Sochi konferentsiyasi aldovi

606
0

Sochi konferentsiyasi aldovi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi 2017 yil 18 noyabrda Sochi konferentsiyasini oʻtkazishga qaror qilgani haqida eʼlon qilgan edi. Lekin muxolif guruhlar unda ishtirok etmaslikka qaror qilishgani va de Mistura unda ishtirok etishdan bosh tortgani tufayli Moskva konferentsiya oʻtkazilish vaqti kechiktirilgani haqida eʼlon qilishga majbur boʻldi. Vaholanki u 33ta tarafni konferentsiyada qatnashishga chaqirgan edi. Lekin Amerika Suriyada joriy qilinadigan yechimni belgilashda Moskva yolgʻiz oʻzi harakat qila olmasligi haqida ochiq noma yoʻlladi. 2017 yil 11 noyabrda Vьetnamda oʻtkazilgan APEC davlatlari sammiti doirasida Lavrov Sochi konferentsiyasi belgilanmagan vaqtga kechiktirilganini eʼlon qildi. Chunki Lavrov Amerika konferentsiya oʻtkazishga vaqt hali erta deb aytayotganini tushungan edi. Shundan soʻng Lavrov va Tillerson Suriya yechimi xavfsizlik kengashi qaroriga koʻra Jenevada koʻrilishi haqida qoʻshma bayonot berishdi. Yaʼni, Rossiya bu masalani yolgʻiz oʻzi yecha olmasligi aniq boʻldi.

Lekin 2018 yil 18 martda oʻtadigan prezidentlik saylovlarida vakolatini yangilashga urinayotgan Putin oʻz saylovchilariga siyosiy gʻalaba taqdim qilmoqchi. Bu siyosiy gʻalaba Putin Suriyada yetakchilik qilgan qimmatbaho kampaniyaga ketgan sarf xarajatlarni oqlaydigan siyosiy yechim boʻlishi kerak. Shuning uchun u 2017 yil 22 noyabrda Turkiya va Eron prezidentlari bilan uchrashar ekan, Suriya masalasidagi siyosiy yechimni belgilash mexanizmida kelishib olishga qattiq harakat qildi. Rossiya Federatsiyasi xalqaro ishlar boʻyicha komiteti raisining birinchi oʻrinbosari Vladimir Jabarov: “Sammit Amerikaning Suriyada qilayotgan ishlarini koʻrib chiqadi va bu masalada umumiy pozitsiya qabul qilinadi” deb bayonot berdi. Shuningdek Moskva Eron va Turkiya bilan hamkorlikda Sochi konferentsiyasini muvaffaqiyatli tarzda oʻtkazishga tayyorgarlik koʻra boshladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Bogdanov 2017 yil 23 dekabrda: “2018 yil yanvar oxiri Sochi dam olish maskanida oʻtkazilishi belgilangan “Milliy muloqot” konferentsiyasida dasturiy komissiya tuziladi” deb bayonot berdi. Bogdanov bunda roʻyxatlar Eron va Turkiya bilan maslahatlashib tuzilishiga ishora qildi.

Rossiyaning Suriyadagi maxsus vakili Aleksandr Lavrentьev 2017 yil 27 dekabrda Suriya yechimini paysalga solib boʻlmaydi der ekan, Sochida boʻladigan milliy muloqot konferentsiyasini tezlatish zarurligini taʼkidladi. Bu pozitsiyalar Putin Suriya ishlariga aralashishdan topgan mevalarni uzib olishga shoshilayotganini koʻrsatmoqda.

Rossiyaning bunday pozitsiyasi Trampni aniq rejalarni, yaʼni Suriyada qarorni faqat Vashington chiqaradi degan tushunchani ifodalovchi rejalarni tuzishga undamoqda. Amerika tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson 2018 yil 11 yanvar Stenford universitetida nutq soʻzlar ekan, Suriyadagi Amerika siyosatining maqsad va belgilarini aytib berdi. Uning soʻzlagan nutqi Pentagonning mintaqani himoya qilish va IShIDga qarshi kurashish daʼvosi bilan kurdlar mintaqasida soni 30 ming askardan iborat harbiy kuch tashkil qilish haqidagi qarori bilan bir paytda yangradi.

2018 yil 23 yanvarda Frantsiyaning poytaxti Parijda konferentsiya boʻlib oʻtdi. Unda Suriyada kimyoviy qurol ishlatish borasida masʼul taraflarni taʼqib va muhosaba qilish boʻyicha muzokara oʻtkazildi. Ushbu konferentsiya doirasida Amerika, Britaniya, Frantsiya, Saudiya va Iordaniya davlatlari Amerika ikki hafta oldin tayyorlab qoʻygan “hujjatlar”ni qabul qilishdi. Bu hujjatlar 2018 yil 25 yanvar Vena shahrida boʻlib oʻtgan toʻqqizinchi muzokaralar doirasida De Misturaga taqdim qilindi. (Hujjat tafsilotini Mayodin kanali saytidan topishingiz mumkin).

Ushbu “hujjatlar” Suriyadagi oʻtish davri bosqichlari, konstitutsion oʻzgartirish va saylovga oid ishlar mexanizmi, prezident va yangi hukumat salohiyatlari hamda xavfsizlik idorasini saqlab qolish zarurligi kabi masalalarni belgilab berdi. Shuningdek bularning barchasi Amerika yetakchiligi ostida amalga oshadigan boʻldi. Bu esa Suriyani BMT mandati, toʻgʻrirogʻi Amerika mandati doirasiga kirgizib qoʻyilishidir. Amerikaning bu pozitsiyasi Sochi yutuqlari “shifti”ni chekladi, yaʼni kuchini yoʻqotdi. Lekin Amerika Putinning obroʻ-eʼtiborini butunlay oyoq osti qilishni xohlamadi. Balki Putin oʻzining saylov kampaniyasida foydalanishi uchun Sochi konferentsiyasini oʻtkazilishiga ruxsat berdi. Shuningdek de Mistura konferentsiyada qatnashishi haqidagi Rossiya taklifini qabul qildi. Lekin u konferentsiyaning ochilish marosimida ishtirok etmadi. “Oʻrta Sharq” gazetasining Sochi konferentsiyasidagi muxbiri xabariga koʻra konstitutsion kengash tashkil etish, uning manbalarini, ishi va aʼzolari mexanizmini belgilash BMT yetakchiligi ostidagi Jeneva konferentsiyasi va de Misturaga bogʻliq boʻladi.

Shunday qilib konferentsiya umumiy bayonot chiqarishga qaror qildi. Qarorda kelgan eng muhim iboralar quyidagilardir: “Biz Suriya arab respublikasidagi hukumat vakillari va keng vakolatga ega muxolafat vakillaridan iborat konstitutsion kengash tuzishga kelishib oldik. Bundan maqsad Xavfsizlik Kengashining 2254 qaroriga muvofiq BMT rahbarlik qiladigan siyosiy yechimga oʻz hissasini qoʻshadigan dasturiy islohot oʻtkazishdir”. Bayonotda inson huquqlarining buzilishi, kimyoviy qurollar qoʻllashdan masʼul shaxslarni muhosaba qilish va bu ishlarga nisbatan BMT tutayotgan rol hamda Suriya hududida boshqa davlatlarning qurolli kuchlari mavjud boʻlishi kabi asosiy muammolar muhokama qilinmadi. Konferentsiyaning 1300dan koʻproq ishtirokchilari 2017 yil dekabrda Bogdanov eʼlon qilgan bayonotni muhokama qilishgani haqida hech qanday xabar yoʻq. Chunki ular imzo chekishdan boshqa hech narsa qilishmadi.

Ammo kulgili sahna shu boʻldiki, muxolafat vakillari Sochi konferentsiyasida Suriya rejimi bayrogʻi koʻtarilishiga qarshi shovqin-suron bilan norozilik bildirishdi. Ular bunga hal qiluvchi masala sifatida qarashdi va shu bilan “Sochi” oʻrniga “Jeneva” ortidan itdek yugurishayotganini oqlamoqchi boʻldilar. Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonoti ularning yolgʻonlari va munofiqligini fosh qildi. Chunki konstitutsion kengashga aʼzo boʻlishi aytilgan 50 ta muxolafat vakili “Suriya milliy muloqoti” konferentsiyasida qatnashishdan bosh tortib, oʻz vakolatini Turkiyaga topshirishdi. Konferentsiyaga Rossiya, Qohira, Riyoz va Turkiyadan kelgan vakillarning soni 150 kishidan iborat boʻlib, ularning uchdan biri Turkiya vakillari edi.

Insoniyat tarixidan maʼlumki, odatda kelishmovchiliklar gʻolib va magʻlubni tenglashtiruvchi siyosiy yechim bilan oʻz nihoyasiga yetadi. Sochi konferentsiyasining konstitutsion kengash tuzish qaroridagi eng xatarli narsa shuki, bu qaror “siyosiy” yechim yoʻnalishini Jeneva tomon burmoqda. Aslida esa bu “siyosiy” yechim vahshiylarcha oqizilayotgan qonlar, parchalanib ketgan tanalar, kimyoviy qurollar va hatto konferentsiya oʻtayotgan paytda tinchlik granti boʻlmish Rossiyaning havo hujumlaridan iboratdir.

Ammo asosiy savol hamon javobsiz qolmoqda. Ummat qachongacha ertayu kech unga yomonlik va makr hiyla qilish uchun pistirmada poylayotgan kofir mustamlakachi kuchlar koridorlaridan buyruq oladi. Bu mustamlakachilarga musulmon hokimlar (Tehrondagi “Quddus kuni” sohiblari boʻlmish mullalardan tortib, Anqaradagi oʻzlarini Ertugʻrul yoʻlidan boryapmiz deb daʼvo qilayotganlargacha), dollarga sotilayotgan guruh yetakchilari hamda Islom bayrogʻini koʻtarayotganini daʼvo qilsalar-da gohida bevosita va gohida Turkiya vositachiligida Ostona qarorlarini ijro etayotgan guruh yetakchilari yordam bermoqda.

Usmon Baxxosh qalamiga mansub

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.