بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hadisi Sharif bilan
Oxirat g‘ami
Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ كَانَتْ الْآخِرَةُ هَمَّهُ جَعَلَ اللَّهُ غِنَاهُ فِي قَلْبِهِ وَجَمَعَ لَهُ شَمْلَهُ وَأَتَتْهُ الدُّنْيَا وَهِيَ رَاغِمَةٌ وَمَنْ كَانَتْ الدُّنْيَا هَمَّهُ جَعَلَ اللَّهُ فَقْرَهُ بَيْنَ عَيْنَيْهِ وَفَرَّقَ عَلَيْهِ شمله وَلَمْ يَأْتِهِ مِنْ الدُّنْيَا إِلَّا مَا قُدِّرَ لَهُ
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganliklarini rivoyat qiladi: “Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga behojatlikni solib qo‘yadi, va uning xotirini jam qilib qo‘yadi. Istamasa ham, dunyo unga oqib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning ko‘zini kambag‘alligidan boshqa narsani ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi va uning ishlarini o‘ngidan kelmaydigan qilib qo‘yadi. Dunyodan o‘ziga belgilanganidan ortiqchasini ololmaydi”.
“Jamiut Termiziy”ning sharhi “Tuhfatul Ahvaziy”da shunday deyiladi:
“G‘ami” niyat-maqsadni bildiradi. Mishkatda “kimning niyati oxiratga intilish bo‘lsa” degan jumla bilan kelgan. “Alloh uning qalbiga behojatlikni solib qo‘yadi”, degani, u dunyo talabida charchab qolmasligi uchun qo‘lida bor narsasiga qanoat qilib, rozi bo‘ladigan qilib qo‘yadi, degan ma’noni anglatadi. Boshqacha aytganda, uning tarqoq ishlarini o‘zi bilmagan holda sabablarini keltirib qo‘yish bilan tartibga solib, fikrlarini jamlab qo‘yadi.
“Dunyo unga oqib kelaveradi” degani uning taqdiriga yozilgan va unga berilgan narsani anglatadi. “Istamasa ham”, ya’ni unga bo‘ysungan holda keladi. Uni izlash uchun ko‘p kuch sarflamaydi. Aksincha, istagidan qat’i nazar, unga osonlik bilan kelaveradi.
“Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa” degan ibora Mishkatda “Kimning niyati bu dunyo saodatini izlash bo‘lsa” degan jumla bilan kelgan. “Alloh uning ko‘zini kambag‘alligidan boshqa narsani ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi”, ya’ni yaratilgan narsalarga muhtojligini ko‘z oldiga keltirib qo‘yadi. “uning ishlarini o‘ngidan kelmaydigan qilib qo‘yadi” degani, uning tartibli ishlarini parokanda qilib qo‘yadi. “Dunyodan o‘ziga belgilanganidan ortiqchasini ololmaydi” ya’ni, o‘z istagi bilan intilishiga qaramay, talabiga erisha olmaydi.
Imom Ibnul Qayyum rahimahulloh aytadilar: “Kishining ertalabki va kechqurungi tashvishi faqat Yolg‘iz Alloh bo‘lsa, U Zot uning barcha ehtiyojlarini hal qiladi. O‘ziga tegishli bo‘lgan hamma narsani undan olib, qalbini Alloh ishqi uchun, tilini zikr uchun, tana a’zolarini esa itoat uchun burib qo‘yadi. Ammo uning ertayu kech tashvishi faqat dunyoni topish bo‘lsa, Alloh Taolo uning g‘am-tashvishlari va mashaqqatlari bilan tashlab qo‘yadi…”.
Aziz birodarlar!
Dunyoni sevish va u bilan ovora bo‘lish Alloh Taologa bo‘ysunib, Unga chinakam ibodat qilishdan burib qo‘yadi. Bu haqda juda ko‘p oyatlar va hadisi sharaflar kelgan. Yuqoridagi hadisi sharif shular jumlasidandir. Bu hadisi sharif bizga unutganlarimizni eslashimiz, ko‘nglimizni xotirjam qilishimiz, bu dunyoni va unga bo‘lgan muhabbatni tark etishimiz, Allohning rizoligi hamda dunyo va oxirat saodatini izlashga undaydigan harakatlantiruvchi kuchni paydo qilishimiz uchun aytilgan
زُيِّنَ لِلنَّاسِ حُبُّ الشَّهَواتِ مِنَ النِّساءِ وَالْبَنِينِ وَالْقَناطِيرِ الْمُقَنْطَرَةِ مِنَ الذَّهَبِ وَالْفِضَّةِ وَالْخَيْلِ الْمُسَوَّمَةِ وَالأَنْعامِ وَالْحَرْثِ ذلِكَ مَتاعُ الْحَياةِ الدُّنْيا وَاللهُ عِنْدَهُ حُسْنُ الْمَآب
“Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tikinlar kabi istak-xohishlarga ko‘ngil qo‘yish chiroyli qilindi. Holbuki, bu narsalar hayoti dunyoning (o‘tkinchi) narsalaridir. Allohning huzurida esa eng go‘zal qaytadigan joy — jannat bordir. (Ya’ni o‘tkinchi narsalarga ko‘ngil bermay, haqiqiy go‘zallikni sevmoq lozim)”. (Oli Imron: 14).
Alloh Taolodan duo qilib so‘raymizki, U Zot bu dunyoni biz uchun eng katta g‘amga aylantirib, ilmimizning yetib borgan chegarasi qilib qo‘ymasin.
Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.
09 Jummadul Uvla, 1446h yil.
11 Noyabr, 2024m yil.