AQSh: Bizni Turkiya va Rossiyaning aloqalari emas, balki Turk xalqining AQShga nisbatan nafrati xavotirga solmoqda
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qariyib 9 oylik tanaffusdan soʻng birinchi marta yuzma-yuz uchrashuvlari ortidan Oq uy ham mazkur uchrashuvga oʻz munosabatini bildirdi. AQSh Tashqi ishlar vazirligining soʻzchisi Elizabet Trudeau kundalik matbuot anjumanida Turkiya va Rossiyaning oliy darajadagi uchrashuvi haqidagi savollarga javob berdi.
Trudeau jurnalislarning savollariga javob berar ekan, Erdogʻan va Putin uchrashuvining AQSh-Turkiya aloqalariga salbiy taʼsir qilmasligini bildirdi.
“(Turkiya va Rossiya oʻrtasidagi yaqinlik) bizning Turkiya bilan boʻlgan munosabatlarimizni zaiflashtiradi, degan shubhamiz yoʻq”, dedi Trudeau.
Soʻzchining taʼkidlashicha, Voshingtonni Turkiya va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi emas, balki Turkiyada ayrim matbuot organlari va mansabdor shaxslarning Amerika haqida berayotgan bayonotlari va buning natijasida Turkiya xalqining AQShga nisbatan nafrati kuchayib borayotgani xavotirga solmoqda.
“Turkiyada AQShga nisbatan kuchayib borayotgan noroziliklardan tashvishdamiz. Bu bayonotlar foyda keltiradi, deb oʻylamaymiz. Turkiyada barcha tomonlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va hukumat rasmiylari oʻz bayonotlarida masʼuliyatli boʻladi degan umiddamiz. Turkiya bilan bizning aloqalarimiz va doʻstona munosabatlarimiz juda kuchlidir. Buni ochiq aytib kelyapmiz. Biz Turkiya hukumatining yonidamiz”, deb javo berdi u matbuot anjumanida Turkiyada AQShga nisbatan kuchayib borayotgan noroziliklar haqida berilgan savolga.