Ramazon – To‘g‘ri yo‘lning boshlanishidir
Avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri jahanamdan qutulish oyi bo‘lgan Ramazonning oxirgi o‘n kunligi ham o‘tib bormoqda. Alloh barcha ibodatlarimizni qabul qilsin.
Islom tarixi davomida musulmonlar o‘z dinlariga qanchalik ko‘p amal qilgan bo‘lsa, Islom davlati shunchalik kuchli bo‘lgan edi. Dinlariga bee’tibor bo‘lganlarida esa, davlat ham zaiflashish kuzatilgan. Musulmonlar shariat qonunlariga qat’iy amal qilgan davrda, yuzlab yillar davomida insoniyatni adolat bilan boshqarib, dunyoga farovon hayot taqdim etib keldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oxirgi xutbalarida shunday dedilar:
تركت فيكم أمرين، لن تضلوا ما تمسكتم بهما: كتاب الله، وسنة رسوله
“Men sizlarga agar ularni mahkam ushlasangiz hargiz adashmaydigan ikki narsani qoldirdim: Allohning Kitobi va Rosulining sunnati” (Imom Molik Muvattoda keltirgan).
To‘g‘ri yo‘l – bu Alloh rozi bo‘ladigan hayotdir. Alloh Taolo bandalaridan iymondan keyin talab qilgan narsa To‘g‘ri yo‘lni mahkam tutishdir. Musulmon shaxs – Parvardigoriga iymon keltirib, Uning amrlariga bo‘ysunadigan kishidir. Qalbning to‘g‘risi – iymon, tilning to‘g‘risi – to‘g‘ri so‘z, amalning to‘g‘risi – solih amal, ya’ni shariat hukmiga muvofiq bajariladigan amaldir.
Bugun G‘arb boshchiligidagi kufr olami va ularning xizmatkoriga aylangan malay hukmdorlar musulmonlarni To‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishlarni qilmoqdalar. Boshqa tomondan, odamlarni yo‘ldan ozdirishni va’da qilgan shayton (alayhi la’na) odamlarning orzu umidlaridan foydalanib, ularni yo‘ldan ozdirishga harakat qiladi. Parvardigoridan ixlos bilan qo‘rqqan va Alloh belgilab qo‘ygan To‘g‘ri yo‘lda yurganlargina ularning bu adashtirishlaridan omonda qolishi mumkin.
Islom Ummati bir asr davomida har xil zulm, qirg‘in va xiyonatlarga qaramay, o‘z dinidan va bu yo‘lda kurashdan voz kechmadi. Aksincha, bu Ummat o‘zining sobitqadamligi bilan kufrning rejalarini puchga chiqardi va ko‘p sohalarda ularni sharmanda qildi. Iroqda botqoqqa botib qolgan Amerika Afg‘onistonni ham tark etishga majbur bo‘ldi. O‘nlab yillar davomida ularni himoya qilgan malay hukmdorlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Butun kufr olami G‘azodagi bir hovuch mujohid musulmonlarga qarshi kurash olib borib, butun mintaqani vayron qilgan bo‘lsa ham, nihoyat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishga majbur bo‘ldi.
Biroq bunday muvaffaqiyatlardan so‘ng bu Ummatning ko‘zlagan maqsadiga erisha olish yoki olmasligi To‘g‘ri yo‘lga amal qilish masalasi bilan bog‘liqdir. Masalan, Suriya xalqi 14 yil davomida og‘ir qurbonlar berdi. Biroq inqilobdan keyin hokimiyat tepasiga kelganlar Islom boshqaruvi o‘rniga respublika boshqaruvini tanladi. Bu To‘g‘ri yo‘ldan voz kechish hisoblanadi. Rahbarning To‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi xo‘jayinlikni shariatga topshirish va Islomdan boshqasini qabul qilmaslik hamda zulmga yaqinlashmaslik bilan bo‘ladi.
Insonga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘lni tanlash ixtiyori berilgan. To‘g‘ri yo‘lni tanlasa, farishtalardan ham yuksak darajaga erishadi. Ammo noto‘g‘ri yo‘lni va nafsiga qul bo‘lishni tanlasa, hayvondan ham pastroq darajaga tushadi. Bu holat jamiyatlarga ham taalluqli bo‘lib, har bir jamiyat To‘g‘ri yo‘lni tanlash ixtiyoriga ega. Islomiy jamiyatning To‘g‘ri yo‘ldan borishini ta’minlovchi asosiy kuch musulmonlar iymon keltirgan kulliy fikrdir, to‘g‘rirog‘i, Islom aqidasidir. Ushbu aqidadan kelib chiqqan tuzumni hayotga tatbiq etish orqali jamiyat To‘g‘ri yo‘lga erishadi. Buning uchun shariat qonunlarini tatbiq etadigan Islom davlatining bo‘lishi talab qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
الْإِسْلَامُ وَالسُّلْطَانُ أَخَوَانِ تَوْأَمٌ، لَا يَصْلُحُ وَاحِدٌ مِنْهُمَا إِلَّا بِصَاحِبِهِ، فَالْإِسْلَامُ أُسُّ وَالسُّلْطَانِ حَارِسٌ، وَمَا لَا أُسَّ لَهُ مُنْهَدِمٌ، وَمَا لَا حَارِسَ لَهُ ضَائِعٌ
“Islom va sulton egizakdir, ular bir-birini isloh qiladi. Chunki Islom asos bo‘lsa, sulton qo‘riqchidir. Asosi bo‘lmagan narsa vayron bo‘ladi, qo‘riqchisi bo‘lmagan narsa zoye ketadi” [Kanzul Ummol].
Rahbarlar buzgan jamiyatni faqat olimlar va uyg‘oq, mabdaiy siyosiy jamoalargina tuzata oladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida ulamolarning jamiyatni isloh qilishdagi rolini bayon qilganlar:
صنفان من أمتي إذا صلحا صلح الناس، وإذا فسدا فسد النَّاس: العلماء والأمراء
“Ikki toifa odamlar borki, agar ular tuzalsa insonlar tuzaladi, agar ular buzilsa insonlar buziladi: olimlar va amirlar”. [Ahmad bin Hanbal].
Jamiyatlarga kelsak, bugun Ummat uyg‘oq va xolis siyosiy yetakchilikka misli ko‘rilmagan darajada ehtiyoj sezmoqda. Bu ehtiyojni faqat mabdaga ega insonlargina qondira oladi. Bunday odamlar esa, mabdaga asoslangan siyosiy jamoa ichidan chiqadilar. Chunki siyosiy jamoa mabdaga iymon keltirgan kishilardan tashkil topadi. Ularni xolis va siyosiy qilib tarbiyalagan yagona narsa mabdadir. Ular ushbu mabdani jamiyatga olib kirish, uni boshqaruvga olib kelish va uni eng go‘zal suratda amalga oshirish uchun harakat qiladilar. Ular Islomning sodiq qo‘riqchilaridir. Islom dini bu ikki toifaning To‘g‘ri yo‘lda sobitqadamligi bilan o‘z vujudini saqlab, dunyoga tarqaldi. Buni Hazrati Umarning quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi: “Biz Alloh Islom bilan aziz qilgan Ummatmiz, qachonki azizlikni Islomdan boshqasidan izlasak, Alloh bizni xor qiladi!”.
Alloh Taolo To‘g‘ri yo‘lda mustahkam bo‘lgan zotlar haqida shunday deydi:
إِنَّ الَّذِينَ قَالُوا رَبُّنَا اللَّهُ ثُمَّ اسْتَقَامُوا تَتَنَزَّلُ عَلَيْهِمْ الْمَلَائِكَةُ أَلَّا تَخَافُوا وَلَا تَحْزَنُوا وَأَبْشِرُوا بِالْجَنَّةِ الَّتِي كُنْتُمْ تُوعَدُونَ
“Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri — ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib, (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar. Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar!”. (Fussilat: 30).
Binobarin, bizning mas’uliyatimiz bu yo‘lda duch keladigan qiyinchiliklarga sabr-toqatli bo‘lib, umidsizlikka tushmasdan Allohning roziligini qo‘lga kiritishga harakat qilish va musulmonlarni uyg‘otib, oyoqqa turg‘izish hamda kofirlarni qulatish uchun Ramazon ne’matlaridan unumli foydalanishdir. Chunki Ramazon nafaqat ibodat oyi, balki Qur’onni hayotga qaytarish oyi hamdir. Alloh Taolo aytadi:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنْ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“(U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan”. (Baqara, 185). Alloh Taolo ushbu Ramazonni nusrat va To‘g‘ri yo‘lning boshlanishi qilsin, musulmonlarga birlik va azizlik in’om aylasin.
Turkiston