Muftiy an’anaga ko‘ra Ramazon oyining boshlanish kunini oldindan e’lon qildi

51
0

Muftiy an’anaga ko‘ra Ramazon oyining boshlanish kunini oldindan e’lon qildi

Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi 17 fevral kuni Ramazon oyi 1 martdan boshlanishini ma’lum qildi. Shu bois, musulmon xalqimizga ro‘zaning boshlanishi va tugashini oyga qarab belgilash vojibligini eslatib o‘tmoqchimiz.

Darhaqiqat, musulmonlar yashayotgan hududlar, garchi bir-biridan uzoqda bo‘lsa ham ro‘za tutish va ro‘zani tamomlashda bir bo‘lishlari vojibdir. Chunki bu haqda ochiq nass (dalil) kelgan. Shariatda biror masala borasida ijtihod talab etmaydigan nass kelgan bo‘lsa, bu masala haqida aytilgan so‘zlardan qat’i nazar, faqat o‘sha nass olinadi.

Birinchi dalil: Alloh Taoloning ushbu oyati:

فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمْ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ

“Bas, sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin”. [2:185]

Bu yerda شَهِدَ so‘zi “bildi” degan ma’noda kelmoqda. Bunga Alloh Taoloning quyidagi oyati misol bo‘la oladi:

قَالَتْ يَاأَيُّهَا المَلَأُ أَفْتُونِي فِي أَمْرِي مَا كُنتُ قَاطِعَةً أَمْرًا حَتَّى تَشْهَدُونِي

“(Malika) aytdi: «Ey odamlar, menga bu ishimda fatvo-maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo‘lmaguningizcha biron ish haqida hukm qilguvchi emasman”. [27:32].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va xatti-harakatlari bilan bu ma’noni bayon qilganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham oyni ko‘rib ro‘za tutganlar va oyni ko‘rib ro‘zasini ochganlar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida oyni ko‘rdim, deb guvohlik bergan kishiga: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad Allohning rasuli ekanligiga guvohlik berasanmi? – deb so‘rab, u kashining “ha” degan javobi bilan cheklandilar. Chunki bu shar’iy hukmdagi shahodat turkimidan bo‘lib, faqat musulmondangina qabul qilinadi.

Ikkinchi dalil: Alloh Taoloning quyildagi oyati:

يَسْأَلُونَكَ عَنْ الْأَهِلَّةِ قُلْ هِيَ مَوَاقِيتُ لِلنَّاسِ وَالْحَجِّ

“Sizdan oylar haqida so‘rashadi. Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir. [2:189].

Oylar o‘n ikki oydan iborat. (شهر) ya’ni oy – bu ikki yangi hilol orasidagi vaqtdir. Agar ma’lum bir mamlakatda oy ko‘rilgan bo‘lsa, biz yangi oy kiribdi, deb aytishimiz mumkin. Bu esa ro‘za tutish va hajga borish uchun vaqt o‘lchoviga aylanadi.

Uchinchi dalil: Alloh Taoloning ushbu oyati:

يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُوْلِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ إِنْ كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ ذَلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلًا

“Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir”. [4:59].

Alloh Taologa qaytarish, Uning kitobiga qaytarish demakdir, buning ma’nosi muhkam (aniq) oyat mutashabih (noaniq) oyatdan ustun turadi. Nasx qiluvchi oyat esa, nasx qilingan (mansux) oyat ustidan hukm chiqaruvchi bo‘ladi. Masalan, aroq harom qilinishi haqidagi hukm uch bosqichda nozil bo‘lgan. Avval uning zarari haqida, so‘ng mast holda namozga turmaslik haqida va oxiri butunlay haromligi haqida oyat nozil bo‘ldi. Musulmonlar oxirgi hukmga amal qiladilar. Undan oldingi oyatlar nasx (bekor) qilingan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaytarishga kelsak, bundan maqsad Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan musulmon kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilgan amallari va aytgan so‘zlarini qo‘yib, o‘z biganiga o‘tib ketmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘sha so‘zlardan biri, mashaqqat va umumiylikni yo‘qotish haqida:

«صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ»

“(Oy)ni ko‘rib ro‘za tutinglar, Uni ko‘rib ro‘zani tamomlanglar” degan hadislaridir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni o‘z amallari bilan ham ko‘rsatib berganlar. Masalan, U kishi boshqa birovning oyni ko‘rganligi bilan ro‘za tutganlar va og‘iz ochganlar. Bundan tashqari, bu masalada oyning har turli joylardan chiqishi haqida ham va har bir mamlakatning o‘zi ko‘rishi haqida ham aytilmagan.

To‘rtinchi dalil: Bayhaqiy o‘zining “Sunan”ida Ali ibn Ahmad ibn Abdondan shunday rivoyat qiladi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyni ko‘rib ro‘za tutishni va oyni ko‘rib ro‘zani tamomlashni, agar osmon bulutli bo‘lsa, (Sha’bonni) o‘ttiz kun deb hisoblashni buyurdilar”. Ibn Abbos uni tafsir qilib aytgan.

Beshinchi dalil: Payg‘ambarimizning ushbu so‘zlari:

»صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ، فَإِنْ غُمَّ عَلَيْكُمْ فَأَكْمِلُوا الْعِدَّةَ ثَلاَثِينَ«

“(Oy)ni ko‘rib ro‘za tutinglar, Uni ko‘rib ro‘zani tamomlanglar. Agar (osmon) bulutli bo‘lsa, sanoqni o‘ttiz kun deb hisoblang” (ya’ni, Sha’bonni o‘ttiz kun deb hisoblang)”.

Bu musulmonlar ro‘za tutish va ro‘zani ochishda bir bo‘lishlari zarurligi haqida kelgan eng ochiq hadisdir. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “صُومُوا وَأَفْطِرُوا” “Ro‘za tutinglar va ro‘zani ochinglar” degan so‘zlari butun Ummat uchun aytilgan. Bu “صُومُوا وَأَفْطِرُوا” “Ro‘za tutinglar va ro‘zani tamomlanglar” degan so‘zlari haqida edi. “فَإِنْ غُمَّ عَلَيْكُمْ” “Agar (osmon) bulutli bo‘lsa» degan so‘zlariga kelsak, bu yerda buyruqni «agar» degan shartga bog‘laganlar. Bu (Agar bulut sababli, oy ko‘rinmay qolsa, ro‘za tuting) degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, “ko‘rinmasa” degan o‘tgan zamon fe’li majhul nisbatga qurilgan. Bu gap xuddi (Ey musulmonlar, sizlardan birortangiz oyni ko‘rsa, bu bilan barchangizga ro‘za tutish va ro‘zani tamomlash shart bo‘ladi) degan gap kabidir.

Oltinchi dalil: Bayhaqiy Varqa ibn Umar orqali Abdulya’la Sa’labiydan, u esa Abdurahmon ibn Abu Ya’ladan rivoyat qiladi: Men Baro ibn Azib va Umar ibn Xattob bilan Baqi’da birga edim. Shunda u yangi oyga qaradi. Keyin bir otliq kelib qoldi. Umar undan: “Qayerdan kelding?” – deb so‘ragan edi u “Mag‘ribdan” – dedi. Umarning “Oyni ko‘rdingmi…? – degan savoliga u: “Ha” – deb javob berdi. Umar: “Allohu Akbar, bu odamning (oyni) ko‘rishi (barcha) musulmonlarga kifoya qiladi” – dedi. Doruqutniy ham xuddi shunday ma’noda hadis rivoyat qilgan.

Endi, “astronomik hisob-kitoblar oyning chiqish vaqtini aniq belgilay oladi”, degan da’voga kelsak, astronomlar quyosh botishida oyning ko‘rinish vaqtini turlicha belgilashadi. Shunday bo‘lsa ham, biz oyning chiqishi bilan emas, uni ko‘rish bilan ro‘za tutamiz va ro‘zani tamomlaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shunday qilishni buyurdilar:

صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ، فَإِنْ غُبِّيَ عَلَيْكُمْ فَأَكْمِلُوا عِدَّةَ شَعْبَانَ ثَلاَثِينَ

“(Oy)ni ko‘rib ro‘za tutinglar, Uni ko‘rib ro‘zani tamomlanglar. Agar (osmon) bulutli bo‘lsa, sanoqni o‘ttiz kun deb hisoblang” (ya’ni, Sha’bonni o‘ttiz kun deb hisoblang)”. Chunki Ramazon hiloli chiqqan bo‘lishi, lekin bulutlar to‘sib turganligi tufayli ko‘rinmasligi mumkin. O‘shanda mana shu hadisga asosan sanoqni o‘ttiz kun deb hisoblaymiz. Demak, ro‘za tutishning dalillarida kelganidek, oyni ko‘rish vojibdir.

Shu bois ro‘za tutish vaqti va Ramazon oyining tugashini astronomik hisob-kitoblar bilan belgilash joiz emas, shar’iy kuzatuv farzdir.

Xulosa qilib aytganda, oy haqidagi aniq dalillarga qaramay, ixtilof qiluvchilar Islomiy mamlakatlarning bo‘linishini yanada kuchaytirishga hissa qo‘shmoqda. Ular bu fatvolarni shariat qonunlariga rioya qilgan holda emas, balki Sayks-Pikot kelishuviga itoat qilgan holda amalga oshirishmoqda. Alloh Taolo bizlarga o‘z nusratini yaqin qilsin va bitta Ummat sifatida, ro‘zani bir vaqtda boshlab, hayitni ham bir kunda nishonlashni nasib etsin!

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.