CASA-1000 loyihasidan kim manfaatdor?

22
0

CASA-1000 loyihasidan kim manfaatdor?

31 martdan boshlab CASA-1000 loyihasi doirasida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi Datka-So‘g‘d liniyasiga elektr energiyasi yetkazib beriladi. Bu haqda Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev Jahon banki vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi.

So‘ngi olingan xabarlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida CASA-1000 bo‘yicha qurilish ishlari to‘liq yakunlangan. “Datka-So‘g‘d” liniyasining kuchlanishi 500 kVtdan iborat. Qirg‘iziston va Tojikistondan ushbu loyiha orqali Afg‘oniston va Pokistonga elektr energiyasini eksport qilish ko‘zda tutiladi. Uning dastlabki bosqichi bir qancha xalqaro donorlar tomonidan moliyalashtirilgan. Qirg‘iziston Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasidan 38,25 million dollar, Yevropa investitsiya bankidan 70 million yevro va Islom taraqqiyot bankidan 50 million dollar kredit oldi. Loyihaning umumiy qiymati 1,17 milliard dollarga baholanmoqda. CASA-1000 orqali Qirg‘iziston va Tojikistondan har yili 4,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi eksport qilinishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy Osiyoning Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalari dunyodagi eng katta suv zahiralariga ega davlatlar qatoriga kiradi. Tog‘lardagi muzliklarning erigan suvlari bilan daryolar har yili to‘lib toshadi. Qirg‘iziston hududining 75%dan ko‘prog‘i balandligi 7439 metrga yetadigan tog‘lardan, Tojikiston hududining 93%i balandligi 7495 metrga yetadigan baland tog‘lardan iborat. Mazkur tabiiy xususiyatlar ushbu respublikalarga deyarli hech qanday kuch sarflamasdan elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Markaziy Osiyoda GESlar qurilib, keng miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarish rivojlanib borayotganiga qaramay, aholi yoz va qishda elektr energiyasi tanqisligidan aziyat chekib keladi. Bundan tashqari, elektr energiyasining narxi doimiy ravishda oshib bormoqda. Bir qarashda bu ish 31 million afg‘on xalqi va 190 million pokiston xalqining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgandek tuyuladi. Aslida esa, bu loyiha mintaqada harbiy bosqinchilik olib borayotgan mustamlakachi Amerika va Britaniyaning loyihasidir. Ushbu loyiha Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, USAID va Britaniya xalqaro hamkorlik vazirligi kabi G‘arbning bir qancha donor tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilmoqda. Xalqaro moliya tashkilotlari loyihani qo‘llab-quvvatlash orqali mintaqani Rossiyaning ta’siridan chiqarishni maqsad qilgan. Chunki Markaziy Osiyoning tabiiy boyliklari mintaqada nufuz talashishlari uchun ochko‘z yirik davlatlar o‘rtasida raqobatni kuchaytirmoqda. Agar Afg‘onistonda barqarorlikka erishilsa va Tolibon AQSH boshchiligidagi xalqaro siyosatga qo‘shilsa, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning nefti va mineral resurslari olib o‘tiladigan yo‘lakka aylanadi. Ya’ni, Markaziy Osiyoning minglab tonna oltin va boshqa qimmatbaho metallari hamda ulkan gaz va neft zaxiralari Afg‘oniston orqali tashib ketiladi. CASA-1000 loyihasi amalga oshsa, Qirg‘iziston va Tojikistondan eksport qilinadigan elektr energiyasi Afg‘oniston va Pokistondagi tabiiy resurslarni qazib olish va tashib ketish uchun qo‘llaniladi.

CASA-1000 loyihasining asosiy maqsadi Afg‘oniston orqali Pokistonga uzatiladigan energiyaning katta qismi o‘sha mintaqaning tabiiy resurslarini qayta ishlab chiqaradigan va G‘arb mustamlakachilariga xizmat qiladigan zavod fabrikalarni ishga tushirishga qaratilgan. Tayyor mahsulotlar kemalar orqali tashib ketiladi. Bundan tushgan ulkan daromadlar xorijiy bosqinchilarning cho‘ntagiga tushadi.

Xulosa qilib aytganda, mustamlakachi G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo davlatlarining tabiiy boyliklariga doir loyihalar ishlab chiqish orqali ulardan unumli foydalanmoqda. Mustamlakachilar mintaqa uchun qanday loyiha ishlab chiqmasin, uning foydasi Markaziy Osiyo yoki Janubiy Osiyo xalqlariga tegmagan va tegmaydi ham. Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo aholisi avvalgidek energiyaga muhtoj bo‘lib qolaveradi.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.