘z joniga qasd qilish bo‘lib, inson o‘z joniga qasd qilishi yoki uning roziligi bilan boshqasi uni o‘ldirishi joiz emas. Bu haqida Alloh Taolo shunday deydi: «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang», «Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni o‘ldirmang».

Bu umumiy bo‘lib, u o‘zini o‘ldirishni ham va boshqani o‘ldirishni ham o‘z ichiga oladi. Imom Muslim Sobit ibn Zaxxokdan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydi: «… Kim bir narsa tufayli o‘z joniga qasd qilsa, Alloh uni jahannam o‘ti bilan azoblaydi». Imom Buxoriy va Muslimlar Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadi:”Kim tog‘ning ustidan tashlab, o‘z joniga qasd qilsa, u jahannam o‘tidadir…”.

 Shuningdek inson o‘zining tuxumini hadya qilishi garchi uni o‘limga olib bormasada joiz emas. Chunki jinsiy hujayralar ya’ni erkak va ayolning tuxumidan bola vujudga keladi. Demak inson nasli jinsiy hujayralardan paydo bo‘ladi. Erkak tuxumida maniy ishlab chiquvchi hujayralar bo‘ladi, demak hujayralar maniy ishlab chiqadigan korxona bo‘lsa, tuxum maniyni saqlovchi ombordir. Bu korxona boshqasiga ko‘chirilsa unga ham hujayradan maniy ishlab chiqaraveradi. Shuning uchun tuxum boshqasiga ko‘chirilgandan keyin tug‘ilgan bolalardagi xromosomalar tuxum egasining xromosomalari bo‘ladi. Chunki tuxum kimniki bo‘lsa, bolalar paydo bo‘layotgan maniyni o‘sha tuxum ishlab chiqadi. Shuning uchun bolalar tuxum egasining xususiyatlarini oladi, ammo keyin ko‘chirilgan kishining biror xususiyatini olmaydi. Shuningdek bu bolalarning biologik otasi tuxumini bergan kishi bo‘ladi. Shuning uchun ikkita tuxumini hadya qilish joiz bo‘lmaganidek, bitta tuxumini berish ham joiz emas. Islom bunday amalni harom qiladi va naslni saqlashga buyuradi, hamda o‘z otasidan boshqasini otam deb da’vo qilishdan qaytaradi. Ibn Mojja Ibn Abbosdan rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydi: «Kim o‘z otasidan boshqasini ota deb da’vo qilsa va o‘z hojasidan yuz o‘girsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la’nati bo‘lsin».

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘lgan odamning a’zolarini ko‘chirish har qanday holatda ham harom hisoblanadi. Tirik odamning organlarini ko‘chirishda esa qaraladi, bunda hadya qilinayotgan organ o‘limga sabab bo‘lmaydigan va tuxum kabi shariat uni hadya qilishni taqiqlamagan bo‘lishi shart.

Turkiston

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.