Putin muddatidan avval mansabini tark etishi mumkinmi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sogʻligʻiga oid muammolar tufayli muddatidan avval nafaqaga chiqishi mumkin. Bu haqida Moskva davlat institutining tashqi aloqalar boʻyicha mutaxassisi Valeriy Solovey maʼlum qildi.
Rossiya Fanlar akademiyasining professori, Kreml ishlar boʻyicha yetuk mutaxassis, taniqli siyosiy tahlilchi 56 yoshli Valeriy Soloveyning fikrlari Kremlga yaqin veb-saytlardan biri orqali tarqatildi. Xabarda 64 yoshli Vladimir Putin salomatlik muammolari va Gʻarb davlatlari bilan boʻlayotgan xavotirli munosabatlari sababli prezidentlik mansabini tark etishi mumkinligiga ishora qilinadi.
Soloveyning taʼkidlashicha, sportga yaqinligi bilan tanilgan 64 yoshli Putinning isteʼfoga chiqish sababi sogʻligʻiga oid muammoga bogʻliqdir. Biroq u Putinning sogʻligi haqida batafsil maʼlumot bermadi. Shuningdek Kreml ham Gʻarb ommaviy axborot vositalarida ovoza boʻlayotgan mazkur yangilik toʻgʻrisida izoh berishni rad etdi.
Solovey Putinning mansabini tark etish vaqti 2017 yilda boʻlishiga ishora qiladi. Xabarga koʻra Putinning oʻrnini Bosh vazir Dmitriy Medvedev yoki Aleksey Dyumin egallaydi.
Mazkur xabar oradan uch soat oʻtib veb-satdan olib tashlangan. Shunday boʻlishiga qaramay, Rossiya rahbari sogʻligiga doir muammolar haqidagi maʼlumotlar bilan 50 mingdan ziyod odam tanishib chiqishga ulgurdi.
Turkiston:
Karimovni “oq qon kasali boʻlibdi, yaqinda oʻlar ekan” deb, xuddi shundek maxfiy va yashirin maʼlumotlar tarqatilgan edi. Undan keyin bir necha oʻn yil yashadi. Lekin bu maʼlumot muxolif quvvatlarni, alamzada musulmonlarni va mazlum xalqni chalgʻitib, qalbaki yoʻl bilan ularda sabr va umid xissini kuchaytirgan edi.
Rossiyaning ichki siyosatida ham, tashqi siyosatida ham Putinning ahvoli juda yomon! Suriyada olib borayotgan harbiy amaliyotlari butun dunyo musulmonlarining nafratini kuchaytirib bormoqda. Shu jumladan Rossiya fuqorolarining koʻp qismini tashkil etadigan musulmon fuqorolarini ham. Endi Putinning haqiqiy basharasi va siyosiy xatolari tufayli mamlakat va fuqorolarga kelayotgan baxtsizliklar sabablarining ochilish vaqti kelyapti.
Putin Rossiyani inqiroz holatiga olib keldi! U qudratli bir davlatni – balki atayin qastdandir yoki nodonligidandir, nima boʻlganda ham – oʻta xor va zaif mamlakatga aylantirdi. Putin oʻz toʻdasimi bilan birga bu xatolarini toʻgʻrilash maqsadida boshqa yangi va yangi xatolarga yoʻl qoʻyishib, davlatni battar botqoqqa botirib borishyapti. Endi esa, yaqin kelajakda mana shu boshqaruv sistemasi bilan vaziyatni oʻnglab yuborishga aqli yetmay qoldi.
Putinni siyosatdan chetlashi aynan boshqaruv sistemasining oʻzgarishiga dalolat qiladi. Agar u siyosatdan haqiqatdan chetlamoqchi boʻlayotgan boʻlsa, demak shu yoʻl bilan hozirgi avtoritar boshqaruv sistemasini oʻzgartirmoqchi. Yaʼni rejim vakillari boʻlgan yuzlagan oligarxlarni asta-sekin va halokatsiz boshqaruv ishlaridan olib chiqib ketmoqchi. Mobodo shu maqsadni koʻzlayotgan boʻlsa, hozirgi vaziyatda oʻzlari uchun juda toʻgʻri va dono yoʻlni tanlagan boʻlar edi. Chunki Rossiyaning boshiga tushib borayotgan barcha baxtsizlik, inqiroz va xavf xatarlar faqat shu Putin rejimining kasofati va uning qaysarligi oqibatidan kelyapti.
Yoʻq unday qilmay, Karimov singari oʻzini kasal qilib koʻrsatishdan maqsadi faqat siyosatda turish muddatini uzoqqa choʻzish uchun boʻlayotgan boʻlsa, unda Rossiyaning ahvoli toboro yomonlashib boraveradi. Rus xalqi Putindan faqat inqilob yoʻli bilan qutilishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Hozirgi Putinning rejimi olib ketayotgan siyosiy sistemada inqilobiy portlash yuz berishi muqarrar. Faqat vaqt masalasi qoldi. Putinni kasal boʻlishi Rossiyaning halokatli holatiga qarab borayotganiga emas, balki oʻzini va rejimining halokatga qarab borayotganiga bogʻliqdir.