Ixtiloflar kuchaygan Amerikadagi saylov
Dunyodagi yetakchilik mavqeini saqlab qolish uchun bor kuchi bilan harakat qilayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda respublikachilar nomidan ishtirok etgan sobiq prezident Donald Tramp 6 noyabr kuni o‘z g‘alabasini e’lon qildi. Unga saylovchilar kollegiyasining 300ga yaqin a’zosi ovoz berdi. Saylovda g‘alaba qozonish uchun 270 nafar vakilning ovozi yetarlidir. Demokratlar nomidan o‘z nomzodini qo‘ygan vitse-prezident Kamala Xaris esa, saylovdagi mag‘lubiyatini tan olib, Trampni tabrikladi.
Dunyodagi eng yirik kapitalistik davlat bo‘lgan Amerika siyosiy tizimida raqobat faqat ikki partiya o‘rtasida bo‘ladi. Bu partiyalarning ikkalasi ham saylovlarda kapitalistik kompaniyalarga tayanadi. Tanlovni xalq emas, yirik kapitalistik kompaniyalar amalga oshiradi. Ma’lumki, yirik kompaniya egalari Amerika xalqini u yoki bu nomzodga ovoz berishga yo‘naltiradi. Bir qarashda hokimiyat xalqqa tegishlidek tuyulishi mumkin, lekin aslida hokimiyat, qaysi bir nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar sarflay oladigan yirik kompaniyalarga tegishlidir. Ushbu saylovda tashviqot tadbirlariga sarflangan mablag‘ rekord darajaga – 15,9 milliard dollarga yetgani ham buni tasdiqlaydi. Taqqoslash uchun, Tramp va Klinton o‘rtasidagi 2016 yilgi bellashuvda saylovoldi kampaniyaga 6,5 milliard dollar sarflangan edi. Saylovda Klinton ko‘pchilikning ovozini (60 556 142) qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ammo u saylovchilar kollegiyasida atigi 232ta ovoz oldi. Xalq ovozining oz qismini (60 116 240) qo‘lga kiritgan Tramp esa, saylovchilar kollegiyasida 306 ovozga ega bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Amerika saylovlarida xalq emas, saylovchilar kollegiyasining ovozi muhimdir.
Amerika tizimi ko‘plab institutlar tomonidan nazorat qilinadi, ularning har biri kuchayib-zaiflashib turadigan vakolatlarga ega. Buning sababi ikki partiya tuzilgan davrga borib taqaladi. Demokratlar partiyasi 1828 yilda yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida tuzildi. Bu partiya Janubiy Amerika, Afrika va boshqa mintaqalardan qul olib keladigan quldorlarga tayangan. Shuning uchun u arzon ishchi kuchi va eksport tovarlariga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Amerika xalqaro siyosatda yetakchi maqomni qo‘lga kiritdi. Demokratlarni qo‘llab-quvvatlagan kapitalistlar ishlab chiqarishni Xitoy va Hindiston kabi ishchi kuchi arzon bo‘lgan mamlakatlarga ko‘chira boshladi. Natijada demokratlarning manfaatlari o‘zgarib, ular hokimiyat tepasiga kelgan davrlarda bojxona to‘lovlarini kamaytirish va mahalliy kapitalistlarga soliqlarni ko‘paytirish yo‘liga o‘tdi. Shuningdek, demokratlar texnologiya kompaniyalarining egalari bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, tashviqot ishlari va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishda bu kompaniyalardan muvaffaqiyatli foydalanib kelmoqda. Xususan, o‘tgan saylovda koronavirus va karantin cheklovlari tufayli ushbu kompaniyalarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar ularning kapitalini bir necha barobar oshishiga olib keldi. Misol uchun, “Amazon” kabi kompaniyaning daromadi va uning bozordagi qiymati juda oshib ketdi. Hatto u 24 soat ichida 6 milliard dollar daromad olish darajasiga yetdi.
Respublikachilar partiyasi “demokratiya” deb baqirishni ko‘p ham yoqtirmaydi. U ko‘pincha takabburlik va kekkayish yo‘lini tutadi. Respublikachilar partiyasi 1854 yilda Amerikada go‘sht va teri ishlab chiqarishning jonlanishi va bu sanoatda savdoning o‘sishi natijasida tashkil topgan. Keyinchalik neft va energetika kompaniyalari, yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar manfaatlari ushbu partiyada birlasha boshladi. Zero, kapitalistlarning bu sohadagi manfaatlari demokratlarnikidan farq qiladi. Respublikachilar partiyasi yirik kompaniyalar uchun soliqlarni tushirish va ijtimoiy xarajatlarni kamaytirish yo‘nalishida ish olib boradi. Chunki respublikachilar mahalliy qurol va neft kompaniyalarining egalariga tayanadilar. Shuning uchun Tramp o‘z boshqaruvi davrida neft magnatlarini qo‘llash sifatida, Amerikani Parij kelishuvidan olib chiqdi. Ish o‘rinlari yaratish bahonasida korporativ soliqlarni qisqartirdi. Ularning ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa va Xitoydan kelayotgan tovarlarga bojxona to‘lovlarini keskin oshirdi. Tramp bu bilan mamlakatda o‘ziga qarshi shafqatsiz dushmanlar yaratayotganini anglamadi.
Natijada, Amerikadagi kapitalistlar ikki lagerga bo‘lindi: Birinchisiga demokratlar partiyasining vakili bo‘lgan texnologiya kompaniyalari hukmronlik qilmoqda. Ikkinchisida esa respublikachi neft va energetika kompaniyalari ustunlik qiladi. Bu ikki lager yana ham bo‘linishga tayyorlanmoqda. Boshqacha aytganda, AQSH shtatlaridagi bo‘linishlarda ham, nomzodlar ortida turgan yirik kompaniyalar manfaatlarida ham ushbu bo‘linishlarni ko‘rish mumkin. Bu kompaniyalar o‘z rejalarini siyosatchilar orqali amalga oshirganligi sababli siyosatchilar o‘rtasida ham keskin bo‘linish yuzaga keldi.
Shu bilan birga, Amerika shtatlari orasidagi tafovut ham kuchaydi. Demokratlar nazorati ostidagi shtatlar neft kompaniyalariga qarshi qonunlar qabul qildi. Misol uchun, Kaliforniyada havo ifloslanishini nol darajaga tushirish va 2035 yilgacha to‘liq elektr transport vositalariga o‘tish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Neft kompaniyalari nazorati ostidagi Texas kabi shtatlar esa, “yashil” sanoat korxonalarini, ya’ni havoga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirish siyosatini amalga oshiruvchi korxonalarni qora ro‘yxatga kiritdi.
Endi saylov natijalariga ta’sir qilgan holatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ilon Mask kabi texnologiya sohasidagi gigantlar bu safar saylovda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Shuningdek, 1970 yildan buyon demokrat nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan millionlab obunachilarga ega “Volt Strit” jurnali ham bu saylovda neytral pozitsiyani egalladi. Bunga jurnal egasi, milliarder Jeff Bezosning qarori asos bo‘ldi.
So‘ngra respublikachilar va demokratlar boshqaruvi davrida Amerikaning xalqaro maydondagi mavqei pasayib ketganligi bois, ular buni saqlab qolish uchun o‘zgarishlar zarur, degan kayfiyatni vujudga keltirishdi. Masalan, Tramp prezident bo‘lsa, Ukraina va Falastindagi urushni bir kunda tugatishini ma’lum qildi. Keyin ular yahudiy lobbilarining ovozlarini qo‘lga kiritishga harakat qilishdi. Aynan shu holatlar amerikaliklar kayfiyatining Tramp foydasiga o‘zgarishiga turtki bo‘ldi.
Endi Tramp prezidentligi davrida kutilayotgan vaziyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Tramp o‘z strategiyasini “Loyiha 2025” asosida amalga oshirishi kutilmoqda. Loyiha Vashingtondagi o‘ngchi “Heritage Foundation” tahlil markazi tomonidan “soya hukumatni yo‘q qilish” nomi ostida ishlab chiqilgan. Tekshiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, Trampning sobiq ma’muriyatida ishlagan kamida 140 kishi mazkur loyihada ish olib borgan. «NPR» veb-saytiga ko‘ra, loyiha rejasi 920 sahifadan iborat bo‘lib, to‘rtta asosiy omil: siyosiy kun tartibi, kadrlar, treninglar va 180 kunlik harakatlar rejasiga asoslanadi.
Tramp ma’muriyatining sobiq rasmiylari rahbarlik qilayotgan ushbu loyiha minglab davlat xodimlarini ishdan bo‘shatish, prezident vakolatlarini kengaytirish, shuningdek yirik kompaniyalarga keng ko‘lamli soliq imtiyozlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bu holat, o‘ngchi elitalar Amerikani nafaqat tashqi siyosatda, balki ichki siyosatda ham erkinlik yo‘nalishiga zarar yetkazuvchi diktaturaga aylantira olishidan dalolatdir.
Xulosa qilib aytganda, imperiyalarning tanazzulga yuz tutib qulashi odatda to‘satdan sodir bo‘lmaydi. Qulashning sabablari yuqoridagi ixtiloflarning ko‘payishidan aniq ko‘rina boshladi. Amerika allaqachon tanazzulga yuz tuta boshlagan. Bu xom hayol yoki shunchaki orzu emas. Hattoki ko‘plab amerikalik mutafakkirlar ham buni tan olishib, Amerikaning tanazzuli va qulashi haqida ko‘plab kitoblar yozishdi. Biroq xalqaro maydonda jahon yetakchiligi uchun AQSH bilan raqobatashadigan mafkuraviy davlatning yo‘qligi Amerikani haqiqiy halokatini kechiktirib turibdi. Bu mafkuraviy davlat yaqinda Alloh Taoloning yordami bilan barpo etiladigan Payg‘ambarlik Minhoji asosidagi ikkinchi Roshid xalifalik davlati bo‘ladi.
Alloh Taolo aytadi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ تَنصُرُوا اللهَ يَنصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ﴾
“Ey mo‘minlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (ya’ni Uning yo‘lida jihod qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va jang maydonida kadamlaringizni sobit-barqaror qilur”. [47:7].
Mumtoz Mavarounnahriy