Yahudiy vujudi bilan Hizbulloh o‘rtasida otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishildi

15
0

Yahudiy vujudi bilan Hizbulloh o‘rtasida otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishildi

(Isroil) Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Xavfsizlik Mahkamasi Hizbulloh bilan sulh bitimini tasdiqladi.

Yarashuv rejasiga ko‘ra, tomonlar 60 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatadi. Ayni paytda (Isroil) o‘z qo‘shinlarini Livan janubidan olib chiqib ketishi kerak. Chegara hududi ustidan nazorat Livan hukumati armiyasiga o‘tadi. Hizbulloh o‘zining og‘ir qurollarini Litani daryosining shimoliga ko‘chirishi lozim. Shundan so‘ng (Isroil) va Livan o‘rtasidagi chegara hududini belgilash bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

Bundan oldin AQSH prezidenti Jo Bayden bayonot berib, (Isroil) va Livan bosh vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilganini hamda AQSH yaqin kunlarda Turkiya, Misr, Qatar, (Isroil) va boshqa mamlakatlar bilan G‘azo sektorida otashkesimga erishish uchun yana bir harakat qilishini aytgan edi.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrelning so‘zlariga ko‘ra, otashkesim bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishga AQSH yetakchilik qiladi. Shuningdek, Livan talabiga binoan, Fransiya ham qo‘mitaga a’zo bo‘lish niyatida.

Avvalroq Hizbulloh yetakchisi Naim Qosim otashkesim bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqib, (Isroil)ning roziligi qolganini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 23 sentyabrdan buyon (Isroil) armiyasi Livanda Hizbullohga qarshi urush boshlab, tashkilot yetakchilari bilan birga tinch aholini ham bombardimon qilib kelmoqda. 27 sentyabr kuni Bayrutga berilgan aviazarbada tashkilot rahbari Hasan Nasrulloh o‘ldirildi. Urush boshlanganidan beri Livanda 4000ga yaqin odam halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 1,2 millionga yaqin aholi chegara hududlaridan ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.

Ma’lumki, Livanda 1970-yillardan boshlab Amerikaning ta’siri hukmron bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, 1975 yilda Suriya qo‘shinlari Livanga kirganidan so‘ng, AQSH u yerdagi Fransiya va Britaniyaning ta’sirini kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Livan yetakchisi Haririy o‘ldirilgach, Fransiya o‘zining sobiq mustamlakasi bo‘lgan Livanda o‘z ta’siriga ega bo‘lishga qattiq harakat qildi. Fransiya prezidenti Jak Shirak bu voqeani mahalliy, mintaqaviy va xalqaro jamoatchilik fikrini Amerika, Suriya va ularning barcha ittifoqchilariga qarshi qo‘yish uchun oltin fursat deb bildi. Natijada Amerika Suriyaga Livandan qo‘shinini olib chiqish va bir muddat sukut saqlash haqida maxfiy buyruq berishga majbur bo‘ldi.

Livandagi Amerika va Fransiya kurashi 2007 yil boshigacha, aniqrog‘i, Sarkaziy Fransiya prezidenti etib saylangungacha davom etdi. Ma’lumki, Sarkaziy Amerika bilan siyosiy yaqinlashish tarafdori edi. Bu yerdagi nufuz talashishga 2001 yil sentyabr voqealaridan keyin Amerikaning Afg‘oniston va Iroqdagi urush botqog‘iga botib qolishi ham turtki bo‘ldi.

Amerika Iroqdagi sharmandaligini yashirish uchun Livandagi Hizbullohni Eron va Suriya orqali harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlay boshladi. Biroq Hizbulloh bu ikki davlat haqida yaxshi fikrda edi. Yahudiylarga qarshi olib borilayotgan urushda Hizbullohning safiga ko‘plab samimiy yoshlar qo‘shildi. Ammo bu urushda Eron va Suriya uni deyarli yolg‘iz tashlab qo‘ydi.

Eronning bunday xiyonati oxirgi voqealarda ham kuzatildi. Avval Hamasning siyosiy rahbari Ismoil Haniya Eronga tashrifi chog‘ida o‘ldirildi. Keyin, 17 sentyabr kuni Hizbulloh tashkiloti a’zolariga qarshi peyjerlar yordamida operatsiya o‘tkazildi. Undan keyin Livandagi Hizbulloh yetakchilari o‘ldirildi. Bularning barchasida Eron rahbarlari yahudiylarga ma’lumot berib turgan bo‘lishi ehtimoli katta.

Qolaversa, yahudiylarning bunday oshkoro hujumlariga nisbatan Eron va uning partiyasi bo‘lmish Hizbullohning javob hujumlari deyarlik faqat namoyish uchun bo‘ldi. Bunday ketma-ket voqealar Hizbullohning mintaqadagi roli pasayib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Eronda hokimiyat almashuvidan keyin Bazeshkian boshchiligidagi hukumat Amerikaga yana ham yaqinroq siyosat olib bormoqda. Shuningdek Livan hukumati ham Hizbulloh ta’sirini kamaytirishga harakat qilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Hizbullohning eng katta xatosi Suriya rejimi va uning jinoyatchi rahbari Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashi bo‘ldi. Bu rejim ortidan u minglab musulmonlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Qolaversa, Hizbullohning yahudiylar vudjudi bilan chegara kelishuvlariga rozi bo‘lishi uni ummatdan uzoqlashtirdi.

Demek, bu partiyaning kelajagi Eron rejimining keyingi siyosatiga bevosita bog‘liqdir. Eron rejimi bu partiyani tark etmasa ham, siyosiy qanotini qoldirib, harbiy qanotini qisqartirishi mumkin. Bunday harakat bundan avval ham sodir bo‘lgan edi. Masalan 2009 yil Livan hukumatini konfessiyalar o‘rtasida taqsimlash paytida muhokama qilingan edi. Bu harakat “arab bahori” qo‘zg‘olonlari boshlangani sababli keyinga qoldirilgan edi.

Mumtoz Movaroannahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.