Erdogon: Turkiya Suriyada harbiy operatsiya oʻtkazishga tayyor
Turkiya prezidenti Rajab Erdogon Turkiya Suriyadagi operatsiyaga tayyorligini bildirdi. Biroq u dastlab Vladimir Putin bilan uchrashishi lozimligini maʼlum qildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Erdogon bu haqda Rossiya poytaxtiga uchib ketishdan avval maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, Turkiya prezidenti Suriya operatsiyasini shaxsan Putin bilan muhokama qilishni xohlagan.
“Biz Suriya bilan chegarada amalga oshirilishi kerak boʻlgan barcha narsalarni tayyorladik. Putin bilan ikki tomonlama uchrashuvda bularni muhokama qilamiz”,- deb aytgan Erdogon.
8-aprel kuni Kremlda hamkorlik boʻyicha Rossiya-Turkiya kengashining sakkizinchi majlisi doirasida Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Erdogon oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Muzokaralarda prezidentlar, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar, jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlik, “Turk oqimi” gaz quvuri va “Akkuyu” AESi loyihalarini amalga oshirish hamda Turkiyaga S-400 zenit raketa majmualarini yetkazib berish masalalarini muhokama qilishgan.