Xitoy-Arab davlatlari sammitidan ko‘zlangan maqsadlar

46
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Xitoy-Arab davlatlari sammitidan ko‘zlangan maqsadlar

Savol: 2022 yil 12 dekabr kuni Al-Jazira veb-sayti bunday xabar tarqatdi: (Saudiya Arabistoni poytaxti Riyozda juma kuni ko‘plab arab yetakchilari va Xitoy rahbari Si Szinpin ishtirokida Ko‘rfaz Hamkorlik Kengashi davlatlari rahbarlarining 43-sammiti, Xitoy-Ko‘rfaz davlatlari sammiti va Xitoy-Arab sammiti bo‘lib o‘tdi). Savol shuki, Riyozda Xitoy bilan Saudiya Arabistoni, Fors ko‘rfazi davlatlari va arab davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan sammitlardan ko‘zlangan maqsad nima? Xitoy o‘z siyosiy ta’sirini kengaytirish va o‘zini yirik xalqaro qutb sifatida ko‘rsatish uchun xalqaro ko‘p qutblilikka chiqarayotgan ekan, ayni sammitlar uning xuddi shu narsalarni talab qilib Rossiya qo‘llayotgan zo‘ravon uslubga muqobil uslubimi? Arab mintaqasidagi hukmdorlardan bu chaqiriqqa munosib javob bo‘ladimi? Bunga Amerikaning munosabati qanday?

Javob: Ushbu savollarning javobini aniqlashtirish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:

1 – Xitoy rahbari Si Szinpin 2022 yil 8 dekabr kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan uchrashdi. Si Szinpin iliq kutib olindi va ikki davlat o‘rtasida energetika va infratuzilma sohasida keng qamrovli iqtisodiy hamkorlik shartnomalari, jumladan, 30 milliard dollarlik shartnoma imzolandi. Xitoyning «Bir kamar va bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi loyihalarini Ibn Salmonning 2030 yilga mo‘ljallangan «ko‘ngilochar» loyihalari bilan uyg‘unlashtirish uchun kelishuvlar amalga oshirildi. Shuningdek, Xitoy mahsulotlarini mintaqada sotish uchun Saudiya Arabistonini asosiy markazga aylantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ertasi kuni Riyozda Xitoy-Ko‘rfaz davlatlari sammiti bo‘lib o‘tdi va undan so‘ng o‘sha kunning o‘zida ko‘plab arab «rahbarlari» ishtirokida Xitoy-Arab davlatlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi ushbu sammitlarni «Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganidan beri Xitoy va arab dunyosi o‘rtasidagi eng yirik va eng yuqori darajadagi diplomatik faoliyat» deb ta’rifladi. (Bi-Bi-Si, 2022 yil 8 dekabr). Har ikki sammitda ham arab davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Yakuniy deklaratsiyada mavjud xalqaro tartib va davlatlarning suverenitetini hurmat qilish, kuch ishlatmaslik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyili, Falastin da’vosining markaziy o‘rinni egallashi va yadroviy qurollar tarqalishini oldini olishga qaratilgan shartnomalarni qo‘llab-quvvatlash kabi umumiy masalalar ta’kidlandi. Xitoy-Ko‘rfaz davlatlari sammitining yakuniy deklaratsiyasida Xitoy Eronni tanqid qilib, uni o‘z qo‘shnilarini hurmat qilishga chaqirdi. (Kecha Ko‘rfaz davlatlari va Xitoy Riyozda bo‘lib o‘tgan Xitoy-Ko‘rfaz davlatlari sammiti yakunida qo‘shma bayonot berdi. Bayonotda Eron o‘z hududi deb hisoblaydigan uchta orol muammosini ikki tomonlama muzokaralar orqali tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan Birlashgan Arab Amirliklarining tashabbus va sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash ta’kidlandi». Shuningdek, «Ular Eronni yadroviy kelishuvga qaytish uchun muzokaralarda jiddiy ishtirok etishga chaqirdilar. Mayadin, 2022 yil 10 dekabr). Eron Xitoyning bu munosabatiga norozilik bildirish uchun Tehrondagi Xitoy elchisini tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi.

2 – AQSHning yangi strategiyasiga ko‘ra, Xitoy AQSH uchun dunyodagi eng katta tahdid sifatida ko‘riladi. Darhaqiqat, Xitoy butun dunyo bo‘ylab amaliy ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ega. Xitoy iqtisod bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. U harbiy xarajatlar bo‘yicha ham dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Shu sababli Amerika Xitoyning harakatlarini kuzatib borib, uni yuksalishdan to‘sish uchun rejalar ishlab chiqmoqda. Qolaversa, AQSH prezidenti Jo Baydenning so‘nggi Tayvan inqirozi haqidagi bayonotlaridan ham ko‘rinib turibdiki, u Xitoy bilan urushga tayyorlanmoqda. AQSH Xitoy rahbarining ushbu tashrifini quyidagicha izohladi: (Oq uy chorshanba kuni bergan bayonotida Xitoy rahbari Si Szinpinning Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi ajablanarli emasligini, chunki Pekin «Yaqin Sharqda o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun harakat qilayotganini» aytib o‘tdi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi «Biz Xitoyning butun dunyo bo‘ylab o‘sishga harakat qilayotgan ta’sirini bilamiz. Yaqin Sharq, shubhasiz, ular o‘z ta’sirini chuqurlashtirishni istagan mintaqalardan biridir… Xitoy prezidenti Si Szinpinning Saudiya Arabistoniga safari ham, Yaqin Sharqni tanlagani ham aslo ajablanarli emas, dedi. CNN Arabic, 2022 yil 8 dekabr).

3 – Boshqa tomondan, Xitoy ham Amerika chaqirgan narsaga chaqirib, Amerikaning xalqaro tartibiga qarshi emasligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Buni Xitoy rahbari tashrifi chog‘ida aniq aytdi. Chunki sammitning yakuniy bayonotida xalqaro huquqqa asoslangan xalqaro tartibni himoya qilish, yadro quroli tarqalishini oldini olish va terrorizmga qarshi kurashish alohida ta’kidlandi. Qolaversa, Riyozda bo‘lib o‘tgan Xitoy-Arab sammitining yakuniy bayonotida davlatlar suverenitetini hurmat qilish, kuch ishlatmaslik yoki kuch qo‘llash bilan tahdid qilmaslik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyilini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlanar ekan, bunda Rossiyaga nisbatan pinhona tanqid bor edi. Bu Rossiya-Ukraina urushiga ishoradir. Yakuniy deklaratsiyada Xitoyning Eronni tanqid qilishi hamda yaxshi qo‘shnichilikka va Fors ko‘rfazi davlatlarining ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirishi boshqa bir nuqtai nazardan Eronga uzoq vaqtdan beri qarshi shunday tanqidlar qilib kelayotgan G‘arb davlatlari va Amerika bilan birlashish sifatida baholanmoqda. Eronning Xitoy elchisini norozilik bildirish uchun tashqi ishlar vazirligiga chaqirishi Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya tomonidan aytilgan «yangi xalqaro lager»ni barpo etish haqidagi gap-so‘zlarning voqesi yo‘q, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xom xayol ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

4 – Arablarning Xitoy bilan munosabatlariga kelsak, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan ushbu sammitlarda xalqaro o‘zgarishlar yo‘q. To‘g‘ri, Saudiya hukumati 2022 yil iyul oyida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan AQSH prezidenti Jo Baydenga ko‘rsatmagan mehmondo‘stlik va hurmatni Xitoy rahbariga ko‘rsatdi. Biroq bu Saudiya Arabistoni demokratlar va prezident Bayden bilan kelishmovchilikda respublikachilar tarafini olganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, prezident Bayden Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Ibn Salmonga yetarlicha hurmat ko‘rsatmaydi. Shuningdek, Arab davlatlari Hindiston va Germaniya bilan ham strategik sheriklik shartnomalarini imzolagan. Bu narsa ularning sadoqat va siyosiy qaramligi o‘zgardi degani emas.

5 – Xitoy yaqin atrofida o‘zining bir qismi sifatida ko‘radigan va hozirgacha o‘ziga qo‘shib ololmagan Tayvan bilan hamda yaqinidagi Vetnam bilan siyosiy muammolarni boshdan kechirmoqda. Bundan tashqari, bir qancha davlatlar bilan orollar muammosiga yuz tutgan. Uning do‘stona yaqin aloqalari deyarli Shimoliy Koreya bilan cheklangan. Shu bois, arab mintaqasidagi yetakchilarning Amerika va Angliyaga qattiq bog‘liqligini bilgani uchun mintaqada o‘ziga nisbatan siyosiy sadoqat paydo qilmoqchi emas va buni rejalashtirayotgani ham yo‘q. Shuning uchun Xitoy rahbarining tashrifi, sammitlar o‘tkazishi va qiymati qancha bo‘lishidan qat’iy nazar iqtisodiy bitimlar imzolashi siyosiy qaramlikka hech qanday aloqasi yo‘q. Ushbu sammitlar mamlakatlar o‘rtasidagi ochiq iqtisodiy munosabatlar turidan bo‘lib, ularni faqat iqtisodiy deb hisoblash lozim. Bu sammitlarning siyosiy ma’nolari mintaqaga yoki mintaqa yetakchilarining siyosiy qaramligiga hech qanday aloqasi yo‘q. Masalan, Xitoyning Eronni tanqid qilishi G‘arb pozitsiyasiga taqlid qilish hisoblanadi. U o‘zini Eronni tanqid qiluvchi global karvondan tashqarida emasligini hamda Fors ko‘rfazi davlatlari bilan birgalikda Eronga qarshi siyosiy aralashuvni amalga oshirmasligini isbotlamoqchi. Xuddi shunday yakuniy bayonotda davlatlarning suverenitetini hurmat qilish, kuch ishlatmaslik va yaxshi qo‘shnichilikni hurmat qilish kabi Rossiyani ochiq tilga olmay unga qarshi tanqidlarning yangrashi ham Xitoyning Ukraina urushida Rossiya bilan ittifoq holatida emasligining va dunyo bilan munosabatlarida tinch diplomatik yondashuvga amal qilishining ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qabul qilinmoqda.

6 – Xitoy iqtisodiy jihatdan Fors ko‘rfazi mintaqasiga yaqinlashmoqda. Chunki Amerika va Yevropa Xitoy sanoati zanjirlarini, ayniqsa G‘arb bozorlariga eksport zanjirlarini uzib qo‘yishidan qo‘rqadi. Bugungi kunda Yevropada Rossiya energiya resurslariga qaramlik strategik xato ekani ta’kidlanmoqda. Xuddi shu bahs G‘arbning Xitoy sanoat zanjirlariga qaramligi haqida ham bo‘lishi mumkin. Aslida, bu bahsning kuchli belgilari allaqachon paydo bo‘lgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok, (Germaniyaning Rossiya bilan bo‘lgan tajribasi shuni ko‘rsatdiki, biz qadriyatlarimizni baham ko‘rmaydigan hech bir davlatga qaram bo‘lmasligimiz kerak. Iqtisodiy qaramlik bizni siyosiy shantajlarga duchor qiladi, dedi. Mayadin 2022 yil 2 noyabr). Germaniya kansleri Olaf Shols Pekinga rasmiy tashrifi oldidan «Frankfurter saytung» gazetasida bir maqola yozdi. Shols o‘z maqolasida («marksistik-lenincha siyosiy yondashuv» tomon ketayotgan Xitoyga nisbatan Germaniya o‘z «yondashuv»ini o‘zgartirishi kerak, deya yozdi. U nemis kompaniyalarining Xitoy ta’minot zanjiriga «xavfli bog‘liqligini kamaytirish» uchun choralar ko‘rishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Sharqul Avsat, 2022 yil 4 noyabr). Shu nuqtai nazardan kelib chiqib va buning oldini olishga harakat qilgan holda, Xitoy G‘arbga bo‘lgan ta’minot zanjirlarida, ayniqsa energiya masalasida Rossiya boshdan kechirgan holatlarni oldini olish uchun profilaktik choralar ko‘rmoqda. Xitoyning hozirgacha ko‘rgan ba’zi profilaktik choralari quyidagilardan iborat:

  1. a) O‘zini Rossiyadan uzoq tutish: Xitoy Rossiya prezidenti Putinning Ukrainada muvaffaqiyat qozonishiga va buning natijasida Rossiya kattaroq global rolni o‘z zimmasiga olishiga umid qilgan edi. Shuning uchun Rossiya-Ukraina urushining avvalida noaniq pozitsiyani egalladi. Ammo Amerika va Yevropa ko‘rsatgan katta yordamlar Ukrainaning salobatini kuchaytirdi. O‘sha zahoti Xitoy Rossiyadan uzoqlasha boshladi va Rossiyani ochiq tilga olmay, tanqid qilishni kuchaytirdi. Xitoy Kommunistik partiyasining (2022 yil oktabr) oxirgi qurultoyidan so‘ng va Prezident Si Szinpin hukumat jilovini butunlay o‘z qo‘liga olib, raqiblarini partiyaning siyosiy idorasidan diskvalifikatsiya qilganidan so‘ng Xitoyning Rossiyadan uzoqlashgani kuzatildi. Keyinchalik u uzoqni ko‘rolmaydigan Rossiyadan yana-da uzoqlashdi. Amerika va Yevropa davlatlari Rossiyaning energiya zanjirlarini kesib tashlaganidek, Xitoyning sanoat zanjirlarini kesishini Pekin e’tiborsiz qoldira olmaydi. Xitoy buni hisobga oladi.
  2. b) G‘arb pozitsiyalariga taqlid qilish: Xitoy (Amerikacha) xalqaro tartibga sodiqligini e’lon qila boshladi va G‘arb tanqid qilgan narsalarni, masalan, Eronning Fors ko‘rfazi davlatlari ichki ishlariga aralashuvini tanqid qildi. Bu bilan Xitoy ba’zi davlatlar tomonidan olib borilayotgan vahshiyona siyosatni rad etuvchi «madaniyatli» dunyo davlatlaridan biri ekanini G‘arbga ko‘rsatib qo‘ymoqchi. Ehtimol, Xitoyning yaqin kunlarda Tayvan bilan harbiy keskinlikdan qochish, AQSHdan keskinlikni pasaytirishni so‘rash va Shimoliy Koreyaning yadroviy inqirozini hal etishda yordam berish kabi pozitsiyalarni orttirishiga guvoh bo‘larmiz. Bularning barchasi Amerika va Yevropaning Xitoydan keladigan sanoat ta’minot zanjirlarini uzib qo‘yish siyosatini oldini olishga qaratilgan.
  3. v) Iqtisodiy muqobillarga bo‘lgan qiziqishning ortishi: Arab davlatlari bozorlari G‘arb bozorlari kabi muhim bo‘lmasa-da, Xitoy hali ham ularni muqobil bozor sifatida ko‘radi. Boshqacha aytganda, Xitoyning Amerika va Yevropaga bo‘lgan ta’minot zanjirlari kesilsa (yoki qisqartirilsa) arab bozorlari – garchi Amerika va G‘arb bozorlariga qiyoslaganda hali ham marginal bo‘lsa-da – o‘ziga xos muqobil bo‘lishi mumkin. Arab mamlakatlarining bozorlari, Afrika va Lotin Amerikasi bozorlari bilan birlashganda, Xitoyga qaramlikni kamaytirish uchun Amerika va Yevropada paydo bo‘lgan yangi tendensiyalar bilan bo‘g‘ilib qolgan Xitoy iqtisodiyotiga nafas olish imkonini beradi.

7 – Arab davlatlarining iqtisodiy holatiga kelsak, Ko‘rfaz yoki arab davlatlari bo‘lsin, bu sammitlarga quyidagicha nazar tashlash mumkin:

  1. a) Arab mamlakatlarida o‘nlab yillar davom etgan keng qamrovli boshqaruv muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, bu mamlakatlar kimningdir gugurt chaqishini kutayotgan quruq o‘rmonlarga o‘xshab qoldi. Ushbu mamlakatlarning ba’zilari xalqdan undiriladigan soliqlarning yarmidan ko‘pini foizga olgan qarzlarining foizlarini to‘lashga sarflaydi. Bu mamlakatlarning valyutalari keskin shaklda quladi. Ularning muvaffaqiyatsiz iqtisodiy siyosati va G‘arbga chuqur qaramligi natijasida narxlar keskin ko‘tarildi. Bu esa, noroziliklarni keltirib chiqarish xavfini tug‘dirmoqda. Ko‘rfaz davlatlaridan tashqari deyarli barcha arab davlatlari jiddiy iqtisodiy muammolarni boshdan kechirmoqda. Bu haqiqat hukmdorlarni Xitoyni potensial iqtisodiy qutqaruvchi sifatida ko‘rishga majbur qiladi. Shunday qilib, ular Xitoydan ko‘proq kredit olishlari va Xalqaro Valyuta Fondining ba’zi og‘ir shartlaridan qutilishlari mumkin deb o‘ylashmoqda. Xitoy o‘zining xorijdagi yirik loyihalari tufayli bu mamlakatlarga katta sarmoya kiritishi mumkin. Ushbu sarmoyalar hukmdorlar koridorlarida keng tarqalgan hukumat korrupsiyasi sababli rahbarlar va ularning sheriklari uchun foyda keltirishi turgan gap.
  2. b) Amerikaga kelsak, uning iqtisodiy muammolari malaylariga bo‘lgan qaramligini yanada kuchaytirdi. Bunga Tramp ma’muriyatining Saudiya Arabistoni bilan imzolagan xayoliy qurol shartnomalari misol bo‘la oladi. Shu bois, ilgari Amerikaning malaylari Britaniyaning malayi bo‘lgan Qatarga bosim o‘tkazgani kabi Amerika bugungi kunda o‘zining iqtisodiy manfaati uchun boshqa davlatlarning malaylariga bosim o‘tkazmoqda. Hatto Qatarning Amerikaga kiritgan sarmoyasi hukmdorlarning hokimiyatda qolishi uchun qutqaruv chambaragiga aylangan. Darhaqiqat, AQSH prezidenti Tramp mintaqadagi hukmdorlardan AQSH ularni himoya qilishi evaziga mablag‘ to‘lashni talab qildi. Bu hukmdorlar katta muammolarga duch kelgani uchun Amerika ularni iqtisodiy jihatdan Xitoy tomonga yuzlanishiga e’tiroz bildirmayapti yoki o‘zi shunga undamoqda. Ehtimol, bugungi kunda AQSH Xitoyning yuksalishini to‘xtatish siyosatining bir qismi sifatida mintaqadagi Amerika malaylariga ko‘rsatayotgan iqtisodiy yordami bilan Xitoy iqtisodiyotini holdan toydirishni rejalashtirayotgan bo‘lishi ham mumkin. Boshqacha aytganda, Xitoy-Arab iqtisodiy hamkorligi va sherikligi bu hukmdorlarning AQSH sadoqatiga hech qanday tahdid tug‘dirmaydi.

8 – Bularning barchasidan ma’lum bo‘ladiki, Xitoy ushbu sammitlardan birinchi navbatda iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. U siyosiy nufuzini kuchaytirish uchun arab mintaqasida Amerika va Yevropa bilan raqobatlashmaydi. Chunki uning imkoniyatlari va irodasi juda zaifdir. Hatto yaqin atrofidagi Sharqiy Osiyoda ham siyosiy ta’sirini o‘z foydasiga hal qila olmaydi. Xitoy ushbu sammitlar va imzolagan iqtisodiy hamkorlik shartnomalari bilan, xoh Ko‘rfazdan kelayotgan energiya manbalari bo‘lsin, xoh o‘z sanoati uchun arab mamlakatlari bozorlari bo‘lsin, arab mintaqasi iqtisodiyotini oziqlantiruvchi arteriya qon tomiri bo‘lib qolishni istamoqda. U o‘zini sivilizatsiyalashgan dunyoning bir qismi ekanligini, Shimoliy Koreya va Eron kabi G‘arb «qaroqchi davlatlar» deb ataydigan davlatlar lagerining bir qismi emasligini bildirib qo‘yish uchun bu va boshqa vaziyatlardan foydalanmoqda. Xitoy bugun Rossiyaning bo‘yniga o‘ralib, bo‘g‘ib qo‘ymoqchi bo‘layotgan xalqaro izolyatsiyadan ta’sirlanishni istamaydi. Shuningdek, G‘arb davlatlari Xitoyga bosimini kuchaytirib, uning sanoat ta’minot zanjirlarini kesib tashlagan taqdirda, G‘arb bozorlarining o‘rnini egallash uchun arab mintaqasi, Afrika va Lotin Amerikasi bilan mustahkam iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lishni xohlaydi. Xitoy G‘arb bilan hamkorlik siyosati va Rossiyadan uzoqlashish siyosati bilan buning oldini olishga yoki yumshatishga harakat qilmoqda.

9 – Shuni qayd etish joizki, ushbu sammitlarda Xitoy rahbari bilan o‘tkazgan «do‘stona» uchrashuvlarida Shinjon-Uyg‘ur «Sharqiy Turkiston» musulmonlariga qarshi Xitoyning vahshiy harakatlarini kun tartibiga olib chiqish «arab yetakchilari»ning xayoliga ham kelmadi. Go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek muhokama ham qilinmadi! Bu arab hukmdorlarining jiddiy xiyonatlari va zaifliklari hamda musulmonlarning ishlariga befarqligidan dalolat beradi. O‘z xalqining o‘zlariga nisbatan qattiq dushmanligi, barcha siyosatlari butunlay barbod bo‘lganligi va xalq hayotiga daxldor bo‘lgan hech qanday muammoni hal eta olmaganligi ham bu hukmdorlarning asosiy tashvishi o‘zlarining taxtlarini himoya qilish ekanini isbotlaydi. Go‘yoki Xitoyning uyg‘ur musulmonlariga qarshi jinoyatlari o‘zga olamda sodir bo‘layotgandek, suhbatlar iqtisodiy aloqalar va xalqaro tijoriy aloqalarga qaratildi!

10 –            Bugungi kunda arab hukmdorlari va hatto musulmon hukmdorlar Xalifalik qulatilganidan beri eng yomon ahvolga tushib qolgan. Bu ularning kuni bitib qolganidan darakdir. Ular Amerika, Yevropa va hatto Xitoy bilan kelishgan holda amalga oshirgan vayronagarchilik ko‘lami shunchalik kattaki, uning ostida zo‘rg‘a bardosh berib turishibdi. Hokimiyatda qolishlarini oqlaydigan hech bir muvaffaqiyatga ega emaslar. Hukmdorlarning birini ikkinchisidan ajratib turadigan narsa muvaffaqiyatsizlik darajasidir… Qolaversa, Alloh Subhanahu va Taoloning g‘azabi ham ularning ustidadir. Chunki ular Islomni ortlariga uloqtirib, yer yuzida Islomiy hayotni qayta boshlash uchun harakat qilayotganlarga qarshi urush ochdilar va har bir mustamlakachi zolim kofirning buyrug‘iga ko‘r-ko‘rona ergashdilar.

﴿أَمْوَاتٌ غَيْرُ أَحْيَاءٍ وَمَا يَشْعُرُونَ أَيَّانَ يُبْعَثُونَ﴾

«(Ular) jonsiz o‘liklardir. Va ular qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaydilar»

       [Nahl 21]

22 jumodulavval 1444h

16 dekabr 2022m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.