Qirg‘izistonda elektr energiyasi narxi 26 tiyinga ko‘tariladi

10
0

Qirg‘izistonda elektr energiyasi narxi 26 tiyinga ko‘tariladi

Qirg‘izistonda 2025 yil 1 maydan e’tiboran elektr energiyasi narxi 26 tiyinga ko‘tariladi. Shunda 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi 1 som 37 tiyin bo‘ladi. Bu haqda energetika vaziri Taalaybek Ibrayev 14 yanvar kuni Jogorku Keneshda bo‘lib o‘tgan qo‘mita yig‘ilishida ma’lum qildi.

Elektr energiyasidan foydalanayotgan korxonalar hozirda 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 3 som 18 tiyin to‘layotgan bo‘lsa, 1 maydan e’tiboran 3 som 49 tiyin to‘lashga majbur bo‘ladi.

Hozirda Qirg‘izistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi 1 som 11 tiyin qilib belgilangan. 700 kVt/soatdan ortiq elektr iste’mol qilgan abonentlar 2 som 39 tiyin to‘laydi.

Izoh:

Bundan oldin Ibrayev inflyatsiya darajasiga qarab har yili elektr energiyasining narxi ko‘tarilib borishini aytgan edi. Biroq Milliy statistika qo‘mitasi 2024 yilda inflyatsiya darajasi 6,3 foizni tashkil qilganini ma’lum qildi. Shunga binoan, elektr energiyasining tarifi 7 tiyinga oshirilishi kerak edi.

Ma’lumki, rasmiy hukumat xalqning yelkasidagi yukini yanada og‘irlashtirishga harakat qilmoqda. Buning uchun hatto o‘z so‘zlaridan ham toymoqda. Mamlakatda elektr energiyasi tariflari muntazam ravishda oshib borayotgan bo‘dsa-da, biroq sovuq mavsumda elektr energiyasi yetarli darajada yetkazib berilmaydi. Masalan, elektr energiyasi xalqqa 220 kVt o‘rniga 160-180 kVt quvvatda yetkazib berilmoqda. Hatto vaqti-vaqti bilan elektr ta’minotida uzilishlar yuz berib turadi. Bundan farqli o‘laroq, mamlakatdagi kapitalistlar mayning fermalarini ishlatish uchun elektr energiyasini arzon narxda sotib olishmoqda. Masalan, “MBT Stroy” kompaniyasi “Qambar-Ota-2” GESiga 1,5 mlrd. som sarmoya kiritib, uni elektr energiyasi sifatida qaytarib olmoqda. Mazkur kompaniya “Qambar-ota”ga kiritgan sarmoyasini oqlash uchun 5-10 yil davomida GESdan 50-60 tiyindan energiya olishni rejalashtirgan. Ma’lumki, rasmiy idoralar elektr energiyasining tannarxi 2 som 38 tiyin ekanini aytib keladi. Biroq, kapitalistlarning manfaatlari haqida gap ketganda, bu tannarxlar 60 tiyindan ham pastga tushib qoladi.

Aslida, Qirg‘izistonning energetika inqirozidan chiqa olmasligining sababi elektr tariflari narxining arzonligi emas, balki energetika tarmog‘idagi korrupsiya va kapitalistlarning turli nayranglaridir.

Qolaversa, amaldorlar sug‘orish vaqtida O‘zbekiston va Qozog‘istonga suv sotish orqali pul topishadi. So‘ngra qish uchun elektr energiyasini sotib olish uchun shartnoma tuzib, yana pul ishlashadi. Birin-ketin kelgan hukumatlar bunday chigal korrupsion sxemalarni yo‘q qilish o‘rniga elektr tariflarining narxini ko‘tarish orqali xalqni ko‘proq talashga harakat qilib kelmoqda. Ularning saylovdagi quruq shiorlari o‘tkinchi aldov bo‘lishiga qaramay, xalq so‘nggi umid bilan keyingi xiyonatkor siyosatchilarga aldanishda davom etmoqda.

Har bir yangi kelgan hukumatning elektr energiyasi narxini ko‘tarish uchun o‘ziga yarasha sababi bor. Bu esa, ushbu soha uchun xorijdan olingan katta mablag‘lar va ularning korrupsion yo‘llar bilan o‘zlashtirilishidir. Qirg‘iziston 1992 yildan beri energetika sohasiga 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarfladi.  Ularning asosiy qismi kreditlar, ssudalar va grantlar shaklida xorijiy moliya tashkilotlaridan olingan mablag‘lardir. Har safar kredit olish uchun shartnoma tuzilganda tarmoqni “modernizatsiya qilish” bahona sifatida tilga olinadi. Biroq bunday katta miqdordagi kreditlar olinganiga qaramay, mamlakatning energetika tarmog‘i hali ham nochor ahvolda qolmoqda.  Bu esa energetika sohasi korrupsiyaning o‘chog‘iga aylanib qolganligini tasdiqlab turibdi. Bundan tashqari, ushbu kreditlar xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ajratilayotganda, elektr energiyasining narxini ko‘tarish talabi qo‘yiladi. Shuningdek, ular xususiylashtirish va elektr tariflarining narxini oshirish orqali o‘lkamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi ko‘tarilishini xohlashadi. Natijada mahalliy tadbirkorlar chet el kapitalistlarining arzon narxlardagi tovarlari qarshisida raqobatlasha olmay qoladi.

Xulosa qilib aytganda, muammoning asosiy sababi boshimiz uzra qora bulutga aylangan kapitalistik tuzum va energetika tarmog‘idagi korrupsionerlardir. Ular aholining asosiy ehtiyoji bo‘lgan elektr energiyasini xususiylashtirish orqali katta daromad olmoqda. Shunday ekan, xalq kapitalizmni inkor etib, Islomni tiklashga urinayotgan yetakchilar orqaligina bunday ayanchli vaziyatdan qutilishi mumkin. Xalqni aldagan rahbarlarga yana umid bog‘lash – bir indan ikki marta chaqilish hisoblanadi. Bu esa, musulmonlar uchun joiz emas!

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.