An’anaviy Islom kimning manfaatiga xizmat qiladi?

45
0

An’anaviy Islom kimning manfaatiga xizmat qiladi?

Qirg‘izistonda Diniy qo‘mita va muftiyot tomonidan O‘tgan hafta davomida an’anaviy Islom diniga amal qilish yo‘nalishida bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, turli hududlarda “E’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida” qabul qilingan qonunni tushuntirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Uchrashuvlarning asosiy mavzusi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash uchun Hanafiy mazhabi va Matrudiy aqidasiga amal qilish lozimligini ta’kidlashdan iboratdir. Shu sababli an’anaviy Islom atamasiga hamda hukumat targ‘ib qilayotgan mazhabchilik masalasiga to‘xtalib o‘tish zarurati tug‘ildi.

O‘rta Osiyoda, jumladan Qirg‘izistonda “an’anaviy Islom” atamasi SSSR qulashi ortidan kirib kelgan dinni hayotdan ajratuvchi kapitalistik mafkura bilan birgalikda qo‘llanila boshlandi. Bundan ko‘zlangan maqsad shar’iy hukmlar va Islomiy qadriyatlarni ba’zi an’analar qatoriga qo‘shish edi. Biroq “An’anaviy Islom”ni sovet davrida ham ko‘rish mumkin edi. Masalan, u davrda faqat Islomning nikoh va janoza kabi ayrim hukmlari mavjud bo‘lgan. Bu hukmlar “qiz o‘g‘irlash”, “o‘lgan kishiga qirq qilish”, “supurgini yotqizib qo‘yish” kabi an’ana va odatlar bilan birga qo‘shib o‘rgatilgan. Hatto maxsus kitoblar yozilib, so‘ngi avlodga yodlatilgan.

Biroq kapitalizm O‘rta Osiyoga kirib kelgach, shar’iy hukmlar “dunyoviy davlat” bahonasida cheklab qo‘yildi. Chunki dunyoviy davlatda din siyosatga aralashmaydi, hayot qonunlarini shariat emas, parlament deputatlari chiqaradi. Dindan faqat nikoh, janoza, namoz va ro‘za kabi shaxsiy masalalarda foydalanish mumkin xolos. Dinning faqat mana shu qismlariga amal qilinishiga rozi bo‘lib, siyosatga aralashmasdan, parlament chiqargan qonunlarni qo‘llab-quvvatlab yashash “An’anaviy Islom” deb ataldi. “Deputatlar chiqargan qonunlar bilan emas, shariat qonunlari bilan yashashimiz kerak” degan musulmonlar “diniy ekstremistlar” deb ataldi. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, “An’anaviy Islom” – bu faqat shaxsiy masalalarda Islomdan foydalanishga, boshqa masalalarda esa hukumat tomonidan chizilgan chiziqlarga amal qilishga moslashtirilgan loyihadir.

Aslida “An’anaviy Islom”ni Hanafiy mazhabiga bog‘lash katta xatodir. Abu Hanifa rahimahulloh mujtahid bo‘lib, “Qur’on, hadis, ijmo va qiyoslardan tashqari, Islomga mos urf ham shar’iy hukmlarga manba bo‘ladi”, degan rayni bildirganlar. Bu mujtahidlarga oid mavzu bo‘lib, Abu Hanifa rahimahullohning rayida urf shariatdan ustun degan ma’noni anglatmaydi. Aksincha, agar u shariatga muvofiq bo‘lsa, qo‘llaniladi, degan ma’noni anglatadi.

Shu o‘rinda Hanafiy mazhabini ro‘kach qilayotgan ulamolar va davlat mutasaddilariga shunday savol tug‘iladi. Nega siz namoz o‘qish Hanafiy mazhabiga ko‘ra bo‘lishini talab qilganingizdek, iqtisodiy masalalarda ham ushbu mazhab bo‘yicha amal qilinishini talab qilmaysiz? Masalan, Hanafiy mazhabi peshvolaridan biri bo‘lgan buyuk alloma Abu Yusuf rahimahullohning “Xiroj” kitobida Islomdagi iqtisodiy masalalar keng yoritilgan. Ammo siz buning o‘rniga kapitalistik iqtisod nizomiga va deputatlar sudxo‘rlik asosida chiqargan qonunlarga hamda xalqning yelkasiga og‘ir yuk bo‘lgan soliq tizimiga amal qilyapsiz! Hanafiy mazhabida o‘g‘irlik, zino kabi og‘ir jinoyatlar uchun qanday jazo belgilangan? Yoki Hanafiy mazhabidagi ta’lim siyosati G‘arb saqofatiga, o‘g‘il-qizlarni aralashtirib o‘qitishga asoslanganmi? Bu mazhabda davlatning boshqaruv tizimi Islomga asoslanishi kerakmi yoki demokratik respublika tizimigami?

Binobarin, “an’anaviy Islom” atamasi olamiy kufr tuzumining mabdaiy Islomga qarshi navbatdagi loyihasidir. Islom – bu o‘zidan fikrat va tariqat kelib chiqqadigan aqliy aqidadir. Islomiy fikrat hayotimizda duch keladigan barcha muammolar uchun Alloh tomonidan berilgan yechimlardir (shar’iy hukmlar bayoni). Islomiy tariqat – fikratning hayotimizda mavjud bo‘lishini kafolatlovchi shar’iy hukmlar bayonidir. Aniqrog‘i, jamiyatdagi shariatga zid barcha jinoyatlarni shar’iy hukmlari asosida bartaraf etish hamda Islomni hayotga qaytarish yo‘lini belgilab berish uchun Alloh tomonidan qo‘yilgan hukmlar bayonidir. Islom fikratini yoki tariqatini alohida-alohida ko‘tarib chiqish mumkin emas. Chunki har bir fikrat hukmini tariqatga bog‘lash kerak. Masalan, odamlar o‘rtasida o‘g‘irlik kabi jinoyat sodir etilsa, Islom tariqatiga ko‘ra, jinoyat aniqlangandan keyin jinoyatchining qo‘li kesiladi. Bu esa  odamlar yashash uchun hallol rizq topishi va o‘g‘irlikdan uzoq bo‘lishlarini kafolatlaydi. Hozir olg‘a surilayotgan “an’anaviy Islom”da esa o‘g‘riga qanday jazo tayinlanishi bayon qilinmagan. Bu esa ushbu jinoyatga jazo berish uchun kufr tariqatiga murojaat qilishga undaydi. Kufr “An’anaviy Islom”ni aynan mana shu maqsadda ishlab chiqqan. Bu loyiha kufr qo‘li bilan tayyorlangan bo‘lib, an’anaga aylangan Islom Ummatining kofirlarga itoat qilish holatini saqlab qolish va shu orqali Islomiy mabdaiy inqilobiy o‘zgarishlarning oldini olishga qaratilgan. Uning vazifasi Ummatning kufrga bo‘ysunishini sabr deb ta’riflash va kufr buzg‘unchiliklariga e’tibor qilmaydigan zaif, nochor musulmonlar doirasini kengaytirishdan iborat. Shuning uchun biz musulmonlar bunday loyihaga qarshi sukut saqlab turishimiz joiz emas. Shunday ekan, da’vatimizni Islomga to‘liq amal qilishga qaratishimiz lozim.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.