Elektr energiyasi uchun cheklov kiritildi

233
0

Elektr energiyasi uchun cheklov kiritildi

Xabar: Qirgʻiziston Milliy energoxoldingi mamlakat viloyatlarida elektr energiyasi uchun cheklov kiritilgani toʻgʻrisida 23 noyabrda maʼlum qildi. Rasman bildirilishicha, bunga Toktagul suv omboridagi suv hajmining oʻta ozayib ketgani sabab boʻlgan.
“Aprelь-oktyabrь oylari oraligʻida elektr energiyasiga talab 530 million kVt soatga yoki 10,4 foizga koʻpaygan. Elektr energiyasidan foydalanish boʻyicha belgilangan meʼyorlarga amal qilmaslik oqibatida Toktagul suv omboridagi suv hajmi elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin boʻlmaydigan darajaga yetib qoldi”,-deyiladi bayonotda.
Qirgʻiziston hukumati energetik inqirozni bartaraf etish uchun Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Rossiyadan elektr energiyasi sotib olish rejasini ishlab chiqqan.

Izoh: Sadir Japarov prezidentlikka nomzod sifatida xalq bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarida elektr energiyasi narxini arzonlatish va 2021 yilning bahor oylarida bekor qilishni va 700 kVt soatli cheklovni olib tashlashni vaʼda qilgan edi. Ammo vaʼda qilingan bahor oyiga kelganida Japarov qirgʻiz energetikasining qarzi 129 milliard somga yetganini maʼlum qilib, yangi tarif joriy etishni taklif qildi. Japarov yangi tarifda togʻli va olis hududlar uchun svet narxini 1 som 04 tiyin qilib belgilash, “yashash sharoiti yaxshi boʻlgan” oilalar uchun esa narxni 1 som 48 tiyin qilib belgilash va 1000 kVt soatlik cheklov qoʻyilishi, oshiqcha sarflangani uchun 2 som 29 tiyin narx belgilashni taklif qildi. Bu esa narxlarni arzonlatish oʻrniga, aksincha koʻtarilishini anglatar edi. Biroq bu taklif amalga oshmadi. Shunday boʻlsada qirgʻiz hukumati 15 oktyabrdan elektr energiyasi uchun yangi tariflarni joriy qildi. Bu hozircha faqat sanoat korxonalariga taʼsir qiladi.

Energiya va sanoat vazirligi maʼlumotlariga koʻra, aholi uchun tarif 1 kVt soat uchun 77 tiyin boʻlib qoladi. 700 kVt soat dan ortiq, elektr energiyasi narxi 2 som 16 tiyinligicha qoldi. Shu bilan birga, togʻli va olis hududlarda yashovchi aholi uchun chegara bekor qilindi. Ular uchun tarif 1 kVt soat uchun 77 tiyin boʻldi.
Nasos stantsiyalari uchun tarif 1 kVt soat uchun 1,09 somni tashkil etadi (soliqlarsiz); Turar joy boʻlmagan isteʼmolchilar uchun tarif 2,52 som soatni tashkil etadi (soliqlarsiz); Konchilik korxonalari (kriptovalyuta), oltin qazib olish sanoati korxonalari (oltinni qayta tiklash fabrikalari), alkogolli ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar 5,04 som (soliqlarsiz) toʻlaydilar; Quyish, eritish tsexlari uchun tarif 3,78 som tashkil etadi (soliqlarsiz); Tsement mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari uchun 3,28 somni tashkil etadigan boʻldi.
Havo haroratini keskin sovub ketishi hukumat qishga tayyorgarlik koʻrmaganini fosh etib qoʻydi. Hukumat Toktagul suv omborida suv kamligini bahona qilib, bir fazali isteʼmolchilar uchun sutkasiga 5 kVt soatlik, uch fazali isteʼmolchilar uchun 10 kVt soatlik cheklov joriy etdi. Ammo hukumat shu bilan cheklanib qolmadi. 19 noyabr kuni Botken viloyati Qadamjoy tumani aholisining elektr isitish moslamalari muhrlab ketilgani toʻgʻrisida xabarlar tarqadi. Boshqa viloyatlarda elektroset xodimlari uyma uy yurib aholini elektrdan tejamkorlik bilan foydalanishga, svet oʻrniga koʻmir va gazdan foylanishga oʻtishga chaqirib, agar sarf koʻpayib ketadigan boʻlsa yuqori kuchlanishni koʻtara oladigan “avtomatlar” past quvvatligi bilan almashtirilishi va muhrlab ketilishi borasida ogohlantrib chiqishmoqda. Maʼlumki, 2014-yili “Qirgʻizgaz” Rossiyaning “Gazprom”iga 1 dollar evaziga sotib yuborilgan. Hukumat gaz narxiga aralasha olmaydi. “Gazprom” esa aholiga gazning har ming kub metrini 220 dollardan sotadi. Tabiiyki, bunday narx aholi uchun ogʻirlik qiladi va har kim ham uyni istishda gazdan foydalana olmaydi. Svet tanqisligi, elektroset xodimlari ogohlantiruvi va gaz narxi qimmatligi sababli koʻmirga boʻlgan talab oshib ketdi. Natijada koʻmirning narxi ham koʻtarilib, baʼzi viloyatlarda tonnasi 10 ming somdan ham oshib ketdi…
Japarov bu muammoni hal qilish uchun aholiga arzon narxda, tonnasi uch ming som boʻlgan koʻmir yetkazib berish yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi. Ammo, arzon koʻmir uchun uzun navbatlar vujudga kelmoqda. Chunki, bir tuman uchun ajratiladigan 50 yoki 100 tonna koʻmir hech narsa boʻlmasligi kundek ravshan. Hukumat esa shu yoʻl bilan odamlarni parlament saylovlari oʻtguncha aldab turishni reja qilgandek koʻrinadi. Saylov tinch oʻtib, hukumat oʻz kursini mustahkamlab olganidan keyin esa arzon koʻmir ham, svet ham boʻlmasligining ehtimoli koʻproq. Oddiy qilib aytganda, “oʻzing uchun oʻl yetim”.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.