Tibbiyot va uning missiyasi: sog‘lik tizimini tijorat maydoniga aylantirmaslik lozim
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Edil Baysalov byurokratiyaga barham berish bo‘yicha komissiya yig‘ilishida, shifokorlarga ixtiyoriy qo‘shimcha to‘lovlar to‘lash yoki “choy puli” berishni qonuniylashtirishni taklif qildi.
Qirg‘iziston hukumatining sog‘liqni saqlash sohasi kelajagiga va ijtimoiy tenglikni ta’minlashdagi davlatning roliga bunday munosabati jiddiy savollar keltirib chiqarishi tabiiy. Bu tashabbus ostida, davlat muassasalarida ishlaydigan shifokorlar qo‘shimcha haq sifatida bemorlardan “ixtiyoriy” to‘lovlarni olishlari mumkin, degan fikr yotadi. Bu bir tomondan, shifokorlarning kam maosh olishi muammosini hal qilish yo‘lidek ko‘rinsa-da, biroq sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish nuqtayi nazaridan bunday tashabbus o‘rinsizdir.
Tibbiyot sohasi xalqqa xizmat ko‘rsatuvchi soha bo‘yicha qolishi va aslo tijoriy sohaga aylantirilmasligi kerak. Agar tibbiyot biznesga aylansa va davolash sifati bemorning cho‘ntagi bilan o‘lchansa, bu – tibbiyotda ortga qadam tashlash demakdir. Shifokorlar “choy puli”ga qarab qolmasligi kerak, chunki bu masala bemorlarni boy-kambag‘al sinflariga ajratib qo‘yadi. Bunday tengsizlik aholining kam ta’minlangan qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining yomonlashishiga olib keladi. Bu esa, ijtimoiy va axloqiy nuqtayi nazardan mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir.
Davlat o‘zining sog‘liqni saqlash tizimidagi roli shifokorlar uchun munosib sharoitlar yaratish ekanligini unutmasligi kerak. Bunga shunchaki “choy puli”ni qonuniylashtirish orqali erishib bo‘lmaydi. Shifokorlar barcha diqqat-e’tiborini o‘z ishiga qaratishlari va moliyaviy muammolar ularni chalg‘itmasligi uchun davlat ularga sharoit yaratib berishi kerak. Shifokorlar va tibbiyot xodimlarining maoshi, oilasini boqish haqida bosh qotirmay xalqqa xizmat qiladigan darachada yetarli bo‘lishi kerak. Aks holda, sog‘liqni saqlash tizimining samarali va insonparvar ishlashi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, agar shifokorlar bemorlarning qo‘shimcha to‘lovlariga qaram bo‘lib qolsa, bunday paytda tizimda bemorlarning manfaatlaridan ko‘ra moddiy manfaatlarni ustun qo‘yish yuzaga keladi.
Shifokorlarning ish haqi ularning faoliyatini tijoratga aylantirmaydigan darajada qanday tashkil etilganligi haqida Islomiy boshqaruv tarixidan son-sanoqsiz misollar keltirish mumkin. Islom xalifaligining “Oltin davri”da shifokorlarga davlat tomonidan yuksak maosh belgilangan bo‘lib, bu ularga qo‘shimcha daromadga tayanmasdan o‘z vazifalarini chiroyli suratda bajarish imkonini bergan. U paytda shifokorlarga faqat mutaxassislar sifatida emas, balki jamiyatning xizmatkorlari sifatida qaralib, ularning ishi va vazifasi qo‘shimcha daromadga bog‘liq bo‘lmagan. Bu kasb egalari jamiyatda yuksak hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lib, dunyo matolari inson salomatligidan qimmat emasligini, sog‘lik jamiyat hayotining asosi ekanligini o‘zlarida aks ettirishgan.
Rosululloh ﷺ har bir rahbar o‘z xalqi uchun mas’ul ekanini ta’kidladilar. Shu o‘rinda unutmaslik kerakki, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy yordam nafaqat fuqarolarning haqqi, balki rahbarlarning burchi hamdir. Xalq rahbari har bir fuqaroning boy-kambag‘alligidan qat’i nazar, sifatli va bepul tibbiy yordam olishini ta’minlashi kerak.
Agar davlat haqiqatan ham tibbiyot sifatini oshirishdan manfaatdor bo‘lsa, u holda tibbiyotni kasb sifatida emas, balki missiya sifatida saqlashga qaratilgan tizim yaratishi lozim. Shifokorlarga munosib maosh to‘lash va sog‘liqni saqlash tizimini yetarli darajada moliyalashtirish bilangina bunga erishish mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, bugungi kunda davlat sport va sportchilarga qanday e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash sohasiga ham shunday e’tibor qaratishi kerak. Aks holda, “choy puli”ni qonuniylashtirish kabi tashabbuslar ijtimoiy adolatsizlikni yanada kuchaytirib, sog‘lik tizimini tijoratlashuviga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni susaytirib, muammolarni yanada kuchaytiradi.
Xulosa shuki, sog‘liqni saqlashni rivojlantirish mas’uliyatini bemorlar emas, balki davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. Bemorlar sifatli tibbiy xizmatlarni olishda qo‘shimcha to‘lovlar kabi to‘siqlarga duch kelmasligi lozim. Agar davlat shifokorlarni munosib ish sharoitlari va maosh bilan ta’minlay olmasa va tibbiy xizmatlar barcha fuqarolar uchun yetarli bo‘lmasa, unda hech qanday “choy puli” yoki qo‘shimcha to‘lovlar sog‘liqni saqlash tizimini inqirozdan saqlab qola olmaydi.
Latiful Rasix