Otunbayevaning iltimosnomasi rad etildi

542
0

Roza Otunbayevaning Tekebayevni avf etib, ozod qilish iltimosnomasi prezident tarafidan rad etildi

Otunbayeva siyosiy elita liderlarini prezidentga qarshi yoʻnaltiradimi?

22 dekabr kuni sobiq prezident Roza Otunbayeva boshchiligida qamoqdagi Omurbek Tekebayevning 60 yoshga toʻlgani munosabati bilan, atayin yubiley marosimi uyushtirildi. Unda, deyarli butun Qirgʻiz elitasining vakillari, yana bir qator partiya va fraksiya yetakchilari ishtirok etishdi. Keyin elita liderlari qamoqxonaning maxsus shifoxonasida davolanayotgan mahbus Tekebayev oldiga borishib, unga iliq soʻzlar aytishdi va yaxshi istaklar bildirishib, uni tugʻilgan kuni bilan oʻz liderlaridek tabriklashdi. Prezident Sooranbay Jeenbekov ham uni telefon orqali tabriklagani mahalliy matbuot orqali maʼlum qilindi.

25 dekabr kuni Otunbayeva oʻzining nomidan Tekebayevni avf etib, ozod qilishini soʻrab prezidentga maktub yoʻlladi. Murojatnomaga 6 fraksiya yetakchilari imzo chekib, oʻz roziliklarini ifodalashdi. Yanvar oyida esa maxsus komissiya tomonidan Otunbayevaning maktubiga rad javobi berildi.

Prezident Jeenbekov shu yilning Noyabr oyida siyosiy keskinliklar paydo boʻla boshlaganida Otunbayeva orqali Qirgʻiz elita liderlarini siyosiy maydonda aktiv faoliyat yuritishga chaqirgan edi. Elita liderlari esa, turmada oʻtirgan Tekebayevni siyosiy jarayonlarga aralashtirishni talab qilishdi. Ular Tekebayevning hali ham Qirgʻiz elitasining lideri ekanini tan olib, Otunbayeva nomidan prezidentga maktub orqali murojaat qilishgan edi. Siyosiy vaziyat bir oz tinchib qolgach, prezident eski elita liderlarini yetakchi guruh oʻrniga olib kelishdan bosh torta boshladi.

“Biz koʻtargan masala (yaʼni Tekebayevni ozod qilish masalasi) hozirgi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, siyosiy yechim sifatida qabul qilinishi kerak edi” dedi Otunbayeva.

Demak, Otunbayeva Tekebayevni prezidentga maslahatchi sifatida taklif qilgan. U va 6 fraksiya vakillari murojatnomani imzolaganlariga qaraganda prezident avval bu taklifni qabul qilgan. Tekabayevning yubiley marosimi butun Qirgʻiz yetakchi siyosatchilari ishtirokida nishonlangani ham bu gumonlarni tasdiqlovchi faktlardan biridir. Keyin prezident oʻz vaʼdasidan boʻyin tovlagan boʻlishi mumkin.

Prezident haligacha oʻzi uchun ishonchli komanda (guruh) tanlay olmayapti. Hozirgi yetakchi guruh esa, uni eski prezidentdan ajratib oldi. Lekin oʻzlari kuchli siyosiy mahorat egalaridan tashkil topgan emas. Shuning uchun ular prezidentni yuqoridagi kabi barcha yetakchi guruhlar bilan aloqalarini buzib boryapti. Mamlakat boshi berk koʻchaga kirib borayotganiga qaramay, kuchli siyosatchilarning yetakchilikka kelishiga toʻsiqlar qoʻyishmoqda. Chunki, kuchli siyosatchilarni boshqarishga ojizlik qilishlarini yaxshi bilishadi. Bu ketishda kelgusi bahor yana siyosiy keskinliklarga boy boʻlishi kutilmoqda. Chunki Qirgʻizistonda mamlakatni boshqaruv tizginini prezidentlik emas, doimo yetakchi guruhlar bir biri bilan talashib kelishadi.

Endi eski siyosiy doira vakillari ham siyosiy jarayonlarga aktiv kirisha boshlashi kutiladi. Ular shu kungacha oʻzlariga eʼtibor qaratilishini kutib, hech boʻlmaganda maslahat kengashlari yetakchiligidan umid qilib kutib turishgan edi. Yaʼni yetakchi guruh ulardan mamlakatni boshqaruvda tajriba almashib, maslahat qilib boʻlsa ham oʻzlariga qoʻshib olishidan umid qilishgan edi. Lekin ular kutayotgan muomila, oqibat, natija koʻrinmadi. Shuning uchun ular endi muxolifat tomonga oʻtib ketish bilan qoʻrqitishyapti.

Muayyan fikr (mafkura)ga asoslanmagan hokimiyatning oqibati shunday boʻlishi tabiiy. Unda barcha siyosiy guruhlar shaxsiy manfaatini mamlakat manfaatidan ustun qoʻyib, biri ikkinchisi bilan kelisha olmaydi. Ularni birlashtira oladigan mafkura mavjud emasligi bois, manfaat hammasini parokanda qilib yuboraveradi. Davlat, mamlakat, xalq esa, ularning ochkoʻzliklari qurboniga aylanib, boshqa mamlakat va xalqaro kufr sistemasiga toboro tobeʼ boʻlib va ulardan qarzdor boʻlib boraveradi!

Abdurazzoq.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.