Janubiy Koreya bosh vaziri rasmiy tashrif bilan Qirgʻizistonga keldi

674
0

Janubiy Koreya bosh vaziri rasmiy tashrif bilan Qirgʻizistonga keldi

 Janubiy Koreya bosh vaziri Li Nak Yon rasmiy tashrif bilan 17 iyul kuni Qirgʻizistonga keldi.

Tashrif doirasida 50dan ziyod Koreya kompaniyalari ishtirokida qirgʻiz-kores biznes-forumi, ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish rejalangan. Xabarda aytilishicha, tomonlar savdo, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, togʻ-kon tarmogʻi, turizm, energetika, transport, toʻqimachilik sanoati va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilishadi.

 Koreya bosh vazirini prezident Sooronbay Jeenbekov qabul qiladi. 2018-yil 13-avgust kuni boʻlib oʻtgan Qirgʻiziston respublikasini barqaror taraqqiy ettirish boʻyicha Milliy kengashi majlisiga raislik qilgan Jeenbekov, “…Biz Xitoy bilan hamkorlikni strategik darajaga yetkazdik, shuningdek, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh va Yevroittifoq mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga harakat qilamiz”, – deb taʼkidlagan edi.

 Maʼlumki, “strategik hamkor” nomi ostida Janubiy Koreya AQShga qaram. AQSh Janubiy Koreyaga eng koʻp sarmoya kirituvchi davlat boʻlib, u yerda AQShga qarashli yirik kompaniyalar faoliyat olib boradi. Koreyani boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan boʻladigan aloqasi AQSh bilan boʻlgan aloqa jumlasidan hisoblanadi. AQSh Qirgʻizistondagi bugungi holatdan foydalanib oʻzining iqtisodiy taʼsirini kuchaytirib olishga intilishi tabiiy. AQSh Janubiy Koreya orqali nafaqat Qirgʻizistonda, balki Markaziy Osiyoda oʻzining iqtisodiy quvvatini oshirishga eʼtibor qaratmoqda. Joriy yil aprel oyida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In Markaziy Osiyoning uchta mamlakati boʻylab safari doirasida 16-18 aprel kunlari Turkmanistonga, 18-21 aprel kunlari Oʻzbekistonga,  21-23 aprel kunlari Qozogʻistonga tashrif buyurgan edi.

 Janubiy Koreya prezidentining tashrifidan koʻzlangan maqsad — Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin munosabatlarini mustahkamlash va Mun Chje Inning “Yangi shimoliy siyosat”i doirasida konsensusga erishishdan iborat ekanligi xabar qilingan edi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.