Qirg‘iziston koronavirusga qarshi kurashish uchun donorlardan 462 mln dollar oladi

529
0

Qirg‘iziston koronavirusga qarshi kurashish uchun donorlardan 462 mln dollar oladi

 Qirg‘iziston Respublikasi operativ shtabi koronavirusga qarshi kurash uchun xalqaro moliya institutlaridan moliyaviy yordam jalb qilinganini ma’lum qildi.

 Shtab ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda 462 mln dollardan ko‘proq yordam borasida kelishuvga erishilgan.

 Xalqaro valyuta jamg‘armasidan 242 mln dollar kredit kelib tushdi, mablag‘lar respublika byudjetini to‘ldirish uchun yo‘naltirildi.

 Osiyo taraqqiyot bank 100 mln dollar ajratadi, shundan 25 mln dollari grant bo‘lib, uchta transh bo‘yicha ajratiladi. Shuningdek OTB 20 mln dollar ajratadi, shundan 10 millioni –COVID-19ga qarshi kurash uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot anjomlari sotib olish uchun investitsiya loyihalariga beriladigan kreditdir.

 Jahon banki 21 mln 150 ming dollarni ikkita investitsion loyiha – “COVID-19 bo‘yicha favqulodda loyiha” va “Qirg‘izistonda tabbiy ofatlarga chidamlilikni oshirish” loyihalari uchun ajratadi. Loyihalarga ko‘ra sog‘liqni saqlash tarmog‘iga jihozlar sotib olish ko‘zda tutilgan. Mablag‘larning teng yarmi kredit bo‘yicha ajratiladi.

 Islom taraqqiyot banki Qirg‘izistondagi amal qilayotgan loyihadan tejab qolgan mablag‘lari hisobidan tibbiyot preparatlari sotib olish uchun 15 mln dollarlik kredit beradi.

 Evropa Ittifoqi 33 mln 880 ming dollarni grant asosida beradi: ta’lim dasturi uchun– 15 mln 300 ming evro, raqamlashtirish tadbirlari uchun – 6 mln evro, ijtimoiy himoya uchun– 9 mln 500 ming evro.

 Germaniya taraqqiyot bankining 30 mln 352 ming 500 dollarlik mablag‘lari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida fermerlarni qo‘llab quvvatlashga beriladi.

Izoh: Bosh vazir o‘rinbosari Erkin Asrandiev, “Tashqi yordamlarning sarflanishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish taklif qilindi. Biroq mavjud tizim bunga yo‘l qo‘ymaydi. Nazorat bo‘yicha aytsak, Hisob palatasi, yana boshqa nazorat organlari, Jogorku Kenesh bor”, — degan edi.

  Rasmiy xabarlarda xalqaro tashkilotlardan olinayotgan qarzlarning katta qismi byudjet harajatlarini qoplash uchun sarflanishi aytilmoqda. Ammo, Bosh vazir Muxammedkaliy Abilgaziev iyun oyiga kelib pensiya, nafaqa va ish haqi masalasida qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Demak xulosa qilish mumkinki, olinayotgan qarzlar byudjet harajatlarini qoplash uchun sarflanmaydi.

 Qirg‘izistonda chuqur ildiz otgan korruptsiya balosini hisobga olinadigan bo‘lsak bu qarzlar o‘z o‘rniga sarflanishi shubha ostida qoladi. Oddiy misol, Bishkek IESi (TETs) modernizatsiyasi masalasini oladigan bo‘lsak, o‘sha vaqtda rasmiy hukumat mavjud IES modernizatsiya qilish uchun Xitoyning Eksimbankidan 386 million dollar qarz oldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, qishning ayni chillasida ulkan qarz evaziga modernizatsiya qilingan IESdagi eski qozonxonalar ishdan chiqdi, yangi uskunalar esa zo‘riqishni ko‘tara olmadi. Keyinchalik bo‘lib o‘tgan tekshirishlarda oddiy bir qisqich (ombur) 600 dollarga baholangani ma’lum bo‘ldi…

 Biz hukumatdan o‘z faoliyatini ochiq-oshkora olib borishni, sarf-harajatlari hisobini talab qilmaganimiz sababli rasmiylar qo‘llariga tushgan mablag‘ni o‘zlari istagancha sarflashmoqda. Bir kun kelib bu qarzlarni qaytarish vaqti kelganida hozir amalda bo‘lgan va olingan qarzlarni ko‘ngillariga kelganidek sarflayotgan amaldorlar o‘z hamyonlaridan to‘lashmaydi. Balki, oddiy xalq to‘lagan soliqlar, tabiiy boyliklar hisobidan bu qarzni to‘lashadi. Yoki eski qarzni yopish uchun yana yangi qarz olishadi. Natijada nafaqat biz, balki farzandlarimiz ham to‘lab tugata olmaydigan qarz botqog‘iga botirib tashlashadi. O‘z haqqimizni talab qilaylik!

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.