Prezidentlik saylovi sanasi ma’lum qilindi

329
0

Prezidentlik saylovi sanasi ma’lum qilindi

 Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov muddatidan oldingi prezidentlik saylovi 2021 yilning 10 yanvarida o‘tkazilishini tasdiqladi.

 Uning aytishicha, davlat rahbari saylanganidan keyin konstitutsiyaviy islohotlar olib boriladi. Unda mamlakatning boshqaruv formasi bilan saylov qonunlariga o‘zgartirish kiritish masalalari ko‘riladi. Shundan so‘ng parlament saylovi bo‘lib o‘tadi.

 “Parlament saylovi kelasi yilning birinchi yarmigacha bo‘lmaydi. 20 dekabrda parlament saylovi bo‘ladi deb noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlarga ishonmanglar”, – dedi Japarov.

 Izoh: Qirg‘iziston postsovet respublikalari ichida birinchilardan bo‘lib parlament boshqaruviga o‘tishga qaror qilgan davlatlardan biri. Bu esa Rossiya uchun istalmagan holatdir. Chunki, Rossiya o‘zining sobiq va amaldagi mustamlaka davlatlarda – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston kabi – avtoritar rejim hukm yuritishini, ularda “tinchlik” hukm surib, o‘zining janubiy chegaralaridan ko‘ngli xotirjam bo‘lishini istaydi. “”Demokratiya orolchasi” bo‘lgan Qirg‘iziston esa qator yilllardan beri Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi. Rossiyaga bu erda ham qattiqqo‘l prezidentlik boshqaruvi bo‘lishi manfaatli bo‘lsa, AQSh va Evropa davlatlari uchun parlament boshqaruvi bo‘lishi afzal.

 Shu sababli Rossiya Qirg‘izistondagi navbatdagi davlat to‘ntarishidan foydalangan holda parlament boshqaruvini yo‘q qilib, prezident boshqaruviga qaytarishga jiddiy kirishdi. Shuning uchun ham parlament saylovlaridan oldin prezident saylovini o‘tkazish, so‘ngra konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritsh orqali barcha vakolatni bir shaxs – prezident qo‘lida jamlash uchun zamin hozirlamoqda. Japarov 26-oktyabr kuni bergan bayonotida dekabr boshida iste’foga ketishini va prezident saylovida ishtirok etishini ma’lum qildi.

 “10 yanvar kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Men dekabr oyi boshida o‘z vakolatlarimni topshirib, saylovda ishtirok etaman. Saylovda oddiy fuqaro sifatida qatnashaman, agar o‘tsam, prezident bo‘laman, mabodo o‘tolmasam, oddiy fuqaroligimcha qolaman”, – dedi S. Japarov.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.