E’tiqod erkinligi – bu dinni cheklashga urinishdir
“E’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotgani musulmonlarning noroziligini kuchaytirmoqda. Shu sababli bugungi kunda mamlakatdagi diniy vaziyat qanday ahvolda va qayerga qarab ketayotganiga e’tibor qaratish juda muhim. Bundan ham muhimrog‘i yo‘nalish kim tomonidan belgilanayotganidir. Islom bu – jahon dinidir, aniqrog‘i, dunyoni qutqaruvchi, insoniyatni zulmatdan yorug‘likka olib chiqadigan yagona dindir. Binobarin, boshqa g‘oya va mafkuralarning unga qarshi chiqishi tabiiy. Qolaversa, Islom diniga hayotning barcha sohalariga yechim beruvchi, ya’ni qonun-qoidalarni o‘z ichiga olgan yetuk mafkura sifatida qaraladi. Islomning boshqa dinlardan ajratib turadigan tomoni ham mana shu.
Mustamlakachilar dunyoni boshqarishda, ya’ni mustamlakachilik siyosatini yuritishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarga va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlarga, institutlarga va ularning konvensiyalari, rezolyutsiyalari va qarorlariga tayanadi. Bu tashkilotlar va ularning qarorlari xuddi sirtmoqqa o‘xshaydi. Ular Islomni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi, aksincha, Islomni o‘zlari rejalashtirgan ramkaga solib, mafkura sifatida tarqalishining oldini olishga harakat qiladi. Buning uchun yuqorida aytilgan tashkilotlar orqali rezolyutsiyalar, konvensiyalar, qarorlar ishga solinadi. Qirg‘iziston mustaqillikka erishgan kundan boshlab ushbu xalqaro qarorlar asosida birinchi navbatda “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar” to‘g‘risida qonun qabul qildi. Bu qonunga ko‘ra, dinning hayotdan ajralishi kafolatlanib, diniy partiyalar tuzish va dinni boshqaruvga aralashtirish taqiqlandi. Shu bilan birga, qonunda boshqa dinlarning ham mamlakatda erkin e’tiqod qilishlariga yo‘l ochildi.
Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin musulmonlarning Islomga talpinishi yana-da ortdi. Islomga bo‘lgan muhabbat Musulmonlar qalbidan o‘rin olib, yoyila boshladi. Biroq, bunday ssenariy mustamlakachilarga yoqmasligi aniq. Natijada ekspertlar Qirg‘izistonda radikalizm kuchaygani haqida bong urib, diniy vaziyatni tartibga solish zarurligi haqida aytib chiqishdi. Shu tariqa Bakiyev davrida “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilib, 2008 yilda qabul qilindi. O‘zgartirilgan ushbu qonunda dinning o‘rni avvalgidan ko‘ra aniqroq qilib belgilandi. Dunyoviy tushunchaga va diniy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qonunga “diniy radikalizm”, “ekstremizm” va “fundamentalizm” atamalari ham kiritildi. Ma’lumki, “radikalizm”, “ekstremizm”, “fundamentalizm” atamalarining aniq ta’rifi yo‘q. Shuning uchun har qanday tushuncha yoki harakatni bu atamalarni qo‘llash mumkin. Bugungi kunda o‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, hukumat o‘ziga yoqmagan odamlarni va o‘ziga qarshi bo‘lgan xatti-harakatlarni “ekstremizm”da ayblab, ta’qib qilmoqda. Bundan tashqari, mazkur qonun inson haqlarini poymol qilish, obro‘yini to‘kish va genderlik bo‘yicha kamsitishga targ‘ib qilishni taqiqlaydi. Masalan, “kofir”, “fosik”, “dayus” kabi tushunchalar inson haqlarini poymol qilish va obro‘yini to‘kish sifatida baholanadi. “Ayol uy bekasi” degan fikr va ayolning Islomdagi o‘rni haqidagi boshqa tushunchalarga esa genderlik kamsitish sifatida qaraladi. Ushbu qonun natijasida Islomning mazkur tushunchalarini bayon qiladigan da’vatni cheklaydigan vaziyat yuzaga keldi.
Bundan tashqari, ushbu o‘zgartirish bilan qabul qilingan qonunda diniy adabiyotlar va har turli materiallarni tarqatish va ulardan foydalanishga juda qattiq cheklovlar kiritildi. Birinchidan, bu materiallar Qirg‘iziston qonunchiligiga zid bo‘lmasligi kerak, ikkinchidan, bu materiallarni (ruxsati bo‘lsa ham) jamoat joylarida, bolalar muassasalarida, maktablarda va oliy o‘quv yurtlarida yoki uyma-uy yurib tarqatish ta’qiqlanadi. Ko‘rib turganingizdek, bu o‘zgartirilgan qonun avvalgisidan ham ko‘ra ko‘proq Islomga qarshi qaratilgan. Aynan mana shu qonun hozirda muhokamaga qo‘yilgan “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunning o‘zagini tashkil etadi. Aslida “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunga 2008, 2011, 2012, 2019, 2021, 2024 yillarda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan edi. 2011 yilda ushbu qonunga Haj to‘g‘risida bitta o‘zgartirish kiritildi. 2017 yilda “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunga uyma-uy yurib da’vat qilishni taqiqlash va xorijda diniy ta’lim olish uchun talablarni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish tashabbusi parlamentga taqdim etildi. 2018 yilda esa, diniy uyushmalarning siyosiy partiyalar faoliyati va tashviqotlarida ishtirok etishini taqiqlash haqida mazkur qonunga o‘zgarish kiritish zarurligi muhokamaga qo‘yildi.
Hozirda ham “e’tiqod erkinligi va diniy uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunda ushbu moddalar mavjudligi aytilmoqda. Ular orasida niqob kiyish, dinni yoyish maqsadida turar-joy va noturar joylarga borish, dinga asoslangan partiya tuzish, saylovlarda ishtirok etish, diniy arboblarning saylovoldi tashviqotida qatnashishi taqiqlanadi. Diniy darslarni yakka tartibda va diniy maktabdan tashqarida o‘qitish taqiqlanadi. Din ishlari bo‘yicha vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tgan diniy uyushmaning vakili bo‘lmagan din xodimlariga ommaviy axborot vositalarida va internetda chiqish qilishi taqiqlanadi. Faqat oliy va maxsus ma’lumotga ega bo‘lganlargina voiz bo‘lishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tmagan diniy uyushma nomidan chiqqan voizning diniy faoliyatiga chek qo‘iladi.
Ko‘rinib turganidek, din sohasidagi qonunlar mustamlakachilar belgilagan ramkada tobora qattiqlashib bormoqda. Bu e’tiqod erkinligi emas, balki dinni cheklashdir. Bu holat so‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi, demokratiya degan shiorlar mutlaqo yolg‘on ekanligini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Xorijiy agentliklar va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlar muhokamaga qo‘yilganda nodavlat tashkilotlar va G‘arb davlatlari buning so‘z erkinligi va demokratiyaga zid ekanini aytib, o‘z e’tirozlarini bildirishgan edi. Hozir esa, din sohasida shunday katta cheklovlar qo‘yilayotganiga qaramay, ularning hech biri og‘iz ochmadi. Buning sababi shundaki, mustamlakachilar – yuqorida aytib o‘tganimizdek – Islomning yoyilishini va kuchayishini xohlamaydi. Chunki Islom kapitalizmga qarshi tura oladigan yagona muqobil tuzumdir. Shuning uchun mustamlakachilar Islomning tiklanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ular mana shunday qonunlar va boshqa choralar bilan Islomga qarshi mafkuraviy kurashni davom ettiraveradi.
Biz musulmonlar esa, har qanday cheklov va taqiqlardan qat’i nazar, din uchun harakat qilishda davom etishimiz lozim. Zero, yuqorida aytib o‘tilganidek, Islom bilan kapitalizm o‘rtasida mafkuraviy kurash bor. Alloh xohlasa bu kurashda musulmonlar albatta g‘alaba qozonadi. Alloh Taolo aytadi:
﴿والعاقبة للمتقين﴾
“Oqibat taqvodorlarnikidir” [7:128]
Horun Abdulhak