Amerika davlatlarni nazorat qilish uchun tashqi yordamdan qanday foydalanadi

5
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Amerika davlatlarni nazorat qilish uchun tashqi yordamdan qanday foydalanadi

AQSH prezidenti Donald Tramp yahudiy vujudi va Misrga ajratilgan yordamlardan tashqari Amerikaning tashqi yordamlarini to‘xtatishga buyurdi. Buni AQSH davlat departamenti tomonidan chiqarilgan memorandum tasdiqladi. Bu chora yordamlardan global gumanitar ehtiyojlarni qondirish vositasi sifatida emas, balki nazorat vositasi sifatida foydalanishga qaratilgan chuqurroq ish-rejasini aks ettiradi.

Uzoq vaqtlardan beri tashqi yordamlar Amerikaga dunyo siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkonini berib kelmoqda. AQSH rahbarlari «marshal rejasi» va «to‘rt nuqta» kabi dasturlarni rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash sifatida tasvirlab kelishgan. Lekin, aslini olganda, bu Amerikaning boshqa davlatlarning siyosiy va iqtisodiy ishlarida hukmronligini kengaytirdi. Taniqli siyosatshunos Gans Morgentau tashqi yordamlarni «harbiy kuch va diplomatiya bilan parallel ravishda qo‘llanadigan qurol», deb ta’riflagan. Bu siyosat sovuq urush davrida asosiy vosita bo‘lgan va bugungi kungacha Amerika nufuzida markaziy o‘rinni egallab kelmoqda.

AQSH gegemonligini saqlab qolish uchun yordamlardan foydalanish

Amerika tarix davomida yordamlardan o‘zining global ta’sirini kuchaytirish vositasi sifatida foydalangan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, AQSH yordam dasturlari Yevropa va Global Janubning ba’zi qismlarida Amerikaning ta’sirini ta’minladi. Sovuq urush davrida, yordamlar amerikaparast hukumatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali kommunizmning tarqalishini oldini olishga qaratildi. Bu yordamlar ko‘pincha Amerika manfaatlariga xizmat qilish uchun iqtisod va siyosiy tuzilmalarni o‘zgartirishga mo‘ljallangan shartlar bilan birga kelgan. Morgentauning tahlili bu voqelikka oydinlik kiritdi. Chunki u o‘z tahlilida yordamlarni diplomatik va harbiy amaliyotlar bilan taqqosladi. Unda Amerikaning Lotin Amerikasi va Afrikadagi aralashuvi, shuningdek, o‘z maqsadlariga erishish uchun o‘ziga ittifoqchi bo‘lgan avtoritar rejimlarni yordamlar orqali qo‘llab-quvvatlab kelgani misol tariqasida keltirilgan.

Trampning yordamlarga «birinchi navbatda Amerika» siyosati doirasida yondashishishi

Tramp yahudiy vujudi va Misrga ko‘rsatiladigan yordamlardan tashqari tashqi yordamlarni 90 kunga to‘xtatish to‘g‘risida buyruq berdi. Bu chora Amerikaning strategik maqsadlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan «birinchi navbatda Amerika» siyosatini aks ettiradi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio gumanitar istisnolarni himoya qildi. Ammo u yordamlarni qisqartirishdan maqsad dasturlarni AQSH tashqi siyosatiga moslashtirish ekanini ta’kidladi. Yahudiy vujudi va Misrga berilgan istisno ularning Amerika maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyatini aks ettiradi. Ushbu tasodifiy qisqartirishlar ta’siridan gumanitar tashkilotlar va yordam ko‘rsatish sohasi xodimlari aziyat chekdi. Bu esa zaruriy xizmatlarni taqdim etishga ixtisoslashgan dasturlarning uzilishiga olib keldi.

Ushbu «saralash» (ko‘p tadbirlar ichidan bittasini tanlab qo‘llash) yondashuvi Amerikani yordamlar sohasidagi siyosati haqiqatini ko‘rsatadi. Garchi bu yordamlar gumanitar yordam sifatida taqdim etilsa-da, ular ko‘pincha harbiy va siyosiy maqsadlarga qaratiladi. Rubioning eslatmasi Amerika ittifoqchilari uchun foydali hisoblangan dasturlardagi istisnolarni belgilash orqali ushbu konsepsiyani mustahkamladi. Bu esa favqulodda ehtiyojlarni qondirishga e’tibor berish o‘rniga strategik nazoratga doimiy e’tibor qaratishni aks ettiradi.

AQSH yordamlari ortidagi mustamlakachilik maqsadlari

AQSH yordamlarida ko‘pincha yordam oluvchi davlatlarning mustaqilligiga putur yetkazadigan shartlar qo‘yiladi. Bu shartlar xususiylashtirish va davlat nazoratini bekor qilish kabi tarkibiy islohotlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa Amerika kompaniyalari manfaatlariga xizmat qiladi. Bu choralar mahalliy iqtisodiyotning yemirilishiga olib keladi hamda AQSHning moliyaviy va siyosiy yordamiga qaramlikni keltirib chiqaradi. Misrning uzoq vaqtdan beri AQSH yordamlariga qaramligi ushbu dinamikaning yorqin namunasidir. Chunki Kemp-Devid kelishuvlari bilan bog‘liq kelishuvlar Misrning Amerika va yahudiy vujudi manfaatlari bilan uyg‘unligini kuchaytirdi.

Tabiiy resurslarga boy davlatlar AQSH kompaniyalarining ushbu resurslardan foydalanishiga yordam beradigan yordam siyosatiga duch kelishadi. 2010 yilgi Gaiti zilzilasidan keyin yordamlar asosan xalqaro pudratchilarga kelib tushdi. Mahalliy tashkilotlar esa, va’da qilingan yordamlarning bir qisminigina oldi. Mablag‘larning katta qismi oshirilgan shartnomalar orqali Amerika kompaniyalariga qaytarildi. Bu esa rivojlanishni kuchaytirish o‘rniga qashshoqlik va siyosiy beqarorlikni kuchaytirdi.

Yordamlar siyosiy manipulyatsiya o‘rnidadir

Amerika siyosiy natijalarga ta’sir qilish va manfaatlariga mos kelmaydigan davlatlarni beqarorlashtirish uchun yordamlardan foydalanadi. USAID dasturlari demokratiyani rivojlantirish niqobi ostida muxolafatchi guruhlarni moliyalashtiradi. Masalan, Kubada agentlik hukumatga qarshi isyon ko‘tarish maqsadida madaniy makonlarga, jumladan, elektron aloqa tarmoqlari va san’atga kirib borish uchun yashirin operatsiyalarni qo‘llab-quvvatladi. Bu sa’y-harakatlar kamdan kam hollardagina haqiqiy rivojlanishga qaratiladi. To‘g‘rirog‘i, ular bo‘linishlarni kuchaytirish va Amerika kompaniyalari manfaatlarini ilgari surish orqali AQSH tashqi siyosatiga xizmat qiladi. Masalan, Iroqda yordam paketlari mahalliy ehtiyojlar hisobidan AQSH kompaniyalari foydasiga yo‘naltirilganida shunday bo‘ldi.

Amerika nufuziga qarshi chiqadigan davlatlar yordamlarning muzlatilishi va sanksiyalar kabi favqulodda oqibatlarga duch kelishadi. Yashirin operatsiyalar boshqaruvga to‘sqinlik qiladi va davlatlarni majburiyatlarga rioya qilishga majbur qiladi. Bu taktika mahalliy siyosatni manipulyatsiya qilish va yordam oluvchi davlatlarni doimiy qaramlik holatida ushlab turish orqali Amerika gegemonligini kuchaytiruvchi uzoq muddatli strategiyani aks ettiradi.

Yahudiy vujudi va Misrga strategik e’tibor

Yahudiy vujudi va Misr Amerika geosiyosiy strategiyasidagi roli tufayli Amerika tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanadi. Amerika yordamlari yahudiy vujudining harbiy hukmronligini moliyalashtiradi. Bu esa unga Falastinni bosib olishni davom ettirish imkonini beradi. Bu yordamlar G‘azoga qarshi urushda qo‘llangan va ayni paytda G‘arbiy Sohilda qo‘llanayotgan rivojlangan qurollar yetkazib berilishini ham o‘z ichiga oladi. Bu siyosat yahudiy vujudining Amerikaning Yaqin Sharqdagi manfaatlariga muvofiq mintaqaviy kuch sifatida joylashishini ta’minlaydi. Misrga ko‘rsatilayotgan yordam uning AQSH xavfsizlik tashabbuslari bilan hamkorligini oshirishga yordam beradi. Kemp-Devid kelishuvlaridan keyin Misr Vashington uchun qulay shartlar asosida mintaqaviy barqarorlikni saqlashda asosiy hamkorga aylandi. Rubioning yordam istisnolarini himoya qilishi (Isroil) va Misrning qanday qilib Amerika tashqi siyosati maqsadlariga xizmat qiluvchi mustamlakachilik bazasi bo‘lib xizmat qilishini ko‘rsatadi. Bu voqelik gumanitar maqsadlar ustidan siyosiy nazoratni birinchi o‘ringa qo‘ygan AQSH yordamlarining «saralash» (ko‘p tadbirlar ichidan bittasini tanlab qo‘llash) xususiyatini aks ettiradi.

Tramp ma’muriyatining yahudiy vujudi va Misrga ko‘rsatiladigan yordamlardan tashqari tashqi yordamlarni to‘xtatib qo‘yishi AQSH yordam dasturlaridan ko‘zlangan doimiy maqsadni ochib beradi. Bu yordamlar, global rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashdan yiroq bo‘lgan holda, boshqa davlatlar siyosati va resurslarini nazorat qilish vositasi sifatida xizmat qiladi. Tarixiy va so‘nggi paytdagi misollar shuni ko‘rsatadiki, AQSH yordamlari uning strategik ambitsiyalariga xizmat qilish uchun siyosiy manzarani shakllantiradi.

Bu voqelik keng miqyosda tan olinguniga qadar, bunday yordamlar rahm-shafqat niqobi ostida mustamlakachilik nazorati vositasi bo‘lib qolaveradi.

Roya gazetasining 2024 yil 5 fevral chorshanba kungi 533-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.