Insonlarni qiyin ahvolga solgan qashshoqlik

78
0

Insonlarni qiyin ahvolga solgan qashshoqlik

BMTning Taraqqiyot Dasturi va Oksford universiteti qashshoqlik bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Ushbu yangi tadqiqotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir milliarddan ortiq odam o‘ta qashshoqlikda hayot kechiradi, ularning yarmi urushlardan jabr ko‘rgan mamlakatlarda yashaydi. Dunyodagi kambag‘allarning yarmidan ko‘pi (584 million) 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Umuman olganda, dunyoda bolalarning deyarli 28 foizi qashshoqlikda yashaydi.

Bu va boshqa statistik ma’lumotlar dunyoda qashshoqlik va adolatsizlik kundan-kunga ortib borayotganidan dalolat beradi. Dunyo adolat va farovonlikka emas, tubsiz jarlikka qarab ketmoqda. Bugungi kunda aholining aksariyati tibbiyot, ta’lim kabi ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish u yoqda tursin, asosiy ehtiyojlarini ta’minlashga ham qodir emas, hattoki o‘z qornini to‘ydirishga qurbi yetmayapti. “Hozirgi kunda har kuni 30000ga yaqin yosh bolalar ochlikdan vafot etadi”. (BMT).

Balkida kamroq oziq-ovqat ishlab chiqarilib, shuning uchun odamlar qashshoqlikda yashayotgandir, degan savol tug‘ilishi mumkin. Biroq, aynan mana shu BMTning hisobotlariga asoslanib aytadigan bo‘lsak, yer sayyoramizda dunyo aholisiga yetib-ortadigan miqdorda juda ko‘p oziq-ovqat ishlab chiqariladi. Ammo bu miqdorning yarmi axlatga tashlanadi. “Yiliga 1,3 milliard tonna oziq-ovqat axlatga tashlanadi”. (BMT). Shu bilan birga, Oksfam hisoboti shuni ko‘rsatadiki, dunyodagi 2153 nafar milliarder dunyo aholisining 60 foizini tashkil etuvchi 4,6 milliard kishining boyligidan ko‘proq boylikka egalik qiladi. Dunyo aholisining 1 foizini tashkil etuvchi eng boy kapitalistlarning mulki dunyodagi 89 foiz faqirlarning mulkiga tengdir.

Bu holat biz yashayotgan hozirgi kapitalizmning tubanligi, adolatsizligi va zulmini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Kapitalizmning mohiyati manfaat bo‘lganligi sababli, yetarli miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqarilgan taqdirda ham, unga daromad manbai sifatida qaraladi. Ya’ni puling bo‘lsa olasan, puling bo‘lmasa och qolaverasan, hatto ochlikdan o‘lsang ham. Buning sababi shundaki, kapitalizmda insoniy qadriyat yo‘q. Uning asosiy maqsadi va qiymati – manfaatdir. Shuning uchun ham oziq-ovqat iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lganligi tufayli kambag‘allar soni milliardlarga yetdi, hatto har kuni 30 ming yosh bola ochlikdan o‘lmoqda.

Bu yomon ahvoldan chiqish uchun bunga sabab bo‘layotgan kapitalizmni ildizi bilan yo‘q qilish lozim. Chunki kapitalizm kambag‘allarni yanada kambag‘allashtirib, boylarni yanada boyishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun kapitalizm yo‘q bo‘lmaguncha bunday zulm, adolatsizlik va qashshoqlik hech qachon tugamaydi, aksincha, bu holat yanada og‘irlashishi mumkin.

Bugun dunyo ahli kapitalizmning yovuzligi va yaroqsizligini avvalgidan ko‘ra ko‘proq anglab yetdi. Dunyo ahli muqobil tuzum izlamoqda. Bu muqobil tuzum esa – Islomdir! Faqat Islomgina adolat va farovon hayot bilan ta’minlashga qodirdir. Islom qashshoqlik masalasiga ham, boshqa masalalarga ham, hal qilinishi kerak bo‘lgan insoniy muammo deb qaraydi. Islom insoniy muammolarga iqtisodiy jihatdan yondoshmaydi. Aksincha, unga hal qilinishi vojib bo‘lgan muammo deb qaraydi. Davlat resurslari va xalqning qazilma boyliklarini insonlarning muammolarini hal etishga sarflaydi. Islomda yer osti va usti qazilma boyliklari kapitalizmda bo‘lgani kabi yakka shaxslarga yoki xorijiy davlatlarga berib yuborilmaydi. Mineral boyliklar xalq mulki bo‘lib, har bir fuqaroga taqsimlanadi va qashshoqlikni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun sarflanadi.

Horun Abdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.