Qirgʻiziston Oʻzbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash niyatida
Qirgʻiziston hukumati matbuot xizmati xabar qilishicha, Bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov Oʻzbekiston bilan munosabatlarni faollashtirish va mustahkamlash zarurligi xususida bayonot bergan.
Jeenbekov Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi yangi elchisi Doniyor Sidiqovni diplomatik faoliyati boshlanishi munosabati bilan qabul qilib, zaruriy koʻrsatmalar bergan va yangi elchi Oʻzbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishda oʻz tajribasidan foydalanishiga ishonch bildirgan.
Hukumat rahbari ikki davlat prezidentlari Almazbek Atambayev va Islom Karimovning ShHT sammiti doirasida 24 iyun kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston bilan barcha asosiy yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish va yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash zarurligini taʼkidlagan.
Xususan, Jeenbekov ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyasi hamda davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini oʻtkazish zarurligini taʼkidlagan.