بسـم الله الرحمن الرحيم
Taqvodorga kim tanbeh berishining ahamiyati yo‘q
Qaysi ummat bo‘lishidan qat‘iy nazar, har bir ummatning saqofati uning mavjud bo‘lishi va hayotiyligining umurtqa pog‘onasidir. Chunki ummat hazorati shu saqofat ustiga quriladi, uning g‘oya va maqsadlari shu saqofat asosida belgilanadi, turmush tarzi ham shu saqofat bilan ajralib turadi. Ummat a‘zolari bitta “qozon”da shu saqofat bilan pishib yetiladi. Natijada ummat boshqa ummatlardan ajralib turadigan ummatga aylanadi. Ummat aqidasi, shu aqidadan kelib chiqqan hukmlar, yechimlar, nizomlar, shu aqida asosidagi ilmu ma‘rifatlar, shu aqidaga bog‘liq hodisalar – hamma-hammasi shu ummatning tarjimai holi va tarixi sifatida ana shu saqofatda mujassamdir. Bu saqofat tugab bitsa, ummat ham tugab bitadi, uning mumtozligidan asar ham qolmaydi, g‘oyasi, yashash tarzi o‘zgarib ketadi, do‘st-dushmanni tanimay qoladi, o‘zligini boy berib, boshqa ummatlar saqofati ortidan tentirab yuradigan bo‘lib qoladi.
Islomiy saqofat Islomiy aqida asosida tadqiq etiladigan bilimlar majmuidir. Tavhid ilmi kabi Islomiy aqidaga aloqador bilimlar ham, fiqh, tafsir, hadis kabi Islomiy aqidaga asoslangan bilimlar ham, Islomiy aqidadan kelib chiqqan hukmlarni tushunib olishda kerakli bo‘lgan, masalan, Islomdagi ijtihod taqozo etadigan arab tili hadis istilohlari, usul ilmi kabi bilimlar ham Islomiy saqofat jumlasidandir. Chunki bularning barchasi Islomiy aqida asosida tadqiq etiladi. Islom Ummatining tarixi ham saqofatining bir bo‘lagidir. Zero unda Ummatning hazorati, taniqli kishilari, yetakchilari, sarkardalari va ulamolari haqida so‘z yuritiladi. Arablarning Islomdan avvalgi tarixi esa Islomiy saqofatdan hisoblanmaydi. Faqat Islomdan avvalgi arab she‘riyatini shu saqofat jumlasiga kiritish mumkin. Chunki bu she‘riyatda arab tili lafzlari va tarkiblarini tushunishga, binobarin ijtihod qilishga, Qur‘onni tafsir qilishga va hadislarni tushunishga yordam beruvchi omillar mavjud.
Ummat saqofati shu Ummat a‘zolarida shaxsiyani paydo qiluvchi omildir. Zero, u shaxsning aqliyatini, narsalar, so‘zlar va ishlarga baho berish tarzini shakllantiradi. Shuningdek, u uning mayl-istaklarini ham shakllantiradi. Demak, uning aqliyatiga, nafsiyatiga va turmush tarziga ta‘sir o‘tkazadi. Shunga ko‘ra, Ummatning saqofatini muhofaza etish va uni jamiyatda keng yoyish davlatning asosiy vazifalaridandir. Sobiq Sovet ittifoqi o‘z farzandlariga kommunistik saqofatni singdirdi. O‘zining saqofatiga kapitalistik yoki Islomiy saqofatdan bir tomchi ham kiritmaslikka harakat qildi. Butun G‘arb esa farzandlarini dinni hayotdan ajratish ustiga qurilgan kapitalistik saqofat asosida tarbiyalab, yashash tarzini ham shu asosda shakllantirib, o‘z aqidasi va saqofatiga Islomiy saqofatdan biror qatra sizib kirib qolmasligi uchun urushlar uyushtirdi va uyushtirmoqda. Islom davlati ham o‘z farzandlariga Islomiy saqofatni singdirib, davlat ichida Islomiy aqidaga asoslanmagan fikrga da‘vat etishni man qildi hamda o‘z saqofatini da‘vat va jihod orqali boshqa davlatlar va ummatlarga yoyib keldi, to Alloh yerni yana qaytarib olguniga qadar yoyib boradi ham.
Ummat saqofatini muhofaza etishning eng muhim kafolatlaridan biri uning Ummat farzandlari qalbidan joy olishi, kitoblarda bitilishi hamda ummatning shu saqofat aqidasidan kelib chiqadigan hukmlar va qonunlar asosida ishlarni boshqaradigan bir davlatga ega bo‘lishdir.
Ummat saqofatining farzandlar qalbidan joy olishi, kitob sahifalarida o‘z aksini topishi programma (manhaj) asosida yoki programmasiz bo‘lishidan qat‘iy nazar, ta‘lim bilan amalga oshadi.(“Xalifalik davlatida manhajiy ta‘lim asoslari” kitobidan).
“Saqofatni o‘rganish ta‘limsiz ham bo‘ladi” deb bilish Alloh Taoloning amriga xilofdir. Chunki Alloh Taolo “Qur‘on”ni arab tilining ustalariga muammolarini yechib beruvchi qilib, arab tilida nozil qilishi bilan birga Rosululloh(s.a.v)ni ularga Qur‘onni ta‘lim berishi va bayon qilib berishini zimmasiga yukladi va bu vazifa Rosululloh(s.a.v)dan keyin merosho‘rlariga qolgan:
وَأَنزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ
– „Odamlarga nozil qilingan narsalarni bayon qilib berishingiz uchun Sizga bu eslatmani – Qur‘onni nozil qildik“. [16:44]
Saqofatni o‘rganishdagi ta‘lim ishiga beparvo bo‘lib qolmasliklari uchun sahobalarga qarata Alloh Taolo ushbu Oyatni nozil qilgan:
– “Mo‘minlarning barchasi birdaniga jihodga chiqishlari joiz emas. Ulardagi har bir guruhdan bir toifa jihodga chiqib, qolganlari dinni o‘rganib, jihodga ketganlar qaytganda o‘zlari o‘rgangan narsalarni ularga ham o‘rgatsalar bo‘lmaydimi? Shoyad ular ham Allohdan qo‘rqarlar”. [9:122]
Ey, ulamolar! Ey, Rosululloh(s.a.v)ning merosho‘rlari!
Zimmangizdagi vazifangizni vaqt o‘tmasdan mukammal ado qilishga shoshiling. Hato qilishdan ehtiyot bo‘linglar, kofirlarning maqsadiga muvofiq qilib Ummatni chalg‘itmang, chunki Olimning zalolati Olamning zalolatidir. Alloh Taolo aytadi:
وَلَا تَلْبِسُوا الْحَقَّ بِالْبَاطِلِ وَتَكْتُمُوا الْحَقَّ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ
Haqni botilga aralashtirmanglar va bilgan holingizda haqni berkitmanglar. [2:42]
Yuz yillar Islomni tushunmagan holda yashab kelgan, Islom tadbiqini ko‘rmagan, Qur‘on tilidan, oyatlar qaysi voqelikka yechim bo‘lganidan bexabar xalqimizga “o‘zlari bilib olishadi yoki so‘rashsa aytaman” qabilida ish tutib, o‘z vazifangizni ado qilmasangiz buning javobgarligi juda og‘irdir, chunki “haq”ni berkitgan mal‘undir. Alloh Taolo aytadi:
إِنَّ الَّذِينَ يَكْتُمُونَ مَا أَنزَلْنَا مِنْ الْبَيِّنَاتِ وَالْهُدَى مِنْ بَعْدِ مَا بَيَّنَّاهُ لِلنَّاسِ فِي الْكِتَابِ أُوْلَئِكَ يَلْعَنُهُمْ اللَّهُ وَيَلْعَنُهُمْ اللَّاعِنُونَ
Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan iborat narsalarni odamlarga Kitobda ravshan qilib berganimizdan keyin berkitgan kimsalarni shubhasiz Alloh la‘natlagay va la‘natlovchi zotlar la‘natlagaylar. [2:159]
Abu Hanifa(rahimahulloh) bir bolakayni qoqilib, yiqilganida uni turishiga yordam berib, – “ey, bolakay, yo‘lingda ehtiyot bo‘l, mayib bo‘lib qolishing mumkin” – deganda, u bola javob qilibdi: – Ey, Shayh! Ey, Ustoz! Yo‘lingizda, gap-so‘zingizda, chiqargan hukmingizda, amalingizda siz ehtiyot bo‘lishingiz juda zarur. Meni beparvoligimdan qoqilishim oqibatida faqat o‘zim yiqilaman, ammo siz qoqilsangiz butun Ummat yiqiladi! Bu tanbehni eshitgan buyuk ustoz Abu Hanifa(rahimahulloh) mas‘uliyatini xis qilganidan, bolakayni tanbehidan uch kungacha o‘ziga kelolmagan, kechalarni bedorlikda o‘tkazgan.
G‘arib.