Turkiya Markaziy Osiyoda harbiy ishtirokini kengaytirmoqda

20
0

Turkiya Markaziy Osiyoda harbiy ishtirokini kengaytirmoqda

Qirg‘izistondagi harbiy ishtirokini faol ravishda kuchaytirib borayotgan Anqara, Markaziy Osiyoda iqtisodiy ta’sirini oshirib, o‘z mavqeini mustahkamlash va Rossiyani ushbu strategik muhim mintaqadan siqib chiqarishga intilmoqda. Qirg‘iziston parlamenti yaqinda Turkiya bilan mudofaa sohasida sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan shartnomani tasdiqlash haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Loyihada harbiy mahsulotlar ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar tashkil etish, ularni uchinchi davlatlarga eksport qilish, texnologiyalar transferi va mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Mudofaa sohasidagi hamkorlik qurol-yaroq ishlab chiqarishdan tortib, ularni yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish va modernizatsiya qilish, texnologiyalar yuborish, o‘qitish va hujjat almashishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalarni o‘z ichiga oladi.
Shu tarzda Turkiya Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni tobora kengaytirmoqda. Turkiya 30 yildan buyon mintaqada turli madaniy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirib keladi. Turkiy davlatlar tashkiloti bu strategiyaning asosiy vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning tarkibiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Ozarbayjon kiradi.
Anqaraning manfaatlari faqat savdo va umumiy tarixiy bog‘likliklar bilan cheklanmaydi. Harbiy-texnik hamkorlik va mudofaa bo‘yicha qo‘shma rejalar Qirg‘iziston uchun haqiqiy alternatiga aylanib bormoqda.
Anqara Qirg‘izistondagi ta’sirini “Turkiy kengash” orqali kuchaytirishga harakat qilmoqda va nafaqat harbiy texnika yetkazib berish, balki dronlarni yig‘ish liniyasini yaratishga ham tayyor. Avvalroq Turkiya Qirg‘izistonga chegara xavfsizligini ta’minlash uchun bir necha uchuvchisiz samalyotlar yetkazib bergan edi.
So‘nggi ikki yarim yil ichida Qirg‘iziston harbiy texnika va moddiy ta’minot uchun 1,3 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, Turkiya qirg‘iz harbiy qismlariga o‘qotar qurol eksport qilishda davom etmoqda.
Mushtarak harbiy texnikaning ishlab chiqarilishi va texnologiyalar transferi Qirg‘izistonning mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi. Ayniqsa, Tojikiston bilan chegaradagi keskinlikni hisobga olganda, bu strategiya Qirg‘iziston uchun muhimdir. Rossiyaning Qirg‘izistondagi harbiy bazalari esa chegaradagi keskinlikni bartaraf etish uchun hech qanday chora ko‘rgan yo‘q. Qirg‘iziston o‘z armiyasini jangovar shay holatga keltirish zarurligini tushunishi va uni o‘zi amalga oshirishi tabiiyki, mudofaa sohasida hamkorlar izlashni talab qiladi.
Bundan tashqari, Turkiya Qozog‘istonda ham dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik an’anaviy qurol-yarog‘ yetkazib berishdan tashqari, Qozog‘iston armiyasini modernizatsiya qilish va uni global mudofaa tizimlariga integratsiya qilishga qaratilgan strategik hamkorlikka aylanmoqda.
Bu hamkorlik Turkiyaning mintaqada o‘z ta’sirini kengaytirish borasida jiddiy harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo bundan buyon faqat Rossiyaning ta’siri bilan chegaralanib qolmasligidan dalolat beradi.
Yaqinda rossiyaparast ommaviy axborot vositalari “qardosh” Qirg‘iziston Turkiyaning tashabbusi bilan “Turon armiyasi” safiga qo‘shilayotgani haqida xabarlar taqatdi. Bu xabarlar Turkiyaning “Bayraktar” dronlarini Qirg‘izistonda ishlab chiqarish rejalari haqidagi xabarlardan keyin paydo bo‘ldi. Rossiya matbuoti bu harakatni Turkiya yetakchiligida turkiy tilli davlatlarning faraziy harbiy ittifoqini yaratish yo‘lidagi qadam sifatida baholadi.
Turkiyaning mintaqadagi ta’sirining ortishi AQSH manfaatlariga mos keladi. Bu “Buyuk Turon” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Rossiya Ukrainadagi urush natijasida sanksiyalarga va iqtisodiy zaiflikka duch kelgan bir paytda Turkiya va G‘arb davlatlari Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda.
Bunday sharoitda Rossiya Qirg‘iziston va Qozog‘istonga bosim o‘tkazishning odatiy usullarini, jumladan, qo‘rqitish, chegaradan tovarlar olib o‘tishni qiyinlashtirish va migrantlarga bosim o‘tkazishni kuchaytirishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, chegaralarda tovarlarni ushlab turishlik va migrantlarning mamlakatga pul o‘tkaza olmaslik holatlari kuzatilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mudofaa sohasida hamkorlik hali KXSHT kabi to‘laqonli harbiy ittifoqqa aylangani yo‘q. Ammo, Anqara shubhasizki, mintaqadagi o‘z ta’sirini yanada kengaytirishga va ishtirokini kuchaytirishga intiladi. Turkiya bilan chuqur harbiy hamkorlik G‘arb rejalariga muvofiq davom etayotgan strategiyaning bir qismidir. Bu strategiya mintaqa davlatlarining qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishda Rossiyadan keskin uzoqlashishni talab qiladi.

Hujjat Jamiya

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.