XVF O‘zbekistonga 375 million dollar ajratdi

458
0

XVF O‘zbekistonga 375 million dollar ajratdi

 Xalqaro valyuta fondi direktorlar kengashi joriy yilning 18 may kuni Koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish uchun O‘zbekiston Respublikasiga 375 million AQSh dollari ekvivalentidagi imtiyozli qarz mablag‘lari ajratilishini tasdiqladi.

 Mazkur mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini to‘ldirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Twitter akkauntida xabar qilgan.

 “XVF tomonidan imtiyozli qarz mablag‘larini ajratishda an’anaviy ravishda mamlakatdagi makroiqtisodiy vaziyat va davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlar tahlil qilindi”, – deb yozgan vazir.

 XVF tomonidan e’lon qilingan hisobotda koronavirus pandemiyasining respublika iqtisodiyotiga salbiy ta’siri natijasida YaIMning o‘sish sur’atlari 1,5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan. Shu bilan birga O‘zbekistonning davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori darajada saqlab qolinayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

 Izoh: Butun dunyoni sarosimaga solgan koronavirusdan har bir davlar o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolish payiga tushdi. O‘zbekiston,  Qirg‘iziston kabi iqtisodiy qoloq davlatlar pandemiya bahonasida xalqaro tashkilotlar va etakchi davlatlardan mumkin qadar ko‘proq qarz undirib olishni maqsad qilishadi. Pandemiya oqibatida olamga yoki mamlakat fuqarolariga etishi mumkin bo‘lgan salbiy, balki halokatli asoratlar bu mamlakat rahbarlarini qiziqtirmaydi.

 Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2019 yil boshidan 40,9 foizga yoki 7,1 mlrd. dollarga oshgan holda, 2020 yil 1 yanvar holatiga 24,4 mlrd. dollarni tashkil qildi. O‘zbek hukumati esa pandemiyaga qarshi kurash degan iddao bilan yana qarz ustiga qarz olmoqda.

 Qirg‘iziston moliya vazirligining habar qilishicha, 2020-yil 31 yanvar holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning davlat qarzi 4 mlrd. 616 mln. dollarni tashkil etgan. O‘tgan vaqt mobaynida qirg‘izi hukumati koronavirusga qarshi kurash bahonasi bilan deyarli barcha xalqaro tashkilotlardan qarz so‘rab chiqdi. Bugungi kunga qadar rasmiy hukumat olishni rejalashtirgan  500 mln.dollarlik qarzni 243 mln. dollarini olib bo‘ldi.

 Ammo bizning hukumatlar olayotgan bu qarzlar beg‘araz berilmayapti. Erta bir kun kelib bu qarzlarning foizlari bilan to‘lash kerak. Ana shunda bular avalgi qarzlarni yopish uchun yana yangi qarz olishga majbur bo‘ladi. Buning badalini esa oddiy xalq to‘laydi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.