Din yengillikdir

47
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Din yengillikdir

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

Ibn Hajar al-Asqaloniy “Fathul-Bariy – sharhu Sahihul Buxoriy” asarida shunday deydi:

حدثنا عبدُ السلام بنُ مُطَهِّرٍ قال حدثنا عمرُ بنُ عليٍّ عن معنِ بنِ محمدٍ الغَفَارِيِّ عن سعيدِ بن أبي سعيدٍ الْمِقْبَرِيِّ، عن أبي هريرةَ عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: إن الدينَ يُسْرٌ ولن يُشَادَّ الدينَ أحدٌ إلا غلبه فسددوا وقاربوا وأبشروا واستعينوا بالغَدْوَةِ والرَّوْحَةِ وشيءٍ من الدُلْجَةِ

Abdul Salom ibn Mutahhir bizga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Din yengillikdir, kimki uni qattiq ushlayman desa, din uni yengib qo‘yadi. Demak o‘rtacha bo‘ling, yaqinini ushlang, xursand bo‘ling, umr safarida erta tongdan, kechki paytdan va kechaning bir qismidan unumli foydalaning”.

“Din yengillikdir”, degan so‘zning ma’nosi Islom oson dindir. Dinning yengilligi avvalgi dinlarga nisbatan osonligi bilan o‘lchanadi. Zero, Alloh bu Ummatdan avvalgilarda bo‘lgan og‘ir yukni olib tashladi. Buning eng yorqin misollaridan biri shuki, avvalgi ummatlardan ba’zilari tavba qilish uchun o‘z joniga qasd qilish kerak bo‘lardi.  Ya’ni, tavba qilish o‘z joniga qasd qilishdan iborat edi. Bu Ummatning tavbasi esa, gunohni tark etish va afsuslanish bilan bo‘ladi.

“Sevimli din” deganda dinning fazilatlari nazarda tutiladi. Chunki Islomning barcha fazilatlari sevimlidir. Dindagi yengillik esa Allohga mahbubdir.

“Kimki uni qattiq ushlayman desa, din uni yengib qo‘yadi” degan gapning ma’nosi shundan iboratki, kimki diniy ishlarga chuqur ketib, uni qattiq ushlasa va yengillikdan voz kechsa, vaqt o‘tishi bilan zaiflashib, boshqa amallarini tark etadi va natijada din uni yengib qo‘yadi. Bu gap ibodatni to‘ldirish uchun izlanish haqida aytilgan emas. Bunday izlanish maqtovga sazovor ishlardan biridir. Balki bu nafl namozlarda va haddan oshib ketadigan narsalar haqidadir. Masalan, tun bo‘yi namoz o‘qib, so‘ng ko‘zlari yumilib, bomdod namoziga uxlab qoladigan kishi kabi. Afzal ishni tashlab qo‘yishga va farzlarni vaqtidan kechiktirishga sabab bo‘ladigan narsalarni ortiqcha qilish taqiqlanadi.

“O‘rtacha bo‘ling” degani, dinga rioya qilishda yengillik tarafini ko‘rsatib berish bilan bog‘liq. Bu to‘g‘ri narsani mubolag‘asiz o‘rtacha ushlashdir. Tilshunoslar: “(السداد) amalda o‘rtacha bo‘lishdir” deyishadi.

“Yaqinini ushlang” degani, agar siz bir amalni to‘liq bajara olmasangiz, unga yaqinroq amal qiling, degan ma’noni anglatadi.

“Xursand bo‘ling” deganda, kichik bo‘lsa ham muntazam qilingan amallarning savoblari bilan xursand bo‘lish tushuniladi. Amalni nihoyasiga yetkaza olmagan kishining ojizligi uning aybi bo‘lmas ekan, demak go‘yo amalni to‘liq bajargandek, uning savobi to‘liq beriladi.

“Erta tongdan unumli foydalaning” so‘zining ma’nosi shuki, ibodat uzluksiz davom etishi uchun uni charchagan paytda emas, balki kayfiyat ko‘tarinki paytda qilish foydalidir. Ko‘pincha odam ertalab va tushdan keyin kayfiyati ko‘tarinki, quvnoq bo‘ladi.

“Kechaning bir qismi”, kechaning oxirgi vaqtini bildiradi. Kechaning barcha qismini bildirishi ham aytilgan.

Aziz birodarlar!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Din yengillikdir, kimki uni qattiq ushlayman desa, din uni yengib qo‘yadi”, dedilar. Demak, kimki dinni aqli bilan qabul qilib, unga qattiq amal qilmoqchi bo‘lsa, zaiflik qilib istagiga erisha olmaydi. Tuni bilan uxlamay namoz o‘qiyman va uzluksiz ro‘za tutaman desa, buning uddasidan chiqa olmaydi, qayta-qayta boshlashga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Qur’on Karimni har kuni yoki kunora xatm qilishga o‘zini majburlasa, bora-bora zerika boshlaydi. Xuddi shunday muboh ishlarni o‘ziga harom qilsa, o‘ziga o‘zi zulm qilgan bo‘ladi. Bu hadisda amallarga chuqur ketish zikr qilingan. Bunda din uni yengib qo‘yadi-da, u o‘z-o‘zidan ortga ketadi.

في حديث الرسول – صلى الله عليه وسلم – اكْلَفُوْا من العمل ما تُطيقون فإن الْمُنْبَتَّ لا أرضاً قَطَعَ، ولا ظَهْراً أبقى

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Toqatingiz yetguncha amal qiling. Zero, safarda sheriklaridan ajralib qolgan kishi yerni kesib ham o‘tolmaydi, ulovini ustida ham qola olmaydi”. Ya’ni, ulovi holdan toyib qolgunicha mingan odam manziliga yeta olmaydi. “Ot ko‘rmagan otni minib o‘ldiradi” deganlaridek, uzoq safarga otlangan odam uloviga dam bermay, qisqa fursatda manziliga yetib bormoqchi bo‘lsa, o‘rta yo‘lda ulovidan ajralib qolib, manziliga yetib borolmaydi.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

08 Rajab, 1446h yil.

08 yanvar, 2025m yil.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.