Jeenbekov Erevanga jo‘nab ketdi
Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekov Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi Oliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Armaniston poytaxti Erevan shahriga uchib ketdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Jeenbekov 1-oktyabrda Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar raxbarlarining “Evroosiyo kontinentining tranzit salohiyati” forumida ishtirok etadi.
Qirg‘iziston delgatsiyasi tarkibida prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Doniyor Sidikov, Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi Alikbek Jekshenkulov, bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razakov, iqtisodiyot vaziri Sanjar Mukanbetov va moliya vaziri Baktigul Jeenbekovalar bor.
Izoh: Qirg‘iziston hukumati Rossiya bosimi ostida mamlakatni Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga olib kirgunga qadar oddiy xalq qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, ittifoqqa a’zo bo‘lishi bilan Qirg‘iziston uchun 170 million kishilik bozor ochilishini, ittifoq hududida tovarlar, xizmatlar va ishchi kuchining erkin harakati ta’minlanishi va iqtisodiyot sohasida yagona siyosat yuritishini va’da qilgan edi.
Amalda esa buning aksi bo‘ldi. Hukumat ittifoqqa a’zo bo‘lishdan oldin tadbirkorlarni imkon qadar Xitoydan ko‘proq tovar olib kelib, omborlarga bosib olishga targ‘ib qilgandi. Hukumatning yolg‘on va’dalariga ishongan tadbirkorlar qarz-xavola qilib, banklardan kredit olib omborlarini tovarlar bilan to‘ldirib olishdi. Ammo keyinchalik ularning aksari xonavayron bo‘ldi. Markaziy Osiyodagi eng yirik ulgurja bozorlari bo‘lgan Dordoy va Qorasuv bozorlari inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Qirg‘izistonda rivojlangan va mamlakat iqtisodining o‘zagini tashkil etuvchi tikuvchilik sanoati, un kombinatlari, parrandachilik, chorvachilik, qishloq xo‘jaligi ham kundan-kunga zavolga yuz tutmoqda. EOIIning foydasidan ziyoni ko‘p bo‘lyapti.
Abdurahmon Odilov