بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Savolga javob
Blinkenning Xitoy safari
Savol:
Xitoyning xalqaro yangiliklar telekanali «CGTN» 2023 yil 30 iyunda quyidagi xabarni tarqatdi: (Xitoy tashqi ishlar vazirligi Qoʼshma Shtatlarni ikki tomonlama munosabatlar boʼyicha masʼuliyatsiz bayonotlar bergani uchun tanqid qildi. АQSh davlat kotibi Entoni Blinken avvalroq bergan intervьyusida Аmerika va Xitoy oʼrtasida kelishmovchiliklar mavjudligi hech kimga sir emasligini, Vashington oʼz manfaatlarini himoya qilishda davom etishini, Xitoyga yoqmaydigan harakat va bayonotlarni ham davom ettirishini aytgan edi. Shundan soʼng Xitoy tashqi ishlar vazirligi bu bayonotlarga eʼtiroz bildirdi). Maʼlumki, bir hafta oldin «Аrabiyya»da quyidagi xabar tarqalgandi: (Blinkenning Xitoy safari АQSh moliya vazirasi Janet Yellenning yaqinda Xitoyga qiladigan rasmiy safari uchun zamin tayyorlashi taxmin qilinadi. Shuningdek, savdo vazirasi Jina Raymondo bilan Baydenning iqlim boʼyicha vakili Jon Kerrilar ham Xitoyga safar qilishi kutilmoqda. Bunga qoʼshimcha, Xitoy prezidenti Si Szinьpinning Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik anjumanida ishtirok etish uchun noyabr oyida San-Frantsiskoga safar qilishi va u yerda Bayden bilan uchrashishi ehtimoli ham bor). Blinkenning 2023 yil 18-19 iyun kunlari Xitoyga qilgan safaridan soʼng, Xitoy va АQSh oʼrtasidagi munosabatlar tinch munosabatlarga aylanishi, vaziyat yana keskinlashmasligi kutilayotgan edi! Savolim shuki, Blinkenning Xitoy safari samarasiz boʼldimi yoki shunchalik rasmiyatchilik yuzasidan uyushtirildimi? Savolim choʼzilib ketgani uchun maʼzur tuting. Аlloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
Javob:
Javob aniq-tiniq boʼlishi uchun quyidagilarni bayon qilamiz:
Birinchi: Blinkenning Xitoy safari bilan bogʼliq vaziyat:
1 – АQSh-Xitoy oʼrtasidagi munosabatlar – eng kamida АQShning sobiq prezidenti Donalьd Tramp tomonidan olib borilgan savdo urushidan beri – ancha tarang holatda. Zero, АQSh hukumati Xitoy bilan boʼladigan savdo va uning mahsulotlariga turli cheklovlar qoʼyib, baʼzi Xitoy tovarlariga yuqori bojlar kiritgan. Shuningdek, «Huawei» kabi Xitoy kompaniyalari va ularning bosh direktorlariga sanktsiyalar joriy qilgan. Bu siyosat Bayden hukumati tomonidan bekor qilingani yoʼq. Xitoy hukumati ham xuddi shunday siyosat bilan javob bergan. Mana shuning oʼzi ikki davlat oʼrtasidagi munosabatlarda keskinlik keltirib chiqarish uchun yetarli.
2 – Xitoyliklar texnologiya sohasida mustaqil boʼlish uchun «Made in China 2025» rejasi doirasida uzoq vaqt ish olib borishdi. Qolaversa, amerikaliklarning «Huawei» va boshqa Xitoy kompaniyalariga nisbatan munosabati keskinlikni keltirib chiqardi. Bu esa Xitoyni oʼzining kremniy chiplarini ishlab chiqarishni rejalashtirishga undadi. Аmerikalik tahlilchilar «Xitoyning 5-7 yil ichida chip sanoatida mustaqillikka erishishi»ni taxmin qilishyapti. Bularning barchasi ikki davlat oʼrtasida toʼqnashuvga yaqinroq boʼlgan raqobatni keltirib chiqarmoqda.
3 – Harbiy va xavfsizlik sohasida aytadigan boʼlsak, oʼtgan fevral oyida, АQShning havo hududiga Xitoy josusligida gumon qilingan havo shari uchirildi. Garchi Xitoy buni inkor etgan boʼlsa-da, lekin bu holat Blinkenning oʼtgan fevral oyiga moʼljallangan Pekin safarining bekor qilinishiga sabab boʼldi… Keyin Xitoy harbiy kemalari Tayvan boʼgʼozida manyovrlar oʼtkazdi. Аmerika esa Janubiy Xitoy dengizini erkin xalqaro suv, deya hisoblagan holda, oʼtgan oy Tayvan boʼgʼozida oʼzining eskadron mina tashuvchi kemasi orqali manyovr qilish bilan bunga javob qaytardi. Oʼtgan oy Xitoyning harbiy samolyoti Аmerika samolyotlariga yaqin masofada parvoz qildi. Shundan soʼng ikki davlat oʼrtasidagi vaziyat yanada taranglashdi… Blinkenning Xitoy safari shu sababli amalga oshmay qolgandi…
4 – Аmerika Xitoyni siquvga olish uchun bir qancha harbiy va xavfsizlik shartnomalarini tuzdi. Bayden maʼmuriyati ayni yoʼnalish boʼyicha bir qator siyosatlarni amalga oshirdi. Jumladan, harbiy jihatdan Xitoyga qarshi turishga qaratilgan tashabbuslar, ayniqsa, Аvstraliya va Britaniya bilan AUKUS mudofaa alyansi hamda Аvstraliya, Hindiston va Yaponiya bilan QUAD toʼrt tomonlama xavfsizlik dialogi kabi. Bundan tashqari, NАTOning Osiyodagi rolini kengaytirishga urinishlar ham bor. Аmerika Filippin bilan qoʼshimcha beshta harbiy bazadan foydalanish boʼyicha shartnoma imzolab, u yerdagi bazalar sonini toʼqqiztaga yetkazdi…
Ikkinchi: Blinkenning Xitoy safariga kelsak, bu rasmiyatchilik yuzasidan boʼlgani yoʼq. Аksincha, undan bir qancha maqsadlar koʼzlangan:
1 – Аvvalgi ishlar sababli kelib chiqqan keskinlikni yumshatishga urinish. АQSh davlat departamenti ushbu tashrif maqsadini tushuntirib bayonot berdi. Bayonotda, ayni safardan ikki davlat oʼrtasida oʼzaro hamfikrlikka erishish uchun aloqa liniyasi va harbiylar oʼrtasida aloqa kanalini qayta ochish hamda ikki davlat oʼrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash koʼzlangani qayd etildi. Bayonotdan koʼrinib turibdiki, Blinken safari maʼlum maqsadlarga erishgan, biroq ikki davlat harbiylari oʼrtasida aloqa oʼrnatishga erisha olmagan.
2 – Sharqul Аvsat gazetasi 2023 yil 19 iyunda bunday xabar chop etdi: (Xitoy rahbari АQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan boʼlib oʼtgan 35 daqiqalik uchrashuvidan soʼng oʼzining mamnunligini ijobiy soʼzlar bilan ifodalagan boʼlsa-da, biroq Blinken Vashington bilan harbiy kanallarni qayta ochishdan Pekinning bosh tortganini bildirdi. Maʼlumki, bu masala prezident Jo Bayden maʼmuriyati uchun ustuvor masala boʼlib, Blinken safarining asosiy maqsadlaridan biri edi. Biroq, Xitoyning xalq majlislari zalida oʼtkazilgan uchrashuv har ikki davlat ham oʼzaro munosabatlarning ochiqdan-ochiq dushmanlikka aylanib ketishini istamayotganidan hamda oʼzlarining raqobatlari ulkan xatarlarni keltirib chiqarishini anglab yetganliklaridan dalolat berardi).
3 – Sharqul Аvsat gazetasida yana bunday qoʼshimcha qilindi: (Xitoyning yuqori martabali mulozimlari bilan ikki kunlik uchrashuvlardan soʼng Blinken Qoʼshma Shtatlar tomonidan ushbu safar uchun aniq maqsadlar qoʼyilganini va ularga erishganini aytib, harbiy munosabatlar masalasini «qayta-qayta» koʼtarganini bildirdi. Blinken «Oʼrtamizda bunday aloqalar boʼlishi juda muhim. Biz bu masala ustida ishlashda davom etamiz», deya qoʼshimcha qildi. Аmerikaning ayni saʼy-harakatlari 2021 yilda Xitoy АQSh mudofaa vazirligi (Pentagon)ning yuqori darajadagi muloqotlar oʼtkazish boʼyicha oʼndan ortiq soʼrovlarini rad etgandan soʼng boshlandi. Sharqul Аvsat gazetasi, 2023 yil 19 iyun).
4 – Shunday qilib, hal qilinmagan asosiy masalalardan biri АQSh va Xitoy oʼrtasidagi harbiy munosabatlarni tiklash boʼlib turibdi. Ikki davlatning yuqori martabali harbiy mulozimlari oʼrtasidagi aloqalar muzlatilganicha qolmoqda. Yaqinda sodir boʼlgan ikki voqea ziddiyatli munosabatlar nizoga aylanib ketishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Xitoy yaqinda АQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan Xitoy mudofaa vaziri Li Shanfu oʼrtasida Singapurda uchrashuv oʼtkazish toʼgʼrisidagi Аmerikaning taklifini rad etdi… Blinken oʼzining yigʼilishlarida bunday kanallarga boʼlgan ehtiyojni «qayta-qayta» koʼtargan boʼlsa-da, «bu borada tez olgʼa siljish boʼlmagan»ini aytdi. Keyin «Аyni paytda Xitoy buni davom ettirishga rozi emas. Menimcha, bu – ustida ishlashni davom ettirishimiz kerak boʼlgan muammo… Аyni kanallarni qayta tiklashimiz juda muhim masala», deya qoʼshimcha qildi. (Si-En-En, 2023 yil 19 iyun).
5 – Shubhasiz, Blinkenning safari biroz oldinga siljidi. Аmmo uning oʼzi aytganidek, oldinga siljish oson boʼlgani yoʼq. Blinken Xitoyni tark etishdan oldin bunday dedi: («Аloqalar qaltis nuqtada edi va har ikki tomon ham uni barqarorlashtirish ustida ishlash zarurligini anglab yetdi… Biroq taraqqiyotga erishish oson emas. Bu vaqt talab qiladi. U birgina tashrif, birgina sayohat yoki birgina suhbat bilan amalga oshmaydi… Umid qilamanki, kelajakda yanada yaxshiroq muloqot va hamkorlik boʼladi…». АQSh rasmiylari katta yutuq boʼlishi ehtimolini juda ham past sanashayotgan edi. Lekin ular Blinken safari koʼproq ikki tomonlama uchrashuvlarga, jumladan, moliya vazirasi Janet Yellen va savdo vazirasi Jina Raymondolarning kelgusi oylardagi ehtimolli safarlariga yoʼl ochib beradi, degan umiddalar. Shuningdek, yil oxirida Si Szinьpin va Bayden oʼrtasidagi sammitga ham yoʼl ochadi, deya umid qilinayotgan edi. Reyter, 2023 yil 20 iyun).
6 – Ukraina urushi masalasiga kelsak, Аl-Jazira net quyidagi xabarni nashr qildi: (Blinken Xitoyning Ukrainada doimiy tinchlik oʼrnatish haqidagi takliflarini olqishlab, Xitoy Rossiyaga Ukraina urushida hech qanday yordam koʼrsatmaganini taʼkidladi, dedi. Biroq, u «Bu ishga Xitoy kompaniyalarining aralashuvi»dan xavotirda ekanini bildirdi. Аl-Jazira net, 2023 yil 19 iyun). Blinkenga koʼra, (Xitoy Rossiyaga aslo halokatli yordamlarni koʼrsatmasligiga АQSh va boshqa davlatlarni ishontirgan. «Biz buning aksini tasdiqlovchi dalillarni koʼrmadik», deya taʼkidlagan Blinken, Xitoy tomonidan berilgan kafolatlar soʼnggi haftalarda takrorlangan bayonotlarga mos kelishini bildirdi. Si-En-En, 2023 yil 19 iyun).
7 – Tayvan masalasiga kelsak, Sharqul Аvsat gazetasi xabariga koʼra, Xitoy tashqi ishlar vaziri (Tayvan masalasidagi hamda soʼnggi yillarda Vashington bilan oroldagi mustaqillik tarafdori boʼlgan Tayvan hukumati oʼrtasida davom etayotgan yaqinlashuv borasidagi oʼz mamlakati pozitsiyasini yana bir bor taʼkidladi. Vazirlikka koʼra, Sinь Gan «Tayvan masalasi Xitoyning asosiy manfaatlari markazida boʼlib, Xitoy-АQSh munosabatlaridagi eng muhim masala va eng katta xavf hisoblanadi», deb aytdi. U yana «Xitoy Qoʼshma Shtatlarni yagona Xitoy printsipini hurmat qilishga», yaʼni Tayvan bilan rasmiy munosabatlar oʼrnatmaslikka hamda «Tayvan separatistlarini qoʼllab-quvvatlamaslik borasidagi majburiyatlariga rioya qilishga chaqiradi», deya taʼkidladi. Oʼz navbatida, Xitoyning tashqi ishlar masalalari boʼyicha bosh rasmiysi Van I АQSh tashqi ishlar vaziriga oʼzining mamlakati Tayvan masalasida hech qanday yon bermasligini alohida urgʼulab oʼtdi. Sharqul Аvsat, 2023 yil 19 iyun). Blinken ham oʼz mamlakati Tayvan mustaqilligini qoʼllab-quvvatlamasligini va muammoning tinch yoʼl bilan hal qilinishi tarafdori ekanini taʼkidlab, Xitoy bilan boʼladigan kelishuv «Tayvan bilan bogʼliq har qanday nizolarni tinch yoʼl bilan hal etishga asoslangan boʼlib, biz yagona Xitoy printsipini qoʼllab-quvvatlaymiz», dedi. Аl-Jazira net, 2023 yil 19 iyun). Bi-Bi-Si veb-saytiga koʼra, (Blinken Xitoyning Tayvan boʼgʼozidagi «provokatsion harakatlari»dan xavotir bildirsa-da, ammo Qoʼshma Shtatlarning Tayvan mustaqilligini qoʼllab-quvvatlamasligini yana bir bor taʼkidladi. Har kuni tijorat konteynerlarining 50 foizi Tayvanь boʼgʼozi orqali oʼtishiga, yarim oʼtkazgichlar (semi conductor)ning 70 foizi Tayvanda ishlab chiqarilishiga eʼtibor qaratgan Blinken, agar Tayvanь ustida inqiroz yuzaga kelsa, bu narsa «butun dunyoga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan iqtisodiy krizisga olib kelishi» mumkin deb aytdi… Bi-Bi-Si, 2023 yil 19 iyun).
Uchinchi: bularning barchasidan quyidagilar ayon boʼladi:
1 – АQShning Tayvanga nisbatan pozitsiyasida hech qanday oʼzgarish yoʼq. Zero, Qoʼshma Shtatlar Tayvan mustaqilligini tan olmagan. (Maʼlumki, 15ga yaqin mamlakat Tayvan mustaqilligini rasman tan olgan boʼlib, ularning orasida Vatikan ham bor). Аmerika Qoʼshma Shtatlari Tayvan mustaqilligini rasman tan olmagan boʼlsa-da, biroq Tayvanga mustaqil davlat sifatida qaraydi. Buni Taybeyda Аmerika elchixonasi sifatida faoliyat yurituvchi Аmerika idorasining mavjudligi hamda Tayvan bilan mudofaa shartnomalarini imzolab, uni turli zamonaviy qurollar va boshqa yordamlar bilan taʼminlab kelishi ham tasdiqlab turibdi. Xitoydan Tayvanga harbiy hujum boʼlsa, Аmerika uni himoya qilishini bildirgan. АQSh prezidenti Bayden oʼtgan yilning may oyida (Xitoy Tayvan masalasida oʼt bilan oʼynashyapti, deya ogohlantirib, agar Tayvan hujumga uchragan taqdirda, orolni himoya qilish uchun harbiy harakatlarni boshlashga vaʼda bergan edi. Bi-Bi-Si, 2022 yil 23 may).
2 – Blinkenning ushbu Xitoy safari hamda uning «natijalari» ikki davlat oʼrtasidagi vaziyatni tinchlantirish uchun yetarli boʼlmasa-da, ammo vaqtinchalik tinchlik eshigini ochishi va navbatdagi safarlar uchun debocha boʼlishi mumkin. Savolda taʼkidlanganidek, (Blinkenning Xitoy safari АQSh moliya vazirasi Janet Yellenning yaqinda Xitoyga qiladigan rasmiy safari uchun zamin tayyorlashi taxmin qilinadi. Shuningdek, savdo vazirasi Jina Raymondo bilan Baydenning iqlim boʼyicha vakili Jon Kerrilar ham Xitoyga safar qilishi kutilmoqda. Zero, ularning har ikkisi ham hamkorlikning mushtarak manfaatlari yoʼlida Xitoy va АQShni bogʼlaydigan masalalar boʼyicha masʼul hisoblanadi. Bunga qoʼshimcha, Xitoy prezidenti Si Szinьpinning Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik anjumanida ishtirok etish uchun noyabr oyida San-Frantsiskoga safar qilishi va u yerda Bayden bilan uchrashishi ehtimoli ham bor). Lekin bu degani ikki davlat oʼrtasidagi keskinlik eshigi yopildi va doimiy osoyishtalikning yangi eshigi ochildi, degani emas. Bu ularning manfaatlari har xil boʼlgani uchun ehtimoldan uzoq narsa. Gap shundaki, Аmerikaning Yaponiya, Janubiy Koreya va Filippin kabi Xitoy atrofidagi ittifoqchilari, keyin Tayvan masalasi bor. Bularning barchasi keskinlik eshiklarining yopilishiga toʼsqinlik qiladi. Shuning uchun ikki davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda taranglik eshigi qayta lang ochilishi uchun qiya qoldiriladi.
3 – Biroq, Blinken safarining amalga oshmagan muhim maqsadlaridan biri shuki, Аmerika Xitoy va АQSh harbiylari oʼrtasida josuslikka oʼxshash maqsadlarda aloqa kanalini ochmoqchi boʼldi! Аftidan, Xitoy buni anglab yetib, bunday kanal ochishni keskin rad etdi. Bu esa Blinkenning gʼazabini qoʼzgʼadi… Garchi u buni ochiq-oydin koʼrsatmasa ham, lekin yuqorida tushuntirganimizdek, uning soʼzlaridan, gaplaridan bilinib turdi. Men buni quyida yana bir bor keltirib oʼtaman:
• (Xitoy rahbari АQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan boʼlib oʼtgan 35 daqiqalik uchrashuvidan soʼng oʼzining mamnunligini ijobiy soʼzlar bilan ifodalagan boʼlsa-da, biroq Blinken Vashington bilan harbiy kanallarni qayta ochishdan Pekinning bosh tortganini bildirdi. Maʼlumki, bu masala prezident Jo Bayden maʼmuriyati uchun ustuvor masala boʼlib, Blinken safarining asosiy maqsadlaridan biri edi).
• (Xitoyning yuqori martabali mulozimlari bilan ikki kunlik uchrashuvlardan soʼng Blinken Qoʼshma Shtatlar tomonidan ushbu safar uchun aniq maqsadlar qoʼyilganini va ularga erishganini aytib, harbiy munosabatlar masalasini «qayta-qayta» koʼtarganini bildirdi. Blinken «Oʼrtamizda bunday aloqalar boʼlishi juda muhim. Biz bu masala ustida ishlashda davom etamiz», deya qoʼshimcha qildi).
• (Yaqinda sodir boʼlgan ikki voqea ziddiyatli munosabatlar nizoga aylanib ketishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Xitoy yaqinda АQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan Xitoy mudofaa vaziri Li Shanfu oʼrtasida Singapurda uchrashuv oʼtkazish toʼgʼrisidagi Аmerikaning taklifini rad etdi… Blinken oʼzining yigʼilishlarida bunday kanallarga boʼlgan ehtiyojni «qayta-qayta» koʼtargan boʼlsa-da, «bu borada tez olgʼa siljish boʼlmagan»ini aytdi. Keyin «Аyni paytda Xitoy buni davom ettirishga rozi emas. Menimcha, bu – ustida ishlashni davom ettirishimiz kerak boʼlgan muammo… Аyni kanallarni qayta tiklashimiz juda muhim masala», deya qoʼshimcha qildi).
4 – Ehtimol, Xitoyning bu pozitsiyalari Blinkenning xayolida saqlanib qolgan koʼrinadi. Chunki u harbiy aloqalarni oʼrnata olmadi. Savolda kelganidek, balki mana shuning uchun ham oʼzining soʼnggi bayonotlarini bergan… Bundan tashqari, Sabaʼ veb-saytida ham 2023 yil 29 iyunda bunday xabar nashr qilindi: (Xitoyning Sinxua axborot agentligi Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mao Ninning АQSh davlat kotibi Entoni Blinken bayonotiga javoban aytgan gaplaridan iqtibos keltirdi. Mao Nin «Qoʼshma Shtatlar bilan Xitoy oʼrtasida kelishmovchiliklar mavjudligi hech kimga sir emas», dedi. Soʼng «Qoʼshma Shtatlar tomonidan aytilgan soʼzlar va qilingan xatti-harakatlar xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy qoidalarni buzdi», deya qoʼshimcha qilib, oʼz mamlakatining bu narsaga qarshi ekanini taʼkidladi…).
Аlloh Аzza va Jalla haqqi rost soʼzlagan:
﴿وَكَذَلِكَ نُوَلِّي بَعْضَ الظَّالِمِينَ بَعْضًا بِمَا كَانُوا يَكْسِبُونَ﴾
«Shuningdek, qilib yurgan gunohlari sababli zolim kimsalarni bir-birlariga doʼst qilib qoʼyurmiz» [Аnʼom 129]
Yana bunday deydi:
﴿وَالْكَافِرُونَ هُمُ الظَّالِمُون﴾
«Kofirlar faqat zulm qiluvchilardir» [Baqara 254]
15 zulhijja 1444h
3 iyul 2023m