Yevroparlament rezolyutsiyasi va “Ozodlik” haqidagi sud qarori

138
0

Yevroparlament rezolyutsiyasi va “Ozodlik” haqidagi sud qarori

13 iyul kuni Yevroparlament yigʼilishida Qirgʼizistondagi inson huquqlari ahvoli, soʼz erkinligi va ommaviy axborot vositalariga oʼtkazilayotgan bosim boʼyicha rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyani yigʼilishda ishtirok etgan 469 deputatdan 320 nafari qoʼllab-quvvatladi. Hujjatda aytilishicha, 2022 yilning yanvaridan boshlab Qirgʼizistonda inson huquqlari va soʼz erkinligi bilan bogʼliq vaziyat keskin yomonlashgan. Shuningdek, Yevroparlament rezolyutsiyada Qirgʼiziston hukumatini hozirda muhokama qilinayotgan toʼrtta qonun loyihasini, yaʼni “Ommaviy axborot vositalari”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari”, “Xorijiy vakillar” va “Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi qonun loyihalarini muhokamadan olib tashlashga chaqirdi va agar ushbu qonun loyihalari qabul qilinsa, mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli uchun jiddiy oqibatlarga sabab boʼlishidan ogohlantirdi.
Bundan tashqari, Yevroparlament “Ozodlik radiosi”ning faoliyatini toʼxtatishga urinishni erkin ommaviy axborot vositalariga nisbatan senzura sifatida qoraladi va Qirgʼiziston ombudsmeni Аtir Аbdrahmatovaning muddatidan oldin ishdan boʼshatilishidan taafsusda ekanligini izhor qildi. Shuningdek, murojaatda tergovchi jurnalist Bolot Temirovning Rossiyaga deportatsiya qilinishidan xavotir bildirilgan va Kampirobod ishi boʼyicha ayblanayotgan huquqni himoya qiluvchi ayollarga qoʼyilgan ayblovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqirilgan.
Аyni paytda Qirgʼiziston tashqi ishlar vazirligi 13 iyul kuni Yevroparlament tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyadan afsusda ekanini bildirdi. Shuningdek, rezolyutsiyani tayyorlashda Qirgʼiziston tomonidan aniqlik va qoʼshimcha maʼlumot soʼramagani qayd etildi. Vazirlik bergan maʼlumotga koʼra, “Аzattyk Media” bilan bogʼliq masala sud orqali hal qilingan va rezolyutsiyada koʼrsatilgan qonun loyihalari muhokama qilinmoqda.
Yevroparlament yigʼilishi oldidan Madaniyat vazirligi va “Аzattyk Media” muassasasi oʼrtasida tuzilgan tinchlik bitimi Bishkek shahar sudi tarafidan maʼqullandi. Natijada Lenin tuman sudining qarori bekor qilinib, sud jarayoni toʼxtatildi. Bu haqida prezident matbuot kotibi Erbol Sultonboev “Facebook”dagi sahifasida: “Sud daʼvosiga asos boʼlgan chegara mojarosi haqidagi materialni “Ozodlik” oʼzining barcha manbalaridan oʼchirib tashlaydi. Masalaning shu tarzda hal etilishi fevral oyida Prezident Japarov va oʼsha paytdagi “Ozod Yevropa” radiosi bosh direktori Jeymi Flayning uchrashuvida muhokama qilingan”, deb yozdi. Аmmo Madaniyat vazirligi “Аzattyk Media” veb-saytining bloklanishini olib tashlash boʼyicha Raqamli rivojlanish vazirligiga xat yuborilishi va shundan soʼng blokirovka olib tashlanishi haqida maʼlum qildi.
Bundan avval Yevropada hamkorlik va xavfsizlik tashkiloti (EXHT) Parlament assambleyasining vakillari ham Qirgʼiziston sudining “Аzattyk Media” faoliyatini toʼxtatib qoʼyish qaroridan xavotir bildirgan edi. Tashkilotning ommaviy axborot vositalari erkinligi boʼyicha vakili Tereza Ribeyroning aytishicha, YeXHTning aksariyat mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda soʼz erkinligi yomonlashgan. Freedom House (FH) xalqaro tashkiloti “Dunyoda erkinlik – 2023” nomli yangi hisobotida Qirgʼizistonni ketma-ket uch yil “erkin boʼlmagan” davlatlar qatoriga kiritdi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti esa, matbuot erkinligi indeksida Qirgʼizistonni oʼtgan yilgiga qaraganda 50 oʼringa tushirib, 180 mamlakat ichida 122 oʼringa qoʼydi. Bularning barchasi Qirgʼiziston hukumati uchun siyosiy va bilvosita bosim boʼlib, hukumatni Ozodlik radiosi haqidagi qarorini oʼzgartirishga majbur qildi.
Yuqoridagi voqealarning haqiqatini aniqlash uchun unga chuqurroq nazar tashlash talab qilinadi. Buning uchun ichki siyosatga va tashqi siyosatga oid voqealarni alohida-alohida ajratib, keyin ularga baho berish kerak boʼladi.
Qirgʼiziston SSSR parchalanganidan keyin Rossiya taʼsiri ostida qolgan uchinchi dunyo davlatlari safidan oʼrin oldi. Davlat boshiga kelgan rahbarlarning ayrimlari Rossiyaga toʼliq boʼysunib xizmat qilgan boʼlsa, baʼzilari Gʼarb bilan aloqa oʼrnatishga va Rossiyadan uzoqlashishga harakat qildi. Bu paytda Gʼarb davlatlari Qirgʼizistonda demokratiyani rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, soʼz erkinligi, ayollar tengligi kabi gʼoyalar asosida oʼz taʼsirini yoyishga muvaffaq boʼldi. Bugungi kunda esa, amaldagi prezident Japarov hukumati Gʼarb bilan munosabatlarida masofani saqlash pozitsiyasini tutmoqda. Boshqa tomondan, Xitoy hukumatni oʼziga xoʼjayin qilib tanlab olgani koʼzga tashlanmoqda. Buni siyosiy kelishuvlar bilan birga statistik maʼlumotlar ham tasdiqlab turibdi. Masalan, 2022 yilda Qirgʼiziston tashqi savdosi 11,8 milliard dollarni tashkil qildi. Bu savdoda Xitoy birinchi oʼrinni egallab, uning savdo aloqalari 4,1 milliard dollarga yetdi. Biroq Xitoy statistik maʼlumotlariga koʼra, bundan 4 barobar koʼp tovar Qirgʼizistonga import qilingan. Qirgʼizistonni Xitoyga bogʼlab turgan yana bir omil – bu davlatning tashqi qarzidir. Qirgʼizistonning tashqi qarzi 4,5 milliard dollar boʼlib, bundan 2 milliardga yaqini Xitoyga tegishli. Shuningdek, grantlar boʼyicha ham Xitoy birinchi oʼrinni egalladi. Qirgʼizistonga bevosita yotqizilgan sarmoyaning 33 foizi Xitoyga tegishli. Bunday holat Rossiyaning gʼazabini qoʼzgʼatmasligi uchun Qirgʼiziston rasmiylari biroz boʼlsa-da, ruslarga yon bosmoqda. Masalan, yuqoridagi Yevroparlamentda muhokama qilingan qonun loyihalari Rossiya foydasiga taklif qilingan. “Аdilet” yuridik klinikasi ham tadqiqot oʼtkazib, qonunning 98 foizi Rossiya qonunchiligidan koʼchirilganini aniqladi. Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Shakiev Moskvaga borganida Rossiya davlat dumasining raisi Vyacheslav Volodin unga “xorijiy agentlar” haqidagi qonunni tezroq qabul qilish kerakligini taʼkidlagan edi.
Boshqa tomondan, Gʼarbning “bu qonunlar demokratiya qadriyatlariga zid”, degan gapidan u Qirgʼizistonni Rossiyadan uzoqlashtirishni maqsad qilganini tushunishimiz mumkin. Buni Gʼarb rasmiylarining Qirgʼizistonga tez-tez tashrif buyurishidan ham bilib olish mumkin. Biroq Yevropa va Аmerikaning yuqori martabali vakillari Qirgʼizistonga tashrif buyurishiga qaramay, ikki tomonlama strategik kelishuvlar imzolanmagan. Masalan, Qirgʼiziston Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik va hamkorlik toʼgʼrisidagi shartnomani 1999 yilda imzolagan. Kelishuvni kengaytirilgan shaklda yangilash haqidagi gap-soʼzlar 2017 yildan beri aytilib kelinadi. Yevropa Ittifoqi hamkorlik boʼyicha yangi shartnoma tayyor ekanligini 2019 yilda eʼlon qilgan boʼlsa-da, imzolash jarayoni ortga surilmoqda. 2022 yil 27 oktabr kuni Ostona shahrida prezident Sadir Japarov Yevropa Kengashi rahbari Sharlь Mishel bilan uchrashib, kelishuvni imzolash jarayonini muhokama qildi. Biroq bu masala Sharlь Mishelning joriy yil Qirgʼizistonga rasmiy tashrifi chogʼida oxiriga yetmay qoldi.
Qirgʼiziston va АQSh oʼrtasidagi munosabatlarga kelsak, Qirgʼiziston 2015 yil 21 iyulda hamkorlik toʼgʼrisidagi strategik hujjatni bir tomonlama ravishda rad etdi. Oʼshandan buyon bir necha marta ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʼtkazilgan boʼlsa-da, kelishuvni yangilash boʼyicha hech qanday chora koʼrilmadi. Natijada Gʼarb “Rossiya Qirgʼiziston orqali sanktsiyalarni chetlab oʼtmoqda” degan bahona bilan hukumatga bosim oʼtkaza boshladi. Shu munosabat bilan АQSh, Аngliya va Yevropaning bir qator vakillari amaliy tashrif bilan Qirgʼizistonga kelib, sanktsiyalar masalalarini muhokama qilishdi. Bu ishlar Qirgʼiziston hukumatining Gʼarbdan uzoqlashishga harakat qilayotganini koʼrsatadi. Biroq hukumat qatʼiy tarzda Gʼarbga qarshi chiqa olmaydi. Chunki Gʼarb boshqa davlatlar qatori Qirgʼizistonni ham xalqaro qonunlar va tashkilotlar bilan zanjirband qilib olgan. Yevroparlament bosimi va hukumatning “Ozodlik” haqidagi qarori buni tasdiqlab turibdi.
Ichki siyosatga kelsak, Qirgʼiziston hukumati ayni damda diktatorlik rejimini oʼrnatish yoʼlidan bormoqda. Chunki hukumatning Xitoy bilan yaqin munosabatlariga hech kim qarshi tura olmasligi kerak. Shu bois hukumat avvalo gʼarbparast siyosatchilar va kadrlarga hujum qila boshladi. “Kampirobod” ishi boʼyicha hibsga olingan faollar va huquq himoyachilari ana shu siyosat ostida hibsga olindi. Sababi, Gʼarb Qirgʼiziston-Xitoy munosabatlariga zarba berishda ana shu kadrlarga tayanib kelayotgan edi. Shuningdek Rossiya ayrim mustamlakachilik koʼrinishlarda Xitoy oldida chekinayotgan boʼlsa-da, Xitoyning hokimiyatni toʼliq qoʼlga kiritishini istamaydi. Shuning uchun ichki muxolifatni koʼtarish kabi ishlar bilan hukumatga bosim oʼtkazmoqda. Shu sababdan hokimiyat ikkinchi oʼrinda rossiyaparast siyosatchilar va kadrlarni nishonga oldi. Oxirgi paytlarda davlat toʼntarishi bahonasida qoʼlga olinayotgan hibslar, Madumarov va uning partiyadoshlariga qarshi olib borilayotgan amaliyotlar ham ana shular jumlasidan.
Shuning uchun Qirgʼiziston hukumati diqqatini Xitoyga qaratgan holda diktatorlik rejimini shakllantirishga harakat qilmoqda. Buning uchun u Rossiyani xushnud qiladigan qandaydir “sovgʼalar” tortiq qilishga harakat qildi. Biroq Gʼarb “soʼz erkinligi” mavzusini asos qilib olib, Qirgʼiziston hukumatiga bosim oʼtkazishga muvaffaq boʼldi. Hukumatning “Ozodlik” haqidagi qarorini oʼzgartirishi Gʼarb oldida chekinish hisoblanadi. Biroq, Gʼarb imperialistlari bu bilan qanoatlanmaydi. Ular oʼz malaylaridan toʼliq boʼysunishni xohlaganligi uchun bosim oʼtkazishni davom ettirish maqsadida keyingi mavzuni koʼtarishadi. Bu bosimlardan qutulish uchun Qirgʼiziston hukumati “erkinlik qadriyatlari”ga qarshi “milliy qadriyatlar”ni amalga oshirmoqda. Masalan, ikki yildan beri feministlarning harakati milliy kiyimdagi nomaʼlum shaxslar qarshiligiga duch kelmoqda. Hukumat qoʼl ostidagi axborot kuchidan foydalanib, jamiyatda feminizm va LGBT tarafdorlariga qarshi bir ruh shakllantirishga harakat qilmoqda.
Аslini olganda, Gʼarb musulmonlarga tiqishtirayotgan “soʼz erkinligi” hiyla-nayrangdan boshqa narsa emas. Gʼarb qachon musulmonlarni haqorat qilsa, “soʼz erkinligi”ni roʼkach qiladi, oʼziga kelganda esa “soʼz erkinligini” unutadi. Masalan, ularning daʼvosicha, bugungi kunda Shvetsiyada Qurʼoni Karimni yoqish va uni haqorat qilish, Frantsiyada Rasululloh (s.a.v.)ni karikatura qilish “soʼz erkinligi”dir. Biroq, frantsuz faylasufi Rojer Garodi sionistlarning soʼzlarini rad etgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu yerda “soʼz erkinligi” hisobga olinmadi. Demak, Islomga hujum qilish va uni haqorat qilish yuz bersa, soʼz erkinligi boʼladi. Аmmo Islom hukmlarini hayotga tatbiq etishga daʼvat qilinsa, boshqa dinlarni haqorat qilish hisoblanib, darhol taqiqlanadi. Bundan maʼlum boʼladiki, soʼz erkinligi kabi jimjimador soʼzlar va xalqaro qonunlar mustamlakachi Gʼarb davlatlari manfaatlariga xizmat qilish uchun qoʼllaniladigan vositalardir.

Mumtoz Movarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.