Qirg‘izistonda navbatdagi davlat to‘ntarishiga urinish rejalashtirildimi?
Qirg‘izistonda millatlararo nizo qo‘zg‘ash va davlat to‘ntarishini uyushtirish maqsadida qurolli ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi. Guruhning barcha a’zolari, jumladan, mintaqa yetakchilari ham aniqlanib, hibsga olindi. Bu haqda 10 aprel kuni Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.
“Guruh a’zolari “kaltaklangan, yarim yalang‘och qirg‘iz qizi”ning xorijliklar tomonidan mazax qilingani haqida yolg‘on xabar to‘qib, uni provokatsion maqsadlarda videoga olishni rejalashtirgan. Ssenariyga ko‘ra, video tasvirda u qiz yalinib, yordam so‘rab turishi kerak bo‘lgan” (sputnik.kg 09.04.2025).
Bu bilan ular millatchilik shiorlarini ko‘tarib, Bishkekda 2024 yil may oyida bo‘lgani kabi tadbir uyushtirishni maqsad qilgan. Aytib o‘tish lozimki, o‘tgan yilning may oyida chet ellik talabalar yotoqxonasidagi mushtlashuv aks etgan shov-shuvli video poytaxtda etnik to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan edi. O‘sha voqeadan xavfsizlik kuchlarining zaifligini ko‘rinib qoldi va vaziyat nazoratdan deyarli chiqib ketdi. Shu sababdan qiziqqon yoshlarni to‘xtatish uchun olimlarimiz aralashib, millatchilik tuyg‘ulari bostirildi.
Keyin, maxsus xizmatlar iyul oyida mamlakatda tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni qurolli kuch bilan egallab olishga urinishda ayblab, bir necha kishini hibsga oldi. Biroq 12 noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi 17 noyabrda belgilangan mahalliy Kengash saylov kuni hokimiyatni egallab olish maqsadida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda gumon qilingan 7 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
“Qo‘lga olinganlarning uch nafari xorij fuqarolari. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy tashkilotchi Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Kuban Adil uulu ekanligi aniqlangan” (ky.kloop.asia 2024/11/13).
Mahalliy saylovlarda sobiq prezident Almazbek Atambayevning Sotsial-demokratik partiyasi saylov ro‘yxatidan chiqarilib, partiya rahbari Temirlan Sultonbekov va bir qator partiya a’zolari hibsga olindi.
Prezident Sadir Japarov joriy yilning fevral oyi oxirida Yevroparlament va Sotsintern delegatsiyasi bilan uchrashdi. Yig‘ilishda sotsial-demokratik partiya a’zolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va ularga qo‘yilgan “maxfiy hujjat” masalasi ham muhokama qilindi. Prezident o‘z nutqida mazkur partiyaning Bishkek va O‘shdagi nomzodlari Sotsintern tomonidan moliyalashtirilgani haqida faktlar borligini ta’kidladi.
“Agar sud ishni ochiq ko‘rib chiqsa, hamma narsa ma’lum bo‘ladi. Bunday holda Yevropa Ittifoqi va Sotsintern bilan munosabatlarimizga putur yetishi mumkin. Biz buni xohlamaymiz”, – dedi Japarov. (cactus.media 27.02.2025).
24 fevral kuni mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, 11 kishi hibsga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida parlamentning sobiq deputati ham bor. “2024 yil 20 dekabr kuni “Qirq urug‘ yetti mintaqa birligi” jamoat birlashmasining ayrim a’zolari muntazam ravishda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga qaratilgan yig‘ilishlar o‘tkazib kelgani, mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishni maqsad qilgani haqida ma’lumot olingan” (Sputnik.kg, 2025-yil 24.02).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 10 aprel kuni hibsga olinganlar hokimiyat tomonidan kuchayib borayotgan bosimga qarshi harakat qilayotgan muxolif kuchlardir, desak xato bo‘lmaydi. Ular mahalliy darajadagi inqiloblar davrida asosiy kuch bo‘lgan markazga yaqin hududlarda kuch to‘plashga harakat qilishgan va Yevropaning moliyaviy yordamiga tayanishgan. Zero, hukumatning mamlakatda diktatura o‘rnatish yo‘lidagi qadamlari Yevropa uchun nomaqbuldir. Shuningdek, hukumatga bosim o‘tkazishda ayrim buzg‘unchi kuchlardan foydalanish Rossiya uchun ham zararli emas. Garchi mustabid tuzum Rossiya manfaatlariga mos bo‘lsa-da, ular uchun muhimi, mamlakat hukumati Kremlning xohish-istaklariga mos siyosat yuritishidir.
Shu bois aytish mumkinki, xalqaro kuchlar uchun o‘z manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida insonlar qoni to‘kilishining va yurtlar vayron bo‘lishining zarracha ahamiyati yo‘q. Ular uchun har bir mintaqada o‘z ta’sirini yoyish va o‘z malaylari orqali mahalliy resurslardan o‘zlari xohlagancha foydalanishlari uchun yo‘l ochish muhimdir. Buning uchun jamiyat ongida o‘rnashib qolgan millatchilik, mintaqachilik kabi tor va tuban fikrlardan foydalanishadi. Mahalliy populist siyosatchilar esa, o‘z taxtlariga qattiq muhbbat qo‘yganligi bois faqat kofir xo‘jayinlarini rozi qilishga harakat qiladilar. O‘shanda ham mustamlakachi kofir xo‘jayinlari ulardan har doim ham mamnun bo‘laverishmaydi va ularni vaziyatga qarab o‘zgartirib turadi. Shuning uchun musulmonlar xalqaro jinoiy kuchlarning quroliga aylanib qolmaslik uchun har bir voqeaga o‘z aqidasidan kelib chiqib yondoshishlari lozim.
Mumtoz Mavarounnahriy