Qirg‘izistonda oilaviy zo‘ravonlik 32 foizga oshdi
2024 yil Qirg‘izistonda 17316ta oilaviy zo‘ravonlik holati qayd etildi. Bu esa, 2023 yilga nisbatan 32 foiz yoki 4212 nafar ko‘p oilaviy zo‘ravonlik yuz berganini ko‘rsatadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, zo‘ravonlik qurbonlariga 14362ta vaqtinchalik himoya orderi berilgan. Ulardan 13663 tasi ayollarga, 699tasi esa erkaklarga berilgan. Oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 555ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ulardan 276tasi sudga yuborilgan, 133tasi esa qisqartirilgan. Yana 38ta holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ro‘yxatga olingan oilaviy zo‘ravonlik ba’zan qotillikka sabab bo‘lgani uchun bu muammo vaqti-vaqti bilan jamoatchilik ichida muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Garchi bu muammoni bartaraf etish davlatning vazifasi bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlar zo‘ravonlik yil sayin ortib borayotganini tasdiqlab turibdi. Bunday huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qator takliflar bildirilib, xotin-qizlar huquqlari himoyalanmayotgani haqidagi fikr-mulohazalar ko‘p bildirilmoqda. Masalan, nohukumat tashkilotlar ayollar huquqlari yetarli darajada himoyalanmaganligini ta’kidlab, G‘arbda sinovdan o‘tgan qonunlarni taklif qilib keladi. G‘arbning o‘zi bu muammoning girdobida qolgan bo‘lib, undan chiqish yo‘lini topa olmay sarson. Chunki G‘arb davlatlari ham Qirg‘iziston singari inson ongidan kelib chiqadigan demokratik qonunlar asosida boshqariladi. Shu bois ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kamayish o‘rniga ortib bormoqda. Masalan, “The Diplomat” nashri dunyoda ayollarning qariyb 35 foizi jinsiy va boshqa zo‘ravonlik turlarini boshdan kechirayotgani haqida yozdi.
Ma’lumki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning asosiy sababchisi hozirgi kunda qo‘llanilayotgan kapitalistik qonunlardir. Zero, demokratiya ayollarni erkaklar bilan tenglashtirish bahonasida tabiatan zaif bo‘lgan ayollarga erkaklar bilan bir xil mas’uliyat yuklaydi. Ayollarni erkin qilish va erkaklardan mustaqil (gender tengligi) bahonasida ularni ayollarga mos bo‘lmagan sohalarga jalb qilindi. Natijada oilada barqarorlik yo‘qoldi. Erkaklar ham, ayollar ham o‘z burchlarini unutishganligi uchun oilada nizolar kuchaymoqda. Demak, kapitalistik tuzum ayollar duch keladigan zo‘ravonlikni bartaraf eta olmaydi. Aksincha, bu muammolar ana shu mafkura tufayli yuzaga kelmoqda va ayollar G‘arbning bu “erkinligi”dan himoya qilinishga muhtojdir. Buni G‘arb rasmiylarining bayonotlari ham tasdiqlaydi. AQSHning sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning so‘zlariga ko‘ra, “ayollar umumiy ishchi kuchining 40 foizini, qishloq xo‘jaligidagi ishchi kuchining 43 foizini va dunyodagi talabalarning yarmini tashkil qiladi. Shunday ekan, ayollarning iqtisodiy salohiyatini siquvga olish har qanday davlat uchun tayyor puldan voz kechish bilan barobar”. Klintonning bu so‘zlari kapitalizm haqiqatini yaqqol aks ettirib turibdi. Boshqacha aytganda, kapitalizmning dunyoqarashi ayollarga uy bekasi sifatida emas, balki ishchi kuchi sifatida qaraydi.
Buning muqobilida, Islom jamiyatida zo‘ravonlik kam uchraydigan hodisadir. Xususan or-nomus sifatida bizga berilgan ayollar va kelajak avlod sifatida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish qabul qilib bo‘lmaydigan jinoyatdir. Alloh Taolo aytadi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
“Ular bilan tinch-totuv yashanglar” (Niso: 19). Rasululloh ﷺ musulmonlarni ayollariga zo‘ravonlik qilishdan ogohlantirib shunday dedilar:
لَا يَجْلِدُ أحدُكم امْرَأَتَهُ جَلْدَ الْعَبْدِ ثُمَّ يُجَامِعُهَا في آخِرِ الْيَوْمِ
— Sizlarning orangizdan birortangiz o‘z xotinini quldek urib, so‘ng kechki payt u bilan jinsiy aloqa qilmasin! (Buxoriy rivoyati).
Islom ayollarga uy bekasi va himoya qilinishi shart bo‘lgan nomus sifatida qaraydi. Ana shu dunyoqarashga asoslanib, erkak o‘z xotini va mahramlarini himoya qiladi. Shu bilan bir qatorda, shariat oiladagi erkak va ayolning tabiatiga ko‘ra huquq va burchlarini belgilab bergan. Ayol oilada farzand dunyoga keltirish, uni ko‘krak suti bilan boqish, tarbiyalash kabi o‘zining tabiiy vazifasini bajaradi. Bu mas’uliyatni ado etish uchun vaqtini, mehnatini sarflaydi. U bu yo‘nalishdagi hukmlarni o‘rganadi va qo‘lidan kelganicha ularga amal qilishga harakat qiladi. Bu hukmlarni bajarishdagi sinovlarga sabr qiladi. Erkak kishining esa, tabiati kuchli va mehnatga bo‘lganligi uchun u oila a’zolarining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashdan javobgar. Shuningdek u o‘z vazifasidan vaqti ortsa, uy ishlarida xotiniga yordam berishi sunnatdir. Demak, gender tengligi bahonasida erkaklar mas’uliyatini ayollarga yuklash bugungi kunda ko‘rib turganimizdek boshboshdoqlik va muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Islom bugungi kunda bo‘layotganidek foydani emas, balki halol va haromni hayot uchun o‘lchov qilib oladi. Shu sababli, ishlashni xohlaydigan ayollarga ma’lum soatlarda ishlashlari uchun sharoit yaratib beriladi. Masalan, Usmonli xalifaligi davrida ayollarning iqtisodiy sohada faol ishtirok etgani ma’lum. Tarixiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar dehqonchilik, bog‘dorchilik yerlari va ko‘chmas mulklarga ega bo‘lish orqali ulardan tushgan daromadni o‘zlari ishlatgan. 18 asrda Halabdagi sud ma’lumotlariga ko‘ra, mulkni sotish bilan bog‘liq ayollarga oid ishlar 63 foizni tashkil qilgan. Ma’lumki, Islomning ayollarga nisbatan uy bekasi va himoyalanadigan nomus sifatidagi dunyo qarashi ularning iqtisodiy faoliyatiga zarar yetkazmaydi. Aksincha, har qanday vaziyatda ham, farovon yashashini kafolatlaydi. Shuningdek Islom oila hayotini mehr-muhabbat ustiga quradi. Alloh Taolo aytadi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِّتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُم مَّوَدَّةً وَرَحْمَةً
“Uning oyatlaridan (yana biri) U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir” (Rum: 21).
Xulosa qilib aytganda, Islom dini jamiyat farovonligi uchun oilaning mustahkamligiga hamisha alohida e’tibor bergan. Binobarin, ayollarning va umuman jamiyatning farovonligi Islom dinini hayotga tatbiq etilishiga bog‘liqdir.
Mumtoz Mavarounnahriy