Japarov “Din to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

29
0

Japarov “Din to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov jamoatchilikning keskin qarshiligiga uchragan “Din to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Japarov o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dinni mahkam ushlagan fuqarolar bu qonunga o‘z e’tirozlarini bildirib, uni qaytarishni so‘rashgan. Shu bilan birga, uni imzolab, kuchga kiritishni so‘ragan sekulyar fuqarolar ham bo‘lgan. Unga ko‘ra, sekulyar ko‘zqarashdagi fuqarolarning soni dinni mahkam ushlagan fuqarolar soni bilan teng ekan.

“Qonunda faqat bitta aniq belgilanmagan masala bor. Bu – uyma-uy yurib da’vat qilish masalasidir. Bu masalani Muftiyot va ulamolar kengashi tartibga solib, kim da’vatga chiqadi, qaysi organ unga guvohnoma beradi, kim nazorat qiladi va hokazo kabi rejalarni aniq yozib, bizga taklif qilsangiz, qayta ko‘rib chiqamiz”, dedi. – dedi Japarov.

Prezident mamlakatda sud tomonidan taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” va shu kabi 20ta tashkilot va hali ta’qiqlanmagan 14ta jamiyat faoliyat yuritayotgani, ularga qo‘shilayotganlar soni kundan-kunga ortib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Izoh:

Japarov o‘z bayonotida jamoatchilik e’tiborini uyma-uy yurib da’vat qilishga qaratish orqali qonun loyihasidagi Islomga qarshi moddalarni yashirishga urinmoqda. Masalan, yangi qonun loyihasiga ko‘ra, masjid va madrasalar faqat tegishli muassasalarning ruxsati bilan quriladi. Avvalgidek, ularni hashar yo‘li bilan yoki homiylar tomonidan qurish taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu loyihada jamoat joylarda va davlat muassasalarida niqob taqishni taqiqlash taklifi kiritilgan. Qonunni buzgan muslima opa-singillarimizga 20000 so‘m, yuridik shaxslarga esa, 60000-65000 so‘m miqdorida jarimaga tortish ko‘zda tutiladi.

Bundan tashqari, “voiz” atamasi atayin joriy etilib, bu bilan din xodimlarining internetdagi va mintaqalardagi bayonotlarini nazorat qilish va cheklash ko‘zda tutilmoqda. Masalan, tuman masjidi imom-xatibi o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan hududdan tashqarida da’vat qilishi yoki diniy faoliyatini amalga oshirishi mumkin emas. Shuningdek, da’vat qilish uchun oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishi va har yili Diniy komissiya ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Agar xutbalardan birida hukumat manfaatlariga zid yoki qonunga zid bo‘lgan shar’iy majburiyat haqida so‘z yuritgan bo‘lsa, Diniy komissiya uning faoliyatini darhol to‘xtatish huquqiga ega. Ro‘yxatdan o‘tmaganlar esa da’vat qilish huquqidan mahrum qilinadi. Hozirda mazkur modda doirasida, qonun qabul qilinmagan bo‘lsa ham, huquq-tartibot idoralari xodimlari ijtimoiy tarmoklarda Islomiy mavzular qo‘yayotgan musulmonlarga tahdid qilib, dasturlarini to‘xtatish yoki cheklashni talab qilmoqda.

Aslida, da’vat qilish, shuningdek yaxshilikka buyurib, yomon ishlardan qaytarish har bir musulmonning zimmasida farzdir. Uni tark qilgan kishi xuddi namozni tark qilgan kishi kabi gunohkor bo‘ladi. Qolaversa, shariatga ko‘ra, o‘zingiz yaxshi bilgan ish borasida siz olim sanalasiz, uni bilmaganlarga yetkazish, o‘rgatish sizning burchinggiz hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

«… فَرُبَّ حَامِلِ فِقْهٍ غَيْرُ فَقِيهٍ، وَرُبَّ حَامِلِ فِقْهٍ إِلَى مَنْ هُوَ أَفْقَهُ مِنْهُ»

«…ba’zida fiqhni ko‘targan kishi faqih bo‘lmasligi va ba’zida u o‘zidan faqihroq kishiga yetkazishi mumkin».

Hukumat esa, uyma-uy yurib, da’vat qilishni ta’qiqlash bilan uylarda va davlat ro‘yxatidan o‘tmagan masjid-madrasalarda dars qilishga, Qur’on o‘rganishga to‘sqinlik qilishni ham ko‘zlamoqda.

Darhaqiqat, har bir musulmon, xoh mahallada, xoh ko‘chada, xoh masjidda bo‘lsin, Islomni yetkizishga harakat qiladi. Yomonlikni ko‘rsa, uni qo‘li yoki tili bilan to‘xtatish uchun bor kuchini ishga soladi. Chunki Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday dedilar:

“مَن رأى منكم منكرا فليغيره بيده، فإن لم يستطع فبلسانه، فإن لم يستطع فبقلبه، وذلك أضعف الإيمان” رواه مسلم.

“Sizlardan kim munkarni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin. Agar bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan o‘zgartirsin. Agar bunga ham qodir bo‘lmasa, qalbi bilan o‘zgartirsin. Bu (qalbi bilan o‘zgartirish) imonning eng zaifidir”.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bizning zimmamizdagi mas’uliyatni eslatib, shunday dedilar: “Allohga qasamki, albatta siz yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarasiz, va zolimning qo‘lidan ushlab, uni majburan haqqa bo‘ysundirib, haqqa cheklab qo‘yasiz. Yoki, Alloh ayrimlaringiz bilan ayrimlaringizning dillariga zarba beradi, so‘ngra ularni (Banu Isroilni) la’natlaganidek, sizlarni ham la’natlaydi”.

Binobarin, hukumat tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi Islom dini va qadriyatlariga ziddir. Hukumat mazkur qonun loyihasi orqali musulmonlar faoliyatini nazorat qilib, jamiyatga chuqur kirib borayotgan Islomiy da’vatni to‘sishga harakat qilmoqda. Buning yagona sababi diniy sohada qabul qilingan qarorlarning mustamlakachi davlatlar va ularning quroliga aylangan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning bosimi ostida qabul qilinishidir.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytadilar:

مَا مِنْ وَالٍ يَلِي رَعِيَّةً مِنْ الْمُسْلِمِينَ فَيَمُوتُ وَهُوَ غَاشٌّ لَهُمْ إِلَّا حَرَّمَ اللَّهُ عَلَيْهِ الْجَنَّةَ

“Musulmonlarga boshchilik qilib, ularni aldagan holda vafot etgan har bir rahbarga Alloh taolo jannatni harom qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.