KXShT yetakchilari tashkilotning yangi bosh kotibi borasida bir qarorga kela olishmadi

606
0

KXShT yetakchilari tashkilotning yangi bosh kotibi borasida bir qarorga kela olishmadi

 Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga aʼzo davlatlarning Ostona shahridagi uchrashuvida tashkilotning yangi bosh kotibi tasdiqlanmadi. Bu haqda Rossiya xavfsizlik kengashi raisi Nikolay Patrushev maʼlum qildi. Nomzod boʻyicha qaror 6 dekabrda Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtadigan sammitda qabul qilinadi, deb xabar qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Ungacha Valeriy Semerikov bosh kotib vazifasini bajarishda davom etadi.

 Xabar qilinishicha, prezidentlarning muzokaralari uch soatdan ortiq davom etgan.

 Ilgari KXShT bosh kotibi lavozimini egallab turgan Yuriy Xachaturovga nisbatan Armanistonda konstitutsion tuzumni agʻdarish ayblovi boʻyicha ish ochilgan. Uning vazifasini bosh kotib oʻrinbosari Valeriy Semerikov vaqtincha bajarib turibdi.

 Sammit arafasida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bosh kotib lavozimiga Semerikov, Belorussiya yoki Armaniston vakili koʻrilayotganini bildirgandi.

 Sammit yakuni boʻyicha KXShT aʼzolari deklaratsiya qabul qilishdi. Hujjatda aʼzo davlatlar Afgʻonistonda giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish oʻsgani va mamlakat shimolida terrorchilarning mustahkam oʻrnashib olishga urinishlaridan tashvishda ekanligi aytildi.

 Bundan tashqari, KXShT yetakchilari Afgʻonistondagi vaziyat faqatgina tinch vositalar bilan oʻrnatilishi tarafdori ekanliklarini bildirdi.

 Sammit ishtirokchilari shuningdek, axborot makonida nizolarning oldini olish, axborot qurollanish poygasiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirishdi.

 Vazirlar tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar va KXShT tinchlikparvar harbiylari kontingenti va uyushmalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish haqida kelishib olishdi.

 Semerikovning soʻzlariga koʻra, KXShTga aʼzo davlatlar vakillari havo va raketa hujumidan mudofaa boʻyicha birlashgan yagona tizimni tashkil etish boʻyicha ish rejasini kelishish imkonini topa olishmagan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.