AQSh Afg’onistondan chiqib, Markaziy Osiyoga o’rnashib oladimi.

513
0

Turkiston: Barak Obama AQSh prezidentligiga qayta saylandi, endi qiyin saylovoldi kampaniyalaridan keyin Amerika jamoatchiligi yangi bosqichga – saylovdan oldin berilgan va’dalarning bajarilishini kutishga o’tadi. Oq uy sohibligiga nomzodlarning va’dalari ularning saylovda g’olib chiqish yo’lidagi eng asosiy omillardan bo’lib kelmoqda. Bu safar Obamaning va’dalari nafaqat AQShning ichki siyosati, balki uning tashqi siyosatiga ham tegishli bo’ldi va bu boradagi eng asosiy mavzulardan biri Amerika askarlarini Afg’onistondan olib chiqish masalasi bo’ldi.

Afg’oniston muammosi bir necha omillarga qo’shimcha Vashington uchun Markaziy Osiyo mintaqalari ahamiyatini oshirmoqda. Koalitsiya kuchlarining Afg’onistonda terrorchilikka qarshi tinimsiz amaliyotlar olib borishi bu mintaqaga katta miqdordagi harbiy texnikalarni olib kelinishini talab qilgan edi. Mana endi Obama va’dasiga ko’ra bu texnikalarning taqdirini hal etishi kerak. Amerikaning o’z askarlarini Afg’onistondan olib chiqqanidan keyin Markaziy Osiyoda qolishi va mintaqadagi besh mamlakatdan qaysi biri bilan xamkorlik qilishi masalasi bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bo’lib qolmoqda.

Ma’lumki, Oq Uy bu regionda o’zining nufuzini saqlab qolishni istaydi va buning uchun bir necha sabablar mavjud. Bu mintaqadagi Amerikaning asosiy raqiblaridan biri Rossiyadir. Vashington mintaqani o’z xoxshi bilan Rossiyaga tashlab chiqib ketishdan umuman manfaatdor emasdir. U Rossiyaning Qirg’iziston va Tojikiston misolida ko’rayotganimizdek mintaqaga o’z qurol yaroqlarini joylab, bu yurtlarga yakka hokim bo’lib qolishini umuman istamaydi. Bu ikki mamlakatda Rossiyaning yirik harbiy kontingenti mavjud bo’lib, Moskva Dushanbe va Bishkek bilan bu boradagi xamkorlikni uzaytirish xaqidagi shartnomaga qo’l qo’yib ulgirdi.

Qolaversa, Amerika Afg’onistondan, keyin esa, Markaziy Osiyodan butunlay ketishni istamaydi. Negaki, Markaziy Osiyoga yana bir dunyo miqyosidagi gigant—Xitoy qo’shnidir. Uning Markaziy Osiyo integratsiyasiga bo’lgan qiziqishi Rossiyanikidan kam emas. Biroq, Pekin Moskvadan farqli o’laroq, mintaqaga o’z nufuzini yoyish uchun iqtisodiy choralarni qo’llashga qiziqdor.

Harbiy texnikalarni Afg’onistondan Amerikaga qaytarish finans-moliya nuqtai nazaridan ham Obama uchun befoydadir. Bundan ko’ra ularning ayrim qismini bo’lsa ham “joyida” yoki “yo’l-yo’lakay” sotib yuborish, yoki bo’lmasa ertangi kun uchun mintaqa davlatlaridan birida ularni “konservalab” qo’yish foydalidir. Bu masalaga esa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tutayotgan mavqiflari oydinlik kiritishi mumkin.

Mintaqada o’ziga hamkor topish Obamaga juda qiyin kechishi mumkin. O’z mamlakatida qandaydir tranzit markaz ochish yoki harbiy texnikalar bazasini ochish xaqida Turkmaniston bilan biror bitimga kelishish o’ta qiyin. Qirg’iziston va Tojikiston Rossiya bilan o’zaro foyda asosida hamkorlik qilishmoqda. Rossiya bugun bu muammoga boy qashshoq ikki davlatga AQSh taklif qilishi mumkin bo’lganidan ham ko’proq foyda bermoqda. Dushanbe ham, Bishkek ham Moskvaning zarariga Vashingtonga qarab yurmaydi. Moskva ham voqeaning bunday rivojiga jim qarab turmaydi. Astana esa, xar doim Moskva bilan iliq munosabatda bo’lib kelgan. Qolaversa, u Qo’shma Shtatlarning bu masaladagi saxovatiga o’ta muxtoj ham emas.

Shunday ekan, eski-yangi AQSh prezidenti bu borada faqat O’zbekiston bilan kelishishi mumkin. Negaki, shu kunlarda O’zbekiston-Rossiya munosabatlari uta sovuqlashgan. O’zbekiston ODKB tarkibidan bir tomonlama chiqqanini ma’lum qildi. Biroq, Toshkent rus hamkasblarini “Biz sizlar bilan birga emasligimiz bizlarning sizlarga dushmanligimizni anglatmaydi”, deya yupatib kelmoqda. Rasmiy Toshkent mamlakatda hech qanday chet davlatlarning harbiy bazalari ochilmasligini ma’lum qildi. Biroq, mutaxassislar bunga ishonmayroq turishibdi. Negaki, “baza” so’zini o’rniga “markaz” so’zini qo’yib bazadan ham kattaroq narsa ochilishi mumkin. Kuzatuvchilar qayta saylangan Obamaning qiyin kechgan saylovoldi kurashlaridan ishga qaytib, muhim tashqi siyosat masalalarini echishga kirishishini kutishlariga to’g’ri kelmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.