Qirgʼiziston 4 oyda oʼtgan yilga nisbatan 5 barobar koʼp oltin sotdi

263
0

Qirgʼiziston 4 oyda oʼtgan yilga nisbatan 5 barobar koʼp oltin sotdi

Xabar: Qirgʼiziston joriy yilning ilk toʼrt oyida 87,9 million dollarlik, yaʼni 1 tonna 411,2 kilogramm oltin eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qoʼmitasi maʼlum qildi. 1 tonna 243,3 kilogramm oltin Shveytsariyaga eksport qilingan boʼlsa, 167,9 kilogramm oltin Gonkongga eksport qilindi. Faqatgina aprel oyining oʼzida Shveytsariyaga 589 kilogramm oltin sotilgan.
Oltin qazib olish jihatidan qaralganda, “Kumtor Gold Kompani” kompaniyasining xabar berishicha, joriy yilning birinchi choragida, yaʼni yanvar-mart oylarida “Qumtor” konidan 2 tonna 504 kilogramm (80 511 untsiya) oltin qazib olingan. Shuningdek, “Qirgʼiz oltin” korxonasi uch oyda ishlab chiqarilgan 2 tonna 412 kilogramm qimmatbaho metallni 146,7 million dollarga sotgan. Bu 2022 yilning birinchi choragiga nisbatan 26,8 million dollarga koʼpdir.

Izoh: Oltin konlari kabi miqdori cheklanmagan qazilma boyliklar umumiy mulk sirasiga kiradi. Bu boyliklar barcha musulmonlarga tegishli boʼlib, omma xalqning manfaati uchun sarf qilinishi shart. Boyliklarning bunday turlari barcha musulmonlarga tegishli boʼlganligi uchun biror bir shaxs yoki kompaniya tarafidan xususiylashtirib olinishi aslo joiz emas. Hatto davlat ham unga egalik qilib, musulmonlarni undan mahrum qilishi haromdir. Chunki u barcha musulmonlarning mulki hisoblanadi. Ulardan olinadigan daromadlar – erkagu-ayol, yoshu-qari – har bir fuqaroga yetib borishini taʼminlash davlatning vazifadir. Davlat uni musulmonlardan vakil boʼlib qazib oladi. Soʼng qazib olishdagi ishchi-xizmatchilarning maoshini va ogʼir texnikalar kabi zarur uskunalar xarajatini ajratgandan keyin musulmonlar oʼrtasida tenglik bilan taqsim qiladi. Аgar u xalqning ehtiyojidan ortib qolib, xorijiy davlatlarga sotilagan boʼlsa, undan tushgan mablagʼ naqd pul yoki xizmat koʼrinishida xalqqa taqsimlab berilishi shart. Bu umumiy mulkka oid Аllohning hukmidir.
Аmmo Qirgʼizistonda boʼlsin yoki boshqa Islomiy oʼlkalarda boʼlsin, bu konlardan qazib olingan boyliklarning oddiy xalqqa zarracha ham foydasi tegishi amri mahol. Hokimiyat tabaqadagilar va oila aʼzolarining yashash tarzi bilan oddiy xalqning yashash tarzi solishtirib koʼrilsa, yuqoridagi oltinlar va undan boshqa boyliklarning pullari qayoqqa ketayotganligi maʼlum boʼladi. Ular umumiy mulk va davlat mulkini oʼzlari va oila aʼzolarining farovonligi uchun nohaq ishlatishga odatlangan. Chunki ustimizda ijro qilinayotgan kapitalistik tuzum siyosati umumiy mulkni qonuniy oʼgʼirlash asosiga qurilgan. Bu tuzumda hokimiyat tabaqa musulmonlarga oid boʼlgan hisobsiz boyliklarni qaerga va qanday sarf qilayotgani haqida hisob-kitob berishni hayoliga ham keltishmaydi. Kapitalistik tuzum ularga daxlsizlik huquqini berib, ularni nazoratning barcha turlaridan ozod qiladi. Yaʼni boylikning katta qismini oz sonli kishilar qoʼlida toʼplanib, koʼpchilikning undan mahrum boʼlishiga yoʼl ochish kapitalistik tuzumning tabiatidir. Toki, ustimizda kapitalistik tuzum hukm yuritar ekan, xalq bu boyliklardan oʼz haqqiga ega boʼlishi aslo kutilmaydi. Qachonki Islom nizomi xuddi oldingi musulmonlarga tatbiq qilinganidek bizga ham tatbiq qilinsa, ana shunda umumiy mulkdan qoʼlga kiritilgan boyliklarlar oldingi musulmonlarga taqsimlanganidek, bugun ham barcha davlat fuqarolariga taqsimlanadi. Demak, xalq kapitalizmdan voz kechishi va Islomni tiklab, uning hukmlarini hayotga tatbiq qilish orqaligina oʼz haq-huquqiga ega boʼla olishi mumkin.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.