Xalqaro rejalarni fosh etish sharʼan farzdir

481
0

Xalqaro rejalarni fosh etish sharʼan farzdir

Abu Hamza Xutvoniy qalamiga mansub

Xalqaro rejalarni fosh etish Ummat ishlari bilan shugʻullanuvchi haqiqiy siyosiy yetakchilarning shugʻullanadigan vazifasi boʻlmogʻi lozim. Agar siyosatchilar oʻz dushmanlari tuzgan rejalarga eʼtibor bermasalar, ularning ishining hech qanday qadri yoʻq. Agar davlat ushbu fosh etish ishiga kerakli ahamiyatni qaratmasa, uning hech qanday kelajagi yoʻq.

Islom musulmonlarga ayni mavzu bilan bogʻliq siyosiy ishlar bilan shugʻullanishni farz qilgan. Alloh Taolo bunday dedi:

وَإِذَا جَاءَهُمْ أَمْرٌ مِنَ الْأَمْنِ أَوِ الْخَوْفِ أَذَاعُوا بِهِ وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وإلى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ وَلَوْلَا فَضْلُ اللَّهِ عَلَيْكُمْ وَرَحْمَتُهُ لَاتَّبَعْتُمُ الشَّيْطَانَ إِلَّا قَلِيلاً

“Qachon ularga tinchlik yoki xavf-xatar xabari kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar (shu xabarni) Rosulullohga va oʻzlaridan boʻlgan boshliqlargagina yetkazganlarida edi, uni (yaʼni mana shu xabarning haqiqatini) oʻrganadigan kishilar oʻshalardan bilgan boʻlar edilar. Agar sizlarga Allohning fazlu marhamati boʻlmasa edi, ayrim kishilardan tashqari hammangiz shaytonga ergashib ketar edingiz”       [Niso 83]

Xavfsizlik va xavf mavzusi dushman bilan kurash mavzusiga bogʻliq boʻlib, dushman ustidan zafar quchish hamda muvaffaqiyatsizlik va magʻlubiyatdan saqlanish uchun zarurdir. Buning uchun oʻrganish, fikrlash va tahlil qilish kerak boʻladi. Yaʼni, maxsus kuch kerak boʻlib, bu kuchni davlat va Ummat xizmatiga sarflash kerak. Tobariy rohimahulloh mazkur oyatdagi ﴿لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ﴾ “oʻrganadigan kishilar oʻshalardan bilgan boʻlar edilar”, degan kalomni “xabarlarni sinchiklab oʻrganadigan kishilar”, deb tafsir qilgan hamda ularga “dinu aqlda mufaqqih boʻlgan kishilar”, deya baho bergan.

Islom shunday bir maxsus nuqtani belgilab berganki, butun olamga ana shu nuqtadan turib nazar solinadi. Bu nuqta Islom aqidasidir. Shuningdek, asosiy dushmanlar bilan qanday munosabatda boʻlish, ularga qarshi qanday kurashish, ular ustidan qanday nusrat-gʻalabaga erishishga oid nuqtalarni ham belilab koʻrsatib bergan.

Demak, bizningcha, bu nuqtalar aqida, mabda va Islomni yoyishdir. Bulardan oʻzga har qanday nuqta millatchilik, vatanparvarlik kabi, siyosiy yemirilishdan boshqa narsani anglatmaydi, mustamlakachi yirik davlatlarga taslim boʻlishdan boshqa narsaga olib bormaydi. Zero, bugungi kunda Islom olamidagi mavjud davlatlar xuddi shu ahvolda.

Mudom, mabda asosidagi nazariya, mustahkam islomiy fikriy siyosiy qoidadan kelib chiqqan olamshumul nazariya hisoblanar ekan, demak, xalqaro rejalarni kuzatib borish va fosh etish, ushbu aqidaga ega boʻlgan kishilar hamda Islomni butun olamga yetkazishni koʻzlayotganlar uchun juda-juda zarurdir. Chunki vojibni ado etish uchun zarur boʻlgan narsa ham vojibdir.

Rosululloh ﷺ xalqaro rejalar va til biriktiruvlarni fosh etish, ularga toʻsqinlik qilib, chippakka chiqarish borasida bizga ajoyib siyosiy namunalar taqdim etganlar. Misol uchun, ul zotga Qurayshning Madinaga hujum qilish va Islomni yoʻq qilish maqsadida Xaybar bilan ittifoq tuzayotgani haqida xabar keladi. Shunda oʻsha zahotiyoq tezkor siyosiy choraga kirishadilar va avval josus yoʻllash (harbiy razvedka) orqali bu xabarni tasdiqlab oladilar. Soʻng Quraysh rejasini barbod etish uchun bu rejaga qarshi puxta siyosiy reja tuzadilar. Yaʼni Quraysh bilan ortida siyosiy maqsad boʻlgan tinchlik va muzokara siyosatini qoʻllaydilar. Garchi adolatsiz boʻlsa ham, aksar sahobalar bunga rozi boʻlmasalar ham, Quraysh taklif qilgan shartlarni qabul qilib, Hudaybiya sulhini imzolaydilar. Bu fathul mubin (ochiq gʻalaba)ga olib boradi. Bu bilan koʻzlagan maqsadlarini amalga oshirishga muvaffaq boʻladilar. Bu Quraysh-Xaybar ittifoqini buzish va ular oʻrtasidagi hamkorlikni tarqatish, ikki yirik qudratni bir-biridan boʻlib tashlash, keyin esa, Xaybar bilan yakkama-yakka qolib, uni yer tishlatish, Qurayshni kuchsizlantirish va izolyatsiya qilish orqali uni yoʻq qilishga zamin yaratish maqsadi edi.

Har bir zamonda boʻlgani kabi, bugungi kundagi yirik davlatlar rejalar tuzishda davom etishmoqda… Ular shu orqali oʻz raqiblarini zaiflashtirish, oʻz manfaatlarini himoya qilish, nufuzini yoyish va ittifoqchilar, malaylar va vakillari bilan birgalikda rejalarni amalga oshirishga harakat qilishyapti. Masalan, Amerika Suriyadan harbiy jihatdan chiqib ketishga kutilmaganda qaror qildi. Demak, bunda quyidagi bir necha maqsadlarga qaratilgan siyosiy rejalar mavjud:

1 – Bashar Asad rejimi arkonlarini mustahkamlab, unga kerakli moliyalashtirish imkoniyatlarini berish uchun Sharqiy Furotdagi neft va gazga boy hududlarni topshirmoqchi. Chunki shu orqali Suriya rejimi oyoqqa turib, zaruriy ehtiyojlariga boʻlgan eng kam xarajatlarni amalga oshirishga qodir boʻla olsin. Aftidan, Sharqiy Furotdagi boy mintaqani nazoratida ushlab turgan va u yerdan muxolafatni quvib chiqargan Amerika Asad rejimini kuchayib olishi va kuchga toʻlgach, unga ayni mintaqani qaytarib berish maqsadida mintaqani vaqtincha ushlab turgan koʻrinadi.

2 – Suriyaning shimoliy hududlarini Turkiya nazoratiga topshirish. Bundan Turkiyaning u yerda zobitlik rolini oʻynashi, muxolafat guruhlariga hukmini oʻtkazishi, rejimga hujum qilishlarini oldini olishi, oʻzlarini turklar nazorat qiluvchi ulkan qamoq lageri ichida ushlab turish maqsad qilingan. Shuningdek, bundan Rossiya kuchlari yordamida ularga tinmay tahdid qilib turish, ularni Turkiya, Eron va Rossiyadan iborat kafil davlatlar oʻrtasida imzolangan bitimga amal qilishga majburlash, bu bitimdan chetga chiqish yomon oqibatlarga olib kelishi bilan qoʻrqitish ham koʻzlangan.

3 – Zarur boʻlgan vaqtda kurdlar masalasi va IShID masalasidan AQShning siyosiy taktikalari yoʻlida foydalanish. Masalan, Amerika qarashlarini amalga oshirish, malaylari oʻrtasida oʻyin qilish, Amerikani Suriyadagi mahalliy va xalqaro oʻyinchilar hakamiga aylantirish.

4 – AQShning chiqib ketishi ortidan Frantsiya va Britaniya rolini zaiflashtirish.

5 – Kelajakda Rossiyani Suriyadan chiqarib tashlash va uning koʻplab bazalariga chek qoʻyish uchun Suriyadagi turkiyaparast muxolafat masalasidan boʻlajak muzokaralarda foydalanish.

6 – Eron va uning jangarilarining Asad rejimiga kerakli yordamni koʻrsatishlariga hamda bosqinchi yahudiylarning Suriyadagi rolini eng past darajaga tushirishlariga imkon berish.

Kelasi oylar ichida Suriyadan amerikalik kuchlarni olib chiqib ketishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar mana shulardir. Amerikaga Rossiya, Eron, Turkiya va Saudiya yordam bermaganda edi, bu kabi maqsadlar hargiz roʻyobga chiqmagan boʻlardi. Chunki Amerika oʻz chegaralari tashqarisida malay va ittifoqchilarsiz hech narsa qila olmaydi.

Bu davlatlar qoʻzgʻolonga qarshi til biriktirishdi, koʻplab qoʻzgʻolonchi yetakchilarni sotib oldi. Oʻz navbatida, bu xoin yetakchilar ozod etilgan yerlarni dollarlar evaziga qonxoʻr rejim qoʻliga topshirishdi. Aslida, qoʻzgʻolon kurashini sariq chaqaga pullagan mana shu guruh rahbarlari yordami boʻlmaganda, na rejim saqlanib qola olardi, na rus va eronliklar kabi uning yordamchilari ozod etilgan yerlarni unga topshira olishardi. Chunki qonxoʻr rejimga eng katta yordamni Rossiya, Eron va uning jangarilari emas, balki mana shu xoin guruh rahbarlari koʻrsatishdi. Chunki ular Saudiya, Turkiya, Iordaniya kabi davlatlarning arzongarov qoʻgʻirchoqlari boʻlishni oʻzlariga munosib koʻrishdi.

Shuning uchun haqiqiy oʻzgartirishni istovchilar albatta buyuk Islom loyihasini ochiq ravishda qabul qilmoqlari kerak. Shuningdek, Turkiya, Saudiya singari Bashar Asad rejimi bilan birga qoʻzgʻolonchilarga qarshi til biriktirayotgan davlatlar bilan har qanday aloqani uzishlari lozim. Ushbu oʻzgartirishga harakat qilayotganlar haqiqiy oʻzgartirishning mutlaq oʻzgarmas maqsadlaridan, muhimi, rejimni barcha arkonu basharalari bilan qoʻshib agʻdarib, uning xarobalari uzra Islom davlatini barpo etish loyihasidan voz kechmasliklari lozim.

Roya gazetasi saytidan olindi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.