Germaniya Markaziy Osiyoda qanchalik ta’sirga ega?
17 sentyabr kuni Qozog‘istonning Astana shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya o‘rtasida C5+1 formatidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Sammit doirasida olti davlat rahbarlari tomonidan qo‘shma deklaratsiya imzolandi va qator yirik loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, sammitda Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida biznes, neft-gaz, mineral resurslar sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi haqida aytib o‘tildi.
Sammit oldidan Germaniya kansleri Olaf Shols rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya bo‘yicha kelishuv tuzildi. Bu o‘z navbatida, Germaniya jamoatchiligida hukumatning migratsiya siyosatiga qarshi norozilik kayfiyatini pasaytirishga xizmat qiladi. Chunki O‘zbekiston hukumati Germaniyadagi afg‘on muhojirlarini deportatsiya qilishda vositachilik qiladigan bo‘ldi. Afg‘on muhojirlari o‘rniga esa, qo‘lida kasb-hunari bor o‘zbek muhojirlari yuborilishi kutilmoqda. Ayni paytda Germaniyada 225 mingdan ortiq deportatsiya qilinadigan muhojir mavjud.
Bundan tashqari, Germaniya O‘zbekistondagi mineral resurslarni tashib ketishdan manfaatdor. O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 1 milliard yevrodan oshdi. Yil boshidan beri nemis kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga 800 million yevro sarmoya kiritdi. O‘zbekistonda Germaniyaning jami 215ta investitsiya loyihasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kanslerning rasmiy tashrifi O‘zbekistondan so‘ng Qozog‘istonda davom etdi. Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadan Germaniyaga keladigan neft va gaz to‘xtab qolgan edi. Ishlab chiqarish talablaridan kelib chiqqan holda, Germaniya ushbu resursning muqobil variantini izlab keladi. O‘z navbatida Qozog‘iston prezidenti Tokayev Germaniyaga neft va gaz eksportini oshirishga tayyorligini bildirdi. O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yetti oyida bu ko‘rsatkich 2,3 milliard dollarga yetdi. Shuningdek Qozog‘istonda 55 milliard dollarlik qo‘shma sarmoya kiritish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.
Qolaversa, Germaniya Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha hamkorlikdan ham manfaatdor. “O‘rtadagi yo‘lak” deb nomlangan loyiha Xitoy va Markaziy Osiyoni Qozog‘iston orqali Yevropaga bog‘laydi. Germaniya hukumati mazkur loyihaga 10 milliard yevro ajratishga rozi bo‘ldi.
Qozog‘istondagi sammitda Germaniya kansleri Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan ham alohida uchrashdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Germaniya-Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 430 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘pdir. Germaniyaning mamlakatga kiritgan sarmoyasi 21 million dollarni tashkil etadi. So‘nggi yillarda qirg‘izistonlik muhojirlarning Germaniyada ish bilan ta’minlanishi jadal suratda ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Germaniya – Markaziy Osiyo” sammiti ilk bor o‘tgan yilning sentyabr oyida Berlinda bo‘lib o‘tgan edi. Berlindagi yig‘ilishda Germaniya prezidenti Shtaynmayer “Katta mojarolar va zo‘ravon qo‘shnilardan qo‘rqmang, biz sizni ularning oldida yolg‘iz tashlab qo‘ymaymiz. Biz siz bilan birgamiz, bizga ishonishingiz va tayanishingiz mumkin” deb atgan edi. U “katta mojarolar va zo‘ravon qo‘shnilar”, deganda Rossiya va Xitoyni nazarda tutgani ma’lum. Bundan Germaniya Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kuchaytirish niyatida ekanligi ko‘rinib turibdi.
2022 yilning fevral oyida Ukrainaga qarshi urush boshlagan Rossiya urushning cho‘zilishi va AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlarining unga qarshi joriy qilgan sanksiyalari tufayli og‘ir siyosiy, harbiy va iqtisodiy ahvolga tushib qoldi. Rossiyaning bu urushda tezda g‘alaba qozonish va NATOning o‘z chegaralari tomon kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik rejalari barbod bo‘ldi. Rossiyaning holdan toyib borishi uning mustamlakasi hisoblangan Markaziy Osiyo ustidan yirik davlatlar o‘rtasida nufuz talashishni kuchaytirib yubordi.
Germaniyaning “C5+1” sammitini uyushtirishi ushbu nufuz talashish doirasida davom etmoqda. Negaki, Germaniya ikkinchi jahon urushidan keyin ajralib qolgan “qurollanish huquqi”ni Ukraina urushi bahonasida qayta qo‘lga kiritdi. Bu o‘z navbatida, Germaniyaning yirik davlatga va Rossiya ta’siri ostidagi mintaqalarda raqobatdosh kuchga aylanish imkoniyatini beradi. Germaniya Yevropa Ittifoqida yetakchi mavqega ega bo‘lgani uchun mintaqada o‘z siyosatini Ittifoq orqali olib kirish imkoniyatiga ega. Yevropa Ittifoqi bunda asosan “inson huquqlari”, “so‘z erkinligi”, “gender tengligi” shiorlaridan foydalanib, demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va ta’lim sohalariga mablag‘ ajratish orqali o‘z g‘oyalarini amalga oshirmoqda.
Achinarlisi shundaki, ustimizda hukmron bo‘lib turgan hokimlarimiz arzimas manfaat evaziga mustamlakachilarning iflos siyosatiga xizmat qilmoqda. Masalan, G‘arb ta’siri ostida demokratiyaning buzuq saqofati tarqalayotgan bo‘lsa, Xitoy va Rossiya ta’sirida diniy qadriyatlarga qarshi qonunlar qabul qilinmoqda.
Binobarin, biz musulmonlar foydaga asoslangan va zulm ustiga qurilgan kapitalistik tuzumdan voz kechib, o‘z Islomimizga yuzlanmagunimizcha, mustamlakachilar zulmining qurboni bo‘lishdan aslo qutula olmaymiz.
Mumtoz Mavarounnahriy